O'zaro raqobat
O‘zaro raqobat - oʻxshash ekologik ehtiyojlarga ega turlar orasidagi munosabatlardir. Bunday turlar birga yashaganda birining mavjudligi hamma vaqt ikkinchisining yashash imkoniyatlarini kamaytiradi. Raqobat bir turga mansub (tur ichidagi raqobat) va har xil turlarga mansub (turlararo raqobat) individlarning oziq, yashash joyi uchun va boshqa ekologik sharoitlar uchun kurashda namoyon boʻladi. Oʻzaro munosabatning bu shakli birga yashovchi ikki turga ham salbiy taʼsir qiladigan yagona ekologik munosabatdir.
Oʻzaro raqobatni quyidagi misollarda koʻrish mumkin. Yorugʻlik, suv va tuproqdagi mineral moddalar uchun oʻsimliklar oʻrtasida; bitta oziq manbayi boʻlgan oʻsimliklar uchun oʻsimlikxo'r hayvonlar, kemiruvchilar, chigirtkalar oʻrtasida; mayda baliqlar bilan oziqlanuvchi bir suv havzasida yashaydigan yirtqich baliqlar oʻrtasida; tovushqon va quyonlar bilan oziqlanadigan bo'ri va tulkilar o'rtasida, kemiruvchilar bilan oziqlanuvchi yirtqich qushlar oʻrtasida raqobat kuzatiladi.
Bir turga mansub individlarning oziq, yashash joyi va boshqa ekologik sharoitlarga ehtiyoji bir xil boʻlgani sababli tur ichidagi oʻzaro raqobat keskin, shiddatli kechadi. Oʻzaro raqobat populatsiyaning nimjon, zaif individlarining nobud boʻlishiga, kuchli, muhit sharoitiga koʻproq moslashgan individlarning yashab qolishiga, ya'ni tabiiy tanlanishga olib keladi.
Har xil turga mansub organizmlarning oziq, yashash joyi va boshqa ekologik sharoitlar uchun oʻzaro raqobati har ikki tur uchun ham zararlidir. Odatda bir xil sharoitda birga yashaydigan va bir xil ovqat bilan oziqlanadigan, ya'ni ekologik sharoitlarga ehtiyoji bir xil organizmlar biri boshqasini siqib chiqaradi. Turlararo raqobat rus biologi G. F. Gauze (1932) tomonidan yaxshi o'rganilgan. U o'z tajribasida oziqlanish xususiyatlari o'xshash bo'lgan infuzoriyalarning ikki turini pichan ivitmasida avval alohida idishlarda, soʻng bitta idishda ko'paytiradi. Alohida idishlarda infuzoriyalar normal ko'payib soni optimal darajagacha yetadi. Har ikki turni bir idishda koʻpaytirilganda esa, dastlab ikki turning soni avvaliga oʻsib boradi lekin keyinchalik birinchi turga mansub infuzoriyalar soni asta-sekin kamayib borib, so'ngra oziq muhitidan butunlay yoʻqolib ketadi. Bunda ikki turga mansub infuzoriyalar bir-biriga hech qanday salbiy taʼsir koʻrsatmagan, faqat bir turga mansub infuzoriyalarning oʻsish jadalligi ikkinchi turnikidan yuqori. O'zaro raqobatli munosabatlarda ekologik muhitga koʻproq moslashgan tur g'olib chiqadi. Ushbu tajribadan <<raqobatni cheklovchi prinsip>> deb ataluvchi qonun kelib chiqadi: ikkita o'xshash ekologik ehtiyojga ega turlar birgalikda yashay olmaydi, bir tur (raqobatbardosh tur) ikkinchi turni (kam raqobatbardosh) albatta siqib chiqaradi.
Agar birgalikda yashayotgan turlarning ekologik ehtiyojlari turlicha boʻlsa, ular ortasida raqobat kuzatilmaydi. Evolyutsiya jarayonida turlar birgalikda yashashga moslashadi. Masalan, o'troq yashovchi qushlar qish oylarida oʻzlariga kerakli oziqni turli joylardan izlash orqali oʻzaro raqobatni bartaraf etadi. Ayrim qushlar o'z ozini daraxtlardan izlasa, ayrimlari yerdan topadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ O'zaro raqobat.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |