Kontent qismiga oʻtish

Nyuiva

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Nyuiva - qadimgi Xitoy (daosizm) diniy e’tiqod tizimiga kirgan panteondagi eng ulugʻ ma’budlardan biri hisoblanib, u insoniyatni yaratuvchi, yer yuzini suv toshqinidan saqlovchi hamda nikoh va oila homiysi sifatida e’zozlangan. Rivoyatlarda Nyuiva inson kabi bosh va qoʻl hamda ilon singari tanaga ega ma’bud shaklida tasvirlangan. Uning ismi xitoy tilida “Nyu Gua” tarzida talaffuz qilinib, bunda “Gua” shilliqqurtsimon jonzotni bildiradi. Qadimgi Xitoy diniy e’tiqodiga koʻra, ba’zi mollyuska, hasharot va sudralib yuruvchi jonzotlar oʻzining tashqi qobigʻi (teri)ni oʻzgartirish, tanasini yoshartirish va hatto, abadiylik baxsh etish qobiliyatiga ega boʻlgan. Shu jihatdan, Nyuiva ham yetmish marotaba qayta tugʻilgan va u har bir tugʻilishida borliq yangi oʻzgarishga yuz tutgan, deb ishonilgan. Shu bilan birga, rivoyatlarda kelishicha, Nyuiva oʻta qudratli boʻlgan va undan yana oʻnta ma’bud dunyoga kelgan. Boshqa bir afsonaga binoan, Nyuiva va uning ukasi Fusi ilk ilohiy juftlik sanaladi. Arxeologik topilmalarda ular inson boshi va ilonsimon tana bilan bir-biriga yoki qarama-qarshi qarab turgan tarzida ifodalanganini koʻrish mumkin. Oʻz davrida, bahorning ikkinchi oyida muhabbat va nikoh timsoli sifatida ikkisiga atab qurbonlik va maxsus marosimlar oʻtkazilgan[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 309.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.