Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston konservatoriyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(O'zbekiston Konservatoriyasidan yoʻnaltirildi)
Xalqaro nomi
THE STATE CONSERVATORY OF UZBEKISTAN
Asos solingan sanasi 1936-yil
Rektori Kamoliddin Oʻrinboyev
Manzili
Shayxontohur tumani, olmazor koʻchasi
,
Toshkent
Veb-sayti  konservatoriya.uz

Oʻzbekiston konservatoriyasi – Oʻzbekiston Respublikasi oliy musiqa taʼlimi davlat muassasasi, Markaziy Osiyodagi eng qadimgi konservatoriya. Toshkent shahrida joylashgan. Konservatoriya musiqa sanʼati sohasida respublikada yetakchi taʼlim muassasasi hioblanadi.

1934-yilda ochilgan Oliy musiqa bilim yurti negizida 1936-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi tashkil etilgan. Dastlabki yillarda Moskva konservatoriyasidan Oʻzbekistonga yuborilgan taniqli oʻqituvchilardan Viktor Tsukkerman, Lev Danilevich, Yuriy Fortunatovlar faoliyat olib borgan. Rossiya musiqa arboblarining ikkinchi toʻlqini Ulugʻ Vatan urushi yillarida evakuatsiya paytida Toshkentga kelgan. Bu universitetning tashkil topishiga va Oʻzbekistonda musiqa fanining rivojlanishiga xizmat qildi[1].

Konservatoriya uzoq vaqt davomida butun mintaqadagi musiqa muassasalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab kelayotgan Markaziy Osiyodagi yagona shunday muassasa edi. Konservatoriya bitiruvchilari qoʻshni sovet respublikalari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistonning yetakchi musiqali teatrlarida ishlaganlar[2].

Konservatoriya faoliyatining yoʻnalishlaridan biri Oʻzbekiston musiqa merosini oʻrganish edi. Milliy anʼana musiqa tarixi va nazariyasi kafedralari, 1972-yildan esa Sharq musiqasi maxsus kafedrasi tashkil etilgan. 1939-yildan V. A. Uspenskiy nomidagi Markaziy musiqa maktab-internati, hozirda iqtidorli bolalar uchun akademik litseyga aylantirilgan[3].

1976-yilda konservatoriyaga 19711975-yillarda konservatoriya rektori boʻlgan Muxtor Ashrafiy nomi berilgan[4].

2002-yilda Toshkent konservatoriyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi etib qayta tashkil etilgan[5].

Oʻzbekiston konservatoriyasida 5 ta fakultet, 24 kafedra, bakalavriat, magistratura, assistentstajyorlik, aspirantura va malaka oshirish bosqichlari, iqtidorli bolalar akademik litseyi mavjud. 1000 dan ziyod talaba va oʻquvchilar kompozitsiya, musiqashunoslik, xor va operasimfonik dirijyorligi, yevropa klassik, milliy va estrada yoʻnalishidagi ijrochilik (sozandalik va xonandalik turlari), zamonaviy texnologiyalar (musiqiy ovoz rejissyorligi), musiqiy pedagogika, tanqid va jurnalistika kabi ixtisosliklar boʻyicha taʼlim oladi (2005). Shuningdek, uning tarkibida musiqali teatr-studiya, simfonik, oʻzbek xalq puflama va estrada cholgʻulari orkestr va ansambllari (Faxriddin Sodiqov nomidagi „Maqom“ ansambli, bigbend, torli kvartetlar va boshqalar), xor jamoalari, „Milliy cholgʻular“ muzeyi va ilmiy ishlab chiqarish laboratoriyasi, Ixtisoslashgan ilmiy tekshirish markazi, „Musiqa“ nashriyoti, fonoteka, kutubxona, „Xalq musiqa ijodiyoti“ laboratoriyasi, ovoz yozish studiyalari faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston konservatoriyasida turli yillarda K. Lisovskiy, V. Uspenskiy, Y. Pekker, Nadejdin, M. Ashrafiy, A. Kozlovskiy, B. Zeydman, N.Yablonovskiy, Giyenko, H. Rahimov, N. Hoshimov, I. Akbarov, I. Rajabov, F. Sodiqov, F. Karomatli, F. Mamadaliyev, M. Reyson, A. Gekkelman, V. Poʻlatov va boshqalar dars bergan. Konservatoriyada 2004–2005-oʻquv yilida 50 nafar professor (S. Qobulova, T. Alimatov, Z. Haqnazarov, Q. Muhiddinov, O. Yusupova, F. Yanovskiy, A. Odilov, T. Gʻafurbekov, R. Yunusov va boshqalar), 70 dan ziyod dotsent faoliyat yuritgan[6].

Oʻzbekiston konservatoriyasida oʻquv jarayonining muhim bosqichi – ijodiy faoliyatidir. Konservatoriya jamoasi yiliga 300 dan ziyod turli konsert oʻtkazadi. Konsert ijrochilik faoliyatiga 38 ta Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist va boshqalar faxriy unvonlarga ega mutaxassislar, shuningdek, 80 dan ziyod xalqaro va respublika tanlov laureatlari oʻz hissalarini qoʻshadi. Konservatoriyaning ilmiy uslubiy faoliyati, asosan, oʻzbek mumtoz va zamonaviy musiqa, Markaziy Osiyo va jahon xalqlari musiqa ijodi, musiqa nazariyasi va tarixi, ijrochilik masalalari bilan bogʻliq.

2002-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan qurilgan yangi binosi (bosh meʼmor V. Spivak, meʼmorlar A. Kalislomov, R. Shokirov va boshqalar, rassomlar O. Xabibulin, V. Gan, R. Xudoyberganov va boshqalar) eng zamonaviy uskunalar va cholgʻular bilan taʼminlangan. Umumiy hajmi 35.180 kv.m ni tashkil etib, 305 auditoriya, 4 konsert zali, 4 ovoz yozish studiyasi, sport zallari va boshqalarni oʻz ichiga oladi.

Konservatoriya binosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1939-yilga qadar Toshkent konservatoriyasi Oliy musiqa bilim yurtining sobiq binosini egallab, keyinchalik meʼmorlar V. Brilevich, N. Goloshanov va A. Sidorovlar loyihasi boʻyicha qurilgan balet maktabi binosiga koʻchib oʻtgan. U „Stalin imperiyasi“ uslubida yaratilgan. Oʻtgan asrning 90-yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoyishi bilan Botir Zokirov koʻchasida milliy uslubda yangi bino qurilishi boshlangan. Eski binosi Hamza nomidagi musiqa kollejiga oʻtkazilgan va 2010-yilda buzib tashlangan[7].

Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasi tarkibiga 3 fakultet 15 ta kafedra kiradi:

MUSIQA SAN’ATI FAKULTETI

Akademik xonandalik va opera tayyorlov kafedrasi

Akademik xor dirijorligi kafedrasi

Maxsus fortepiano kafedrasi

Musiqa nazariyasi kafedrasi

Musiqa tarix va tanqid kafedrasi

Konsertmeystrlik mahorati kafedrasi

Kamer musiqasi kafedrasi

Kompozitorlik va cholg’ulashtirish kafedrasi


CHOLG’U IJROCHILIK FAKULTETI

Torli cholg’ular kafedrasi

Puflama va zarbli cholg’ular kafedrasi

Xalq cholg’ularida ijrochilik kafedrasi

Orkestr dirijorligi kafedrasi


MUSIQIY PEDAGOGIKA FAKULTETI

Musiqiy pedagogika kafedrasi

O’zbek tili va ijtimoiy fanlar kafedrasi

Fakultetlararo fortepiano ijrochiligi

2020-yilda konservatoriya rektori etib Kamoliddin Oʻrinboyev tayinlangan.

Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasida „MUSIQA“ ilmiy-metodik jurnali yiliga 4 marta, Yevroosiyo musiqa fanlari jurnalining onlayn versiyasi esa yiliga 2 marta chop etiladi.

  1. Ташкент // Музыкальная энциклопедия. — 1973—1982. Архивировано 2 oktyabr 2015 года.
  2. „Кафедра специального фортепиано“ (deadlink). Государственная консерватория Узбекистана. 2012-yil 18-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  3. „Государственная консерватория Узбекистана“ (deadlink). 2013-yil 11-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  4. „Ашрафи Мухтар Ашрафович“. www.tashkentpamyat.ru. 2011-yil 17-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 21-noyabr.
  5. „TOSHKENT DAVLAT KONSERVATORIYASINI O'ZBEKISTON DAVLAT KONSERVATORIYASIGA AYLANTIRISH TO'G'RISIDA“ (uz). O'zbekiston Davlat Konservatoriyasi. Qaraldi: 2015-yil 21-noyabr.[sayt ishlamaydi]Andoza:Недоступная ссылка
  6. „Ташкентская консерватория преобразована в Государственную консерваторию Узбекистана“. РИА Новости. Qaraldi: 2015-yil 21-noyabr.
  7. „Ташкент: От старой консерватории останется один орган“. www.fergananews.com. 2015-yil 22-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 22-noyabr.