Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Bahoiy Jamoasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'zbekiston bahoiylardan yoʻnaltirildi)
Oʻzbekiston Bahoiy jamoasi
Bir necha ayyol va erkak kishilar, eski rasim
Samarqand Bahoiy jamoasi, 1928-yil

Oʻzbekiston xududida ilk Bahoiylar (kirillcha "баҳоийлар", "баҳоийликлар") 19-asr oxirlarida, Bahoullohning izdoshlari qatagʻonga uchrab, Forsdan Turkiston hududiga koʻchishga majbur boʻlgan paytda paydo boʻla boshlagan.[1]

Tez orada Ashxobodda qoʻnim topgan kichik jamoa kengaya boshlaydi va birinchi ehromni, — yonida boshqa muassasalari: maktablar, kasalxonalar, bosma nashrlar va ayollar maktabi joylashgan Ibodatgoh quriladi.

Asta-sekin bahoiy jamoalari dastlab Samarqandda, keyin Toshkent va Buxoroda vujudga kela boshlaydi. Bu yerda ular Forsdagiga nisbatan ancha keng erkinliklarga ega boʻlib, oʻzlarining insonparvarlik va maʼrifatparvarlikka oid vazifalarini amalga oshira boshlaydilar. Taʼlimotning maʼnaviy va ijtimoiy tamoyillarini oshkora amalda  qoʻllagan bu jamoa aʼzolari atrofdagilarning hurmatini qozonib, har bir ishni nihoyatda halol va sidqidildan bajaradigan insonlar sifatida katta nufuz orttirgan edilar.

Taxminan 1918 yilda Toshkentda 1900-ga yaqin bahoiylar bor edi. Sobiq Ittifoqda dinga zulm siyosati davrida jamoalar qisqarib ketdi — 1963 yilga kelib butun SSSRda 200 ga yaqin bahoiylar bor edi. [2] 1980-yillargacha Sovet Ittifoqi boʻylab Bahoiy eʼtiqodi yana oʻsishni boshlaganiga qadar kam narsa maʼlum.[3] 1991 yilda Sovet Ittifoqining Bahoiy Milliy Ruhiy Majlisi saylandi, lekin tezda uning sobiq aʼzolari orasida boʻlinib ketdi.[3] 1992 yilda Ashxobodda joylashgan butun Markaziy Osiyo Mintaqaviy Milliy Ruhiy Majlisi tuzildi. [4] 1994-yilda Oʻzbekiston Milliy Ruhiy Majlisi saylandi.[2] [5] 2008 yilda sakkizta Bahoiy Mahalliy Ruhiy Kengashlari yoki undan kichikroq guruhlar hukumatdan roʻyxatdan oʻtgan.[6]

Mintaqadagi tarix

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sovet davridagi bahoiy jamoalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Toshkent Bahoiy jamoasi, 1932y

Bahoullohning hayotlik davrida Mirzo Abul-Fazl tashrif buyurgan paytlarda Samarqandda Bahoiy Eʼtiqodi mavjud boʻlgan.[7] Mirzo Abul-Fazl 1892 yili Samarqandda boʻlganida Tabrizlik Mirzo Haydar Alining savollariga javoban "Fasl-ul-Xitob" („Ishonchli dalillar“) kitobini yozadi. Shuningdek u Samarqandda ayrim protestant targʻibotchilariga ham dalillarni zohir etadi. 1910-yilda Samarqand Bahoiylar jamoasi oʻzining ilk Mahalliy Ruhiy Majlisini saylaydi, hamda maktab tashkil etadi va markaz quradi.

Lavhlaridan birida Abdul-Baho Samarqand jamoasiga shunday yozadi:

"… Qay davrda dunyoga kelib, qay asrda yashayotganingizni anglaysizmi? Ushbu davr Muborak Komillik davri va ushbu asr Ulugʻvor Ism zamonidir! … Gar biz ushbu zamonda baxtiyor va shodon boʻlmasak, unda yana qay zamonni kutib va yana qay vaqtni izlashimiz kerak? Bu zamon ulgʻayish zamoni; Bu zamon shodiyona majlislar zamoni!… [8]

Toshkentda Bahoiylar jamoasi kutubxona, fors va rus tillari maktablarini qoʻllab-quvvatlab, taxminan 1.900 ga yaqin aʼzolari boʻlgan, davlat organlarining ruxsati bilan katta yigʻilishlarni oʻtkazgan.[1] Toshkentda kutubxona — oʻquv zali va „Vahdat“ („Birlik“) nomli bahoiy nashriyoti ochilgan. 1916-yilda nashr etilgan Bahoullohning fors va arab tillaridagi duolari va bitiklari bugungi kunga qadar saqlanib kelmoqda. 1938 yilga kelib, koʻplab hibsga olishlar va dinga qarshi zulm siyosatidan butun Sovet Ittifoqi boʻylab bahoiylar qamoqxonalar va lagerlarga surgun qilingan.[4] SSSRning 38ta shahridagi bahoiy jamoalari oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Toshkentda bahoiylar soʻroq qilinib, qamoqqa olingan.[1] Toshkentlik Habibullo ogʻa Bokirov „Shimoliy dengiz va qutb oʻrmonlari yaqinida“ oʻn yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.[1]

Din taqiqlanganidan keyin Bahoiylar jamoasi hukumat qonunlariga boʻysunishdek oʻz tamoyiliga qatʼiy amal qilib, maʼmuriy boshqaruvdan voz kechadi, jamoaning mulki esa davlat mulkiga aylantiriladi. [9] 1946 yilga kelib butun Turkistonda faqat Ashxobod, Samarqand va Toshkentdagi jamoalar saqlanib qoladi. [1] Faqat 1963 yilga kelib SSSRda iliqlik deb ataladigan vaqt boshlanishi bilangina moʻminlar bayramlar va muqaddas kunlarni nishonlash uchun yigʻilish imkoniyatiga ega boʻladilar. Boshqa mamlakatlardagi jamoalar bilan uzilgan aloqalar tiklana boshlaydi. [10]

Ilk bahoiy moʻminlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Doktor Atoulloxon

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Doxtir Atoulloxon, 19 asr

Oʻzbekiston hududida, Samarqandda Eʼtiqodni qabul qilgan va umrining oxirigacha unga sodiq qolgan ilk bahoiy[11] harbiy vrach Atoulloxon edi.

Bir necha marta jarrohlikni amalga oshirib, mohir vrach sifatida tanilgan doktor Atoulloxon, 1902 yilda Sofiya Xoʻjaeva bilan turmush quradi. Doktor Atoulloxon Sadriddin Ayniyning yaqin doʻsti, bemorlari esa oʻsha davrning mashhurlari, misol uchun Halima Nosirova, Karim Zokirov kabilar edi.

Doktor Atoulloxon Oʻzbekistonda Bahoiy Eʼtiqodining boshida turgan, Samarqand Bahoiy jamoasi va Ruhiy Majlisining doimiy aʼzosi boʻlgan, xayrixohligi va ishiga sadoqati tufayli nafaqat oʻz jamoasi, balki musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar orasida ham hurmatga sazovor boʻlib „Tabib“ degan taxallusni olgan. [12]

1938 yilda, adovatli badhohlarning boʻhtoni bilan doktor Atoulloxon hibsga olinib, qamalgan.[13]

Bahoiy Taʼlimotining izdoshi boʻlgan, oʻsha paytlarda 87 yoshga etgan otasini tark etishni xohlamagan uning toʻngʻich oʻgʻli Habibulloh ham, otasi bilan birga qamoqqa olinadi. Ularning ikkalasi ham oʻsha (1938)  yili otib tashlangan va 1953 yilda toʻla  oqlanib obroʻsi tiklangan.

Shifokorlik kasbini doktor Atoulloxonning avlodlari davom ettirdilar va shu tariqa u kishi oʻzbek tabiblar sulolasining asoschisiga aylandi, oʻz navbatida ular oʻz yurtdoshlarini muvaffaqiyatli davolab, bu sohada ulkan zafarlarga erishdilar. Atoulloxonning sulolasi avlodlari orasida, Atoulloxonlar oilasidan  2 nafar Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi, 2 nafar fan doktori, 2 nafar xizmat koʻrsatgan fan arbobi, 7 nafar xizmat koʻrsatgan doktor va 14 nafar tibbiyot fanlari nomzodi boʻlgan.[14]

Vadud Mahmudiy (1898-1976)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vadud Mahmudiy, 1960 y.

Yana bir ilk dindor, taniqli Bahoiy va doktor Atoulloxonning safdoshi, adabiy tanqidchi va tarjimon, hamda oʻzini jadidchi [15]deb bilgan, umrining qariyb 30 yilini (1930 yildan 1959 yilgacha) oʻz dunyoqarashi tufayli surgun va qamoqda oʻtkazgan Vadud Mahmudiy edi. 1944-yilda mahbuslar orasida Bahoiy diniga mansublikda ayblanib, shu qamoqxonada 10 yilga hukm qilinadi [16]va 1959 yilda muddatini oʻtab, Samarqandga qaytib keladi.

Faylasuf, tanqidchi, tarjimon, shoir, yozuvchi, tojik va oʻzbek olimi, Vadud Mahmudiy 1897-yil 8-oktabrda Samarqand shahrida oʻqituvchi oilasida tugʻiladi. Samarqanddagi jadidlar maktabini oʻqib tugatadi. Soʻng Ufadagi „Aliya“ Oliy Maʼnaviy Taʼlim Muassasasiga oʻqishga kiradi va ushbu oliygohni tugatgach, Moskvadagi Biryusov nomli Adabiyot va Sanʼat Institutiga oʻqishga kiradi. 1919-yilda Samarqandga qaytgach, maktab oʻqituvchisi, Xalq Taʼlimi Boʻlimi mudiri, keyinchalik Samarqand xalq taʼlimi tizimida turli lavozimlarda ishlaydi. 1927 yilda diniy qarashlari tufayli partiyadan chiqariladi va 1930 yilda NKVD tomonidan hibsga olinadi va 3 yil lagerlarga va 3 yil Olmaota shahriga surgun qilinadi.

1936 yilda Samarqandga qaytib keladi va 1937 yilda yana Samarqand shahar NKVD tomonidan hibsga olinadi va 16 yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1959 yilda u ozodlikka chiqadi, 1964 yilda u butunlay reabilitasiya qilinadi[17].

Oʻzbekiston respublikasi mustaqillik davridagi bahoiylar jamoasi.

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bahoiy jamoasi, 2019 y.

1990-yilda Samarqand va Toshkentda Mahalliy Ruhiy Majlislari davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.[18] 1991 yilda Sovet Ittifoqi Bahoiylarining Milliy Ruhiy Majlisi saylanadi, biroq u tezda ittifoqning sobiq aʼzolari orasida boʻlinib ketadi.[19] 1992-yilda bosh qarorgohi Ashxobodda boʻlgan butun Markaziy Osiyo (Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston) hududiy Milliy Ruhiy Majlisi tuziladi.[4] 1994-yilda Oʻzbekiston Milliy Ruhiy Majlisi saylanadi.[5]

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yilda qabul qilingan „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“gi qonun asosida Samarqand, Toshkent, Buxoro, keyinchalik Navoiy, Qarshi, Jizzax va Oxangaron shaharlarida dindorlar saʼy-harakatlari bilan jamoalar qayta tiklanadi va rasmiy roʻyxatga olinadi hamda mahalliy kollegial organ,  ettita Mahalliy Ruhiy Majlislari saylanadi.

Qarshi shahridagi Bahoiylar jamoasi 2004-2005 yillarda rasman roʻyxatga olinganlik huquqini yoʻqotadi.[20] 2022-yilda Namangan shahrida ettinchi Bahoiy jamoasi rasman roʻyxatga olinadi. Oʻzbekistonning boy madaniy, etnik va til xilma-xilligini oʻzida aks ettirib, etti viloyat va shaharlarda Bahoiy Jamoalari faoliyat yuritadi (Wayback Machine saytida 2023-06-09 sanasida arxivlangan). Oʻzbekiston Bahoiylari jamiyatning xalq ravnaqi yoʻlida xizmat qilishdan iborat umumiy maqsadga ega barcha qatlamlari bilan hamkorlikka ochiqdir.[21]

Diniy birlashmalar faoliyati yangi prezident Mirziyoev Sh. M.ning hokimiyatga kelishi va „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“gi yangi qonun qabul qilinishi bilan rivojlana boshladi.[22] 2017-yilda Oʻzbekiston Bahoiylar hamjamiyati rasman roʻyxatga olingan boshqa konfessiyalar qatori konfessiyalararo muloqot va birdamlikni mustahkamlash va diniy jamoalar jamiyatning yanada rivojlanishiga qanday hissa qoʻshishi haqida umumiy qarashni shakllantirish maqsadida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Dinlararo kengashga aʼzo boʻldi.

Oʻzbekiston bahoiylari — ular kim va nima bilan shugʻullanadilar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻsmirlar uchun „Xayrli ish“ loyihasi

Oʻzbekiston Bahoiylari oʻz kuch-gʻayratini ona yurti ravnaqiga bagʻishlagan, uning maʼnaviy, ijtimoiy va moddiy sharoitini yaxshilashga intilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari Hamjamiyati, hamda jahon hamjamiyatining bir qismidir.[23]

Oʻzbekiston Bahoiylari oʻz mamlakatining xilma-xilligi va koʻp millatliligini aks ettiradi. Bahoiylar odamlarning keng doirasi oʻrtasidagi aloqalar Bahoullohning insoniyat birligi haqidagi qarashlarini amalga oshirishga yordam beradi deb biladilar. Bahoiylar Bahoullohning shaxsning qadr-qimmati va olijanobligini qoʻllab-quvvatlaydigan, madaniy xilma-xillikni qadrlab ulugʻlaydigan, shuningdek, uning barcha aʼzolari oʻrtasida ongli ravishda birlik va birodarlikni ragʻbatlantiradigan jamiyat haqidagi qarashlarini amalga oshirish  yoʻlida doʻstlari va qoʻshnilari bilan birgalikda mehnat qiladilar…

Oʻsmirlar uchun „Xayrli ish“ loyihasi

Bahoiylar har bir shaxs jamiyatda birdamlikni bunyod etish va saqlash, moddiy va maʼnaviy taraqqiyotga hissa qoʻshish uchun masʼul degan qarashdan ilhomlanadilar.

Bahoiylar ishonadilarki, jamiyatni, natijada butun insoniyatni birlashtirish jarayoniga har bir inson maqsadni chuqur his qilish tuygʻusi bilan toʻlib, jamoaviy hayotni qurishni oʻrganayotgan; keksalar oʻsib kelayotgan avlodlar uchun masʼul boʻlayotgan, yoshlar oʻz ukalari va singillariga axloqiy etakchilik qilayotgan, koʻp millatli jamiyatning abadiy madaniy va axloqiy qadriyatlari qayta tiklanib, asrlar davomida boshqalarning baxti va tinchligini saqlash, tanlov va harakat qilish erkinligini saqlab qolish uchun donolik koʻrsatilayotgan joylarda maʼnaviy va moddiy taraqqiyotga hissa qoʻshayotgan oila va mahalla darajasidan boshlab erishish mumkin. 

Navroʻz bayrami, Toshkent 2019y

Ular shunga aminlarki, har bir oila oʻz baxtini butun mahalla farovonligiga bogʻliq, deb hisoblaganida, ushbu joyning har bir aholisi barcha bolalar va oʻsmirlarning maʼnaviy, intellektual va jismoniy tarbiyasi, shuningdek uni hayotga amaliy tatbiq etish haqida suhbatlarga jalb qilinganida, erkaklar va ayollar, bolalar va kattalar jamiyat hayotida faol ishtirok etganida, qoʻl tutib hamkorlikda atrof-muhitga xizmat qilgandagina oilada chinakam totuvlikka erishiladi.

Turli ijtimoiy muammolarga tayyor echimlar taqdim etish istagidan xoli boʻlgan Bahoiylar jamoasi umumiy vatan ravnaqiga hissa qoʻshayotganlar bilan birgalikda oʻrganmoqdalar, shuningdek, Bahoullohning Taʼlimotidan va jahon Bahoiylar jamoasining Ul Zot Taʼlimotini jamiyatni yaxshilash yoʻlida qoʻllash boʻyicha kamtarona tajribasidan olingan tushunchalar bilan oʻrtoqlashmoqda. "Oʻzingiz yashayotgan asr ehtiyojlariga bor qalbingiz bilan kirishing - taʼkidlaydi Bahoulloh, - va fikru-yodingizni uning talab va ehtiyojlariga qarating".

Ikki tomonlama axloqiy maqsad

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahoiy Taʼlimoti insonni ilm izlashga, idrokka va Yaratguvchisi bilan tasavvufiy bogʻlanishga qodir ruhga ega boʻlgan botiniy olijanob mavjudot sifatida tasvirlaydi. Insonning maqsadi ikki tomonlamadir, yaʼni, maʼnaviy va intellektual jihatdan rivojlanish va oʻz hayotini boshqalarga xizmat qilish bilan hayot kechirish. Voqelikni mustaqil ravishda oʻrganish har bir insonning burchidir. Bahoiylar, inson bilim olishi va haqiqatni „boshqalarning fikri bilan emas, oʻz aql-zakovati bilan oʻrganishi, boshqalarning koʻzi bilan emas, oʻz koʻzi bilan koʻrishi“ kerakligiga ishonadilar. Har birimiz haqiqatni yolgʻondan ajratish qobiliyatiga egamiz. Biroq, haqiqatni oʻrganish jarayonida odamlar boshqalarning yordamiga bogʻliqdirlar. Bahoulloh Taʼlimoti ijtimoiy mavqei va kelib chiqishidan qatʼi nazar, taʼlim hamma uchun boʻlishi kerakligini oʻrgatadi. Bilim inson hayotida markaziy oʻrin tutadi, bilim orqali odamlar oʻz turmush sharoitlarini yaxshilaydilar va jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshadilar. Insoniyat yagona voqelikning turli tomonlarini birlikda tasvirlaydigan ikki bilim tizimi — fan va din asosida taʼlim olishi mumkin.

Manaviy va ruxiy tarbiya boʻyicha toʻgaraklar

Bahoiylar, ong bilan siylangan ruh „narsalarning asl mohiyatini oʻrganishga, barcha mavjudotlarning xususiyatlarini idrok etishga va borliq sirlarini ochishga qodirligiga hamda barcha fanlar, bilimlar, sanʼatlar, ajoyib yutuqlar, muassasalar, kashfiyotlar va korxonalar ong bilan siylangan ruhning aqliy qobiliyatidan foydalanish natijasi“ ekanligiga ishonadilar. Ruhning kuchlari duo, meditasiya va atrofdagilarga fidokorona xizmat qilish orqali mustahkamlanadi.

Ibodat va meditatsiya ruhlarni oziqlantiradi, ular odamlarga oʻz hayotlarida Yaratguvchining borligiga idrokli yondoshishlariga yordam beradi. Bahoiy Bitiklarida haqiqatning poydevori ustida mulohaza yuritishga va inson ruhini Olloh bilan yaqinroq munosabatlarga yaqinlashtiradigan koʻplab duolar mavjud.

Navroʻz bayramidagi ibodat qismi, Toshkent 2019y.

Shuningdek,  bu ibodatlar odamlarga qalbni Yaratguvchiga qaratib, mustaqil mulohaza va fikrlashga chorlaydi. Duolar boshqalar bilan birgalikda ham oʻqiladi, ular odamlar oʻrtasidagi birlik rishtalarini mustahkamlaydi, insonga oʻzning hayoti jamiyat hayoti bilan oʻzaro bogʻliqligini va bir butunning bir qismi ekanini koʻrishga yordam beradi. Biroq, ruhiyatda hayot kechirish uchun faqat ibodat qilishdan-da koʻproq narsalar zarur. Abdul-Baho shunday tasvirlaydi:

"Iymon deganda, birinchidan, ongli bilim, ikkinchidan, ezgu amallarning namoyon boʻlishi tushuniladi".

Insonlar oʻz eʼtiqodlariga muvofiq harakat qilgandagina va atrofidagi odamlarning hayotida faol ishtirok etgandagina inson hayotining maqsadiga erishiladi. Masalan, saxiy boʻlish uchun odamlar oʻz vaqtlari va moddiy resurslarini bagʻishlashlari kerak. Agar kimdir adolatga ishonsa, u koʻproq adolat istagini bildirishining oʻzi kifoya emas — u haqiqatan ham sabr-toqat bilan adolatga xizmat qilishi va uning timsoli boʻlishi kerak. Shu tariqa, shaxsiy komillikka erishish jarayoni insonning oʻz oilasida, jamiyatida va kasbida yaxshiroq dunyo yaratishga hissa qoʻshish saʼy-harakatlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

Jonli va farovon jamoalarni bunyod etishga hissa qoʻshish.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning koʻplab shaharlarida bahoiylar oʻz atrofidagilar bilan birgalikda Bahoullohning yanada inklyuziv jamiyat haqidagi qarashlariga mos keladigan jamoaviy hayot andoza-modelini qurishni oʻrganmoqdalar. Ushbu qarash jamiyatning har bir aʼzosi oʻz hissasini qoʻshishi va oʻz rolini ijro etishi kerakligini nazarda tutadi. Har xil yoshdagi va turli millat vakillarini umumiy maqsad — oʻz jamoalari farovonligi va gullab-yashnashiga hissa qoʻshish birlashtiradi. Bahoiylar mahalliy sharoit va madaniyatni hisobga olgan holda, aholining maʼnaviy va moddiy ehtiyojlariga javob berib, Ollohga itoat  va odamlarga xizmatdan iborat yagona jarayonni oʻzaro bogʻlashni amalda oʻrganishdagi oʻz intilishlarida sodiqdirlar. Yer yuzidagi barcha xilma-xil xalqlar oʻrtasida inklyuziv, mustahkam birlikka olib keladigan harakatlarni boshlangʻich darajada oldinga surish ishlari juda ulkan, deyarli tasavvur qilib boʻlmaydigan vazifa ekanligini bahoiylar tan oladilar. Shubhasiz, bir qadamga boʻlsa-da uni amalga oshirish yoʻlidagi har qanday saʼy-harakatlar, — avlodlar davomida — qaerda boʻlishidan qatʼi nazar, borgan sayin koʻpayib borayotgan ezgu niyatli odamlar va tashkilotlarni, albatta jalb qilishi zarur.

Bahoiy dinining asoschisi — Bahoulloh tavalludining 200 yilligini nishonlash

Kuchli va hamjihat jamoa hamma uchun ochiq, uning uchun aʼzolarining xilma-xilligi kuch manbaidir.

"Hech kimni begona deb bilmang", — deb taʼkidlaydi Abdul-Baho — "hammaga doʻst sifatida munosabatda boʻling, zero oʻzgachalik katta ahamiyatga ega boʻlgan joyda muhabbat va birdamlikka imkon yoʻq … Zero har bir mavjudot Ollohning alomatidir va faqat Rabbning marhamati va Uning irodasi bilan har bir jon dunyoga kelgan; shuning uchun ham odamlar orasida begonalar yoʻq, chunki ularning barchasi bir oila aʼzolaridir; begonalar yoʻq, faqat doʻstlar bor, va hammaga yaqin insoningizdek munosabatda boʻlish kerak".

Bahoiylar joylarda jamoaviy hayotni bunyod etishga qaratilgan yondashuvda bolalar va yoshlarning roliga alohida eʼtibor beradilar. Bolalar, jamoa ega boʻlishi mumkin boʻlgan eng bebaho xazina, zero kelajakning kafolati va umidi ularda mujassamdir. Barcha ota-onalar va kattalar barcha bolalar oldida alohida masʼuliyatga ega. Farzandlar insonlar uchun Ollohning omonati belgisi boʻlib, ularning farovonligi, axloqiy kamoloti, barcha jamiyat aʼzolarining umumiy tashvishidir. Bolalar, oʻsmirlar va kattalar uchun Bahoiy tamoyillariga asoslangan dasturlar intellektual, axloqiy va maʼnaviy qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan. Dasturlar, insonlar tabiatan olijanob boʻlib tugʻilishi haqidagi tushunchalarini oshiradilar va ularda atrof-dunyoga katta hissa qoʻshish qobiliyatini rivojlantiradilar. Bu mashgʻulotlarni jamiyatga xizmat qilish yoʻlida boshqalarni yoʻnaltirish va ularga hamrohlik qilish uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga intilayotgan har qanday jamiyat aʼzosi olib borishi mumkin. Oʻquv dasturining mazmuni ruhiy-maʼnaviy fazilatlarni rivojlantirish va ularni oilaviy va jamoaviy hayotda amaliy qoʻllashga qaratilgan.

Bahoulloh tavalludining 200 yilligini nishonlash

Jamoaning kollektiv hayotida shaxsni kamol toptirish va jamiyat ravnaqiga hissa qoʻshishdek ikki tomonlama maqsaddan tashqari, jamoaning ruhiy-maʼnaviy hayotini mustahkamlovchi yaratuvchi Kalom ustida mulohaza yuritish uchun muntazam uchrashuvlar oʻtkazish, Oʻn toʻqqizinchi kun Ayyomi va Muqaddas kunlarda ishtirok etish ham kiradi. Bahoiy kalendari quyosh taqvimi boʻlib, 19 kundan iborat boʻlgan 19 oyni tashkil etadi va har oy „Oʻn toʻqqizinchi kun Ayyomi“ deb nomlanuvchi jamoa yigʻilishi bilan boshlanadi. Bayramda jamoa aʼzolari birgalikda fikr-mulohaza, meditatsiya qiladilar va oʻrganilgan materiallar ustida fikr yuritib, umumiy ishlarni muhokama qiladilar va oʻzaro muloqotda boʻladilar. Yil davomida Eʼtiqodning tarixiy voqealari bilan bogʻliq toʻqqiz kun Muborak kunlar sifatida nishonlanadi. Shu kunlarda bahoiylar imkon qadar ishlamaslikka ragʻbatlantiriladi.

"Hamkorlik va totuvlik insoniyatning eng yuksak ehtiyojidir… Birodarlik va hamdoʻstlik rishtalari qanchalik mustahkam boʻlsa, yaratuvchilik qobiliyatlari, hamda, barcha faoliyat sohasidagi yutuqlar shunchalik oliy boʻladi". — Abdul-Baho

Jamoaning faoliyati fan va din bilimlariga asoslanadi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahoulloh, "olimlarning oʻzlari va butun insoniyat ulardan bahramand boʻla olishi  uchun" insonlar foydali bilim sohalarini egallashlari zarurligini yozib, har bir inson bilimli boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi.[24] Bahoiylar soʻnggi ikki-uch oʻn yillik davomida ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanishga koʻproq eʼtibor bera olganligi sababli, ular yuqorida aytib oʻtilgan "oʻrganuvchanlik madaniyati" "butun Bahoiy olamida ongli ravishda ildiz otdi", deb hisoblaydilar.[25] Bahoiylar, haqiqiy ilm va haqiqiy din oʻrtasida hech qanday qarama-qarshilik yoʻq,[24] bir biriga mutanosib boʻlishi kerak boʻlgan, biri moddiy va ikkinchisi ruhiy boʻlgan, voqelikning bu ikki manbasi, Ollohning inʼomlaridir,[26] chunki "ikkisi ham idrokning shartlari va xulosalariga asoslanadi va ikkalasi ham uning sinovidan oʻtishi kerak",[27] deb biladilar.

Binobarin bahoiylar, ilm-fan va dinni "bir-birini toʻldiruvchi bilim va amaliyot tizimi va ular yordamida odamlar atrof muhitdagi olamni tushuna bilishadi hamda ular vositasida sivilizasiya rivojlanadi"[25] deb qaraydilar, kimki "shunchaki mavjud bilimlarni egallash bilangina bogʻliq boʻlmagan (boʻlsa)… [balki] insoniyat manfaati uchun yangi bilimlarni yaratish bilan bogʻliq"[25] boʻlgan, yashashga qobil, yangi narsalarni oʻrganish holatida boʻlishdan umid qilsa, uning uchun bularning har ikkisi ham oʻrinlidir.

Adolat Uyi bilimning ijtimoiy mavjudlik uchun ahamiyatini shunday tavsiflaydi:

"Bilim olish imkoni, har bir insonning huquqidir,   uni yaratish, qoʻllash va tarqatishda esa  har kim oʻz isteʼdodi va qobiliyatiga koʻra ishtirok etib, farovon jahon sivilizatsiyasini barpo etish yoʻlidagi buyuk korxonada hamma oʻz zimmasiga olishi lozim boʻlgan masʼuliyatdir".[28]

Bu nuqtai nazar Bahoiylar uchun "chuqur ahamiyatga ega", chunki ular jamiyat farovonligini yaxshilashga intilmoqdalar, zero "bilimlarni tizimli ravishda yaratish, qoʻllash va tarqatish nafaqat ilmiy burch, bu diniy farz hamdir".[28] Bu tamoyil Bahoiy jamoasining jamiyatni bunyod etishdagi saʼy-harakatlarida "oʻz uslubida ilmiy"[28] boʻlishga intilishining asosiy sababidir. 

Bahoiylar, hozirda insoniyat aziyat chekayotgan son-sanoqsiz inqirozlarga nisbatan, oʻzlarida tayyor javob borligini daʼvo  qilmasalar-da,[29] ular Bahoullohning keng yozma taʼlimotlari majmuasida barcha ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan ruhiy tamoyillar mavjudligiga aminliklarini bildiradilar. Bahoiylar ishonadilarki, ruhiy tamoyillar „insonning xulq-atvori va ijtimoiy tashkiloti uchun fundamental darajada asos va tayanch nuqtasini taʼminlaydi“ va, shu tariqa, bir vaqtning oʻzida ijtimoiy muammolarning bir necha jabhalarini hal qiladi.[30]

Adolat Uyi shunday qayd etadi:

"Ruhiy tamoyilning eng muhim qadr-qimmati shundan iboratki, u nafaqat inson tabiatiga immanent tarzda xos boʻlgan narsaga hamohang keladigan istiqbolni taqdim etadi, balki, har safar muammolarni hal qilish uchun masʼul shaxslar „qoʻllanishi kerak boʻlgan tamoyillar“ni aniqlaganlarida va „ularni qoʻllab, rahbarlik qilganlarida“ amaliy chora-tadbirlarni topish va amalga oshirishga yordam beradigan munosabat, dinamika, iroda, intilishni ham uygʻotadi.[31]

Jamoa hayotining ruhiy qirrasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ibodat diniy hayotning ajralmas qismidir. Ular orqali har bir zamonda insoniyatni Yaratguvchi bilan bogʻlaydigan noyob rishta mustahkamlangan. Bahoiylar kollektiv duo va munojot "jamoaviy hayotning gullab-yashnashiga" hissa qoʻshadi va "shaxsning ruhiy rivojlanishini" mustahkamlaydi, deb biladilar. Shu tariqa, moʻminning hayotida ibodat oʻz Yaratguvchisi bilan muloqot qilish shakli sifatida fundamental ahamiyatga ega boʻlib, uning ruhiy yuksalishini shakllantiradi, aql-zakovatning chuqur ruhiy masalalarga nisbatan yuksak qabul qiluvchanligini uygʻotadi, ezgu amallarni ado etishga ruhlantiradi.

Bahoiylar yakka tartibda, oila davrasida duo oʻqiydilar, shuningdek, bizning madaniyatimizda odat boʻlgani kabi, oʻz doʻstlari va yaqinlarini hayotning ushbu jabhasini ular bilan baham koʻrish uchun taklif qiladilar.

Bunday uchrashuvlar ruhni yuksaltiradi, doʻstona rishtalarni mustahkamlaydi, turli eʼtiqodli odamlarni birlashtiradi, chunki turli xil taʼlimotlardagi va turli tillardagi duolar oʻqilishi mumkin va ular har qanday maʼruza, odat va marosimlardan xolidir.[32] Ruhiy qonun bahoiylarga har kuni Ollohga murojaat qilishni (namoz oʻqishni) buyuradi. Bahoiy Eʼtiqodida birgalikda oʻqiladigan (jamoat) namozi yoʻq. Bitiklarda ruhiy rivojlanishning yangi qirralari nozil qilingan. Ruhiy rivojlanish uchun namoz va ilohiy oyatlarni oʻqishni oʻzi etarli emas.

"Ibodat va meditasiya (eʼtikof) ruhiy hayotni mustahkamlash uchun juda muhim, vaholanki ularga ezgu amallar va namunali xulq hamroh boʻlishi kerak, chunki bu boshda aytilganlarning sezilarli natijasidir. Ikkisining ham tutgan oʻrni muhim".

Jamiyatdagi diskurslarga ishtirok etish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vaqt oʻtishi bilan, Bahoiy jamoasi sivilizatsiyani rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarining biri, jamiyatdagi diskurslarda ishtirok etish deb, atay boshladi. Bahoiylar, yanada adolatliroq va birlashgan jamiyat borasidagi diskurslarda ishtirok etish jarayonida, "haqiqiy global hamjamiyat paydo boʻla boshlashi va insoniyat farovonligining tabiatini, shuningdek, bunday farovonlik uchun zarur boʻlgan ijtimoiy va moddiy sharoitlar haqidagi tushunchalarini rivojlantirishi bilan, fundamental masalalarga nisbatan munosabat, fikr va konsepsiyalar oʻzgarishi kerak", deb taʼkidlaydilar.[33]

Bahoiylar bunday tub oʻzgarishlarni, fikrlashda yuz berishi kerak boʻlgan asosiy oʻzgarishlarning kaliti deb tushunganliklari sababli, shuningdek, ushbu sohalarda butun dunyo boʻylab roʻy berayotgan tajribadan olingan ichki basirat va yangi oʻrganilgan narsalar bilan almashinish, "inklyuziv prinsipiallik (hammani teng jalb qilish tamoyili asosidagi) madaniyati haqida mulohaza yuritish"ni xolisona shakllantirishga yordam berishi mumkinligiga ishonishadi.[33]

Shuning uchun ular, "global qiziqish uygʻotadigan muayyan muammolar qanday tushunilishini qayta koʻrib chiqish, voqelikni anglash asosida yotgan taxminlar va mushohida asosidagi (andozani) modellarni aniqlash, hamda, ilm-fan va din sohalaridan olingan basirat tushunchalardan foydalanish orqali yangicha yondashuvlar" deb bilgan narsalarni taklif qiladilar.[28]

Oʻz saʼy-harakatlari va majburiyatlarida, — mahalliy miqyosda oila, doʻstlar, qoʻshnilar va jamoat guruhlari; milliy miqyosda turli organlar; yoki xalqaro miqyosda Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki NNT hamjamiyatlari bilan boʻladimi, — Bahoiylar bidʼatlarni bartaraf etish va inklyuziv yagona qarorlar qabul qilish uchun moʻljallangan Bahoullohning "jamoaviy muhokama tamoyillariga asoslangan maslahatlashuv" haqidagi taʼlimotini doimo qoʻllashga intiladilar.[33]

Bahoiylar uchun, ishtirokchilar "oʻz fikrlarini erkin, ammo, odob bilan ifoda etishga ragʻbatlantiradigan" har qanday maslahatlashuv jarayonining maqsadi, "kollektiv maqsadlar va harakat usullarining ravshanlashishi va ustunlik qilishi mumkin boʻlgan axloqiy va intellektual muhitni" yaratish uchun boy qarashlar spektrining namoyon boʻlishiga yordam berishdir.

Jamiyatning barcha darajalariga xos ijtimoiy makonlarda, insoniyat farovonligi va taraqqiyotining hozirgi holati bilan bogʻliq (diskurs) suhbatlar  boʻlib turadi: yosh avlodning taʼlimi va tarbiyasining oʻrni, oila institutini mustahkamlash, ayollar va erkaklar tengligi, tinchlik oʻrnatish masalalari shular jumlasidandir.

Bahoiy jamoasining har bir aʼzosi, hoh mahalliy jamoa hayotidagi ishtirokida, hoh ijtimoiy faoliyatida, yoki oʻqish, mashgʻulotlar jarayonida, yoxud kasbiy faoliyatidagi suhbatlarda bahoiy taʼlimotiga asoslangan shaxsiy qarashlarini taklif qilar ekan, boshqalar bilan birgalikda va boshqalardan oʻrganib, ochilib borayotgan diskurslarda samarali ishtirok etishga harakat qiladi.

Ayni paytda, milliy darajadagi Bahoiy jamoasining diskurslar boʻyicha Idorasi jamoat farovonligiga yordam beruvchi gʻoyalarni ilgari surish uchun, turli usullar bilan, hissa qoʻshishga harakat qilmoqda. U, konfessiyalararo muloqot va birgalikda yashash, ayollar mavqei, taʼlim, bolalar va oilalar farovonligi kabi mavzularda tez-tez maʼruza va bayonotlar taqdim etib, turli jamoat va davlat diskurs makonlarining faol ishtirokchisi boʻlishga intilmoqda. Qaysi darajada oʻtkazilishidan qatʼi nazar, bahoiylarning diskurslardagi ishtirokining maqsadi, boshqalarni maʼlum bir masala boʻyicha bahoiylar pozitsiyasini qabul qilishga ishontirishdan iborat emas. Faoliyatning bu sohasidagi saʼy-harakatlar, jamoatchilik bilan aloqalar yoki ilmiy izlanishlar faoliyatida olib borilmaydi. Aksincha, Bahoiylar oʻrganmoqlik yoʻlini tutishga va samimiy suhbat qilishga intiladilar. Shu tariqa, ular iqlim oʻzgarishi, ayollarga nisbatan zulm, odamlarning birlashishiga toʻsqinlik qilayotgan xurofot va urfu-odatlar kabi jamiyat oldida turgan muammolarni hal etishni muayyan, tayyor echimini taklif qilmaydilar. Shunga qaramay, turli joylarda Bahoiylar Bahoulloh taʼlimotini jamiyatning rivoji yoʻlida qoʻllashda oʻz saʼy-harakatlaridan oʻrgangan narsalarni baham koʻrishga, shuningdek, boshqa hamfikrlar va guruhlardan oʻrganishga intiladilar.

Jamoaning konfessiyalararo va millatlararo bagʻrikenglik boʻyicha diskursni ilgari surishdagi hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahoiy taʼlimotining ruhiy tamoyillaridan biri itoat va oʻrganmoqlik holatining namoyon boʻlishidir. Bahoiylar, ixtilof va tortishuvlarni ortda qoldirib, barcha dinlarning izdoshlari bilan doʻstlik va muhabbat ruhida muloqot qilishga chaqiradi. Gar odamlar oʻzlarining shaxsiy eʼtiqodlari ustunligini taʼkidlash oʻrniga, itoat koʻrsatishni oʻrgansalar, bu holda ular bir-birlaridan oʻrganishni boshlaydilar. Bahoiy jamoasining dinlararo muloqotga sodiqligi doʻstona muloqot birlikni mustahkamlaydi, degan ishonchdan kelib chiqadi. Bahoiylar, turli darajadagi odamlar bilan munosabatda boʻlib, ular bilan umumiy yoʻl — birgalikda yaxshiroq dunyoni yaratish yoʻlini topishga intiladilar. Bahoiylar barchani hamma uchun ochiq boʻlgan kuchli va birdam jamiyatni qurish uchun hissa qoʻshishga chaqiradilar. Bunday jamiyat oʻz aholisining xilma-xilligidan kuch oladi.

20-asrning boshlaridayoq Bahoullohning vorisi va toʻngʻich oʻgʻli Abdul-Baho shunday yozgan edi[sayt ishlamaydi]:

"Hech kimni begona deb bilmang. Hammaga doʻstga kabi munosabatda boʻling, zero farq va oʻxshamaslikka katta eʼtibor boʻlgan joyda muhabbat va birlikka imkon yoʻq… Zero, har bir mavjudot Ollohning alomatidir va faqat Rabbning marhamati va Uning irodasi bilan har bir jon dunyoga kelgan; shuning uchun ham odamlar orasida begonalari yoʻq, chunki ularning barchasi bir oila aʼzolaridir; yotlar yoʻq, zero faqat doʻstlar bor, va biz hammaga yaqinlarimizdek munosabatda boʻlishimiz kerak".

Oʻzbekiston Bahoiylari uchun konfessiyalararo faoliyatlarda ishtirok etish soʻnggi yillarda chuqur fikr yuritishlariga sabab boʻldi.

Konfessiyalararo muloqot yoʻlida tashkil etilgan forumlarning salohiyati qanday?

Bu harakatning bugungi maqsadi va umidlari qanday?

Jamiyatimiz farovonligida dinning oʻrni qanday?

Qanday qilib biz maʼnaviy tamoyillarga asoslangan, va bundan ham uzoqqa boradigan bu tamoyillarning, bugungi betartib dunyoning barcha murakkab jabhalarida qoʻllanishini oʻrganishga intiladigan diskursda qatnashishimiz mumkin?

Bahoiylar dinni, bitta eʼtiqod yoki konfessiya doirasidan tashqaridagi, nodir fenomen deb hisoblab, keng maʼnoda koʻrib chiqishni taklif qiladilar. Dinlararo muloqotda ishtirok etishdagi maqsadlaridan biri, umumiy tamoyillarni ishlab chiqish va ularni qoʻllash boʻyicha tajriba bilan boʻlishishdir. Asosiy masala — yanada tinchroq va adolatliroq jamiyatga intilish. Bu maʼnoda, dinni, jamiyatning rivojlanishiga yordam beradigan gʻoyalar va qadriyatlarni taklif qiluvchi, komillik sari oʻsayotgan bilim va amaliyot tizimi sifatida koʻrish mumkin.

Bahoiylar, Oʻzbekistondagi barcha diniy konfessiya vakillaridan iborat Konfessiyalararo Kengashning tashkil etilishi, albatta, ushbu jarayonni sezilarli darajada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb biladilar. Bahoiylar dinlararo faoliyatga vaqt va resurslarni sarflashda davom ettirishning  katta ahamiyatga ega ekanligini koʻrmoqdalar. Hamma qadam ba qadam oʻrganmoqda. Hamma sodir boʻlayotgan voqealar haqida umumiy tushuncha hosil qilish uchun bir-birini tinglashni, mulohaza yuritishni va muloqot qilishni oʻrganmoqda. Bundayin sharoitlarda, hamma uchun umumiy boʻlgan narsalarga tayanish muhim — aslida ham bunday umumiy narsalar juda ham koʻp.

Konfessiyalararo faoliyat hozirgi kunda turli xil shakllarga ega boʻlmoqda. Baʼzi guruhlar birinchi navbatda oʻzaro doʻstlikka intilmoqda; boshqalari jamiyatdagi oʻzgarishlarga qaratilgan. Biz diniy turfaligimizni borgan sayin koʻproq anglamoqdamiz va inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga intilmoqdamiz. Dinlararo muloqot mamlakat kelajagiga umumiy qarashni shakllantirishda hal qiluvchi oʻrinni tutadi. Oʻzbekiston Bahoiylari konfessiyalararo faoliyatning rivojlanib borayotgan muloqotidan tashqari, yangi ufqlarni ham koʻrib chiqmoqdalar.

Bahoiylar jamiyatdagi oʻzgarishlar jarayonlarini chuqurroq oʻrganishga, hamda, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan gender tengligini ilgari surish, oila institutini mustahkamlash, atrof-muhitni yaxshilash, yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash sohasida ham hamkorlik qilishga intilmoqdalar.[34]

Jamoaning taʼlim sohasida diskursni ilgari surishdagi hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahoiylar har bir inson olijanob yaratilganligiga va hayotning maqsadi abadiy rivojlanib boruvchi tamaddunni ilgari surish ekanligiga ishonadilar. Binobarin, har bir inson oʻz yurtining faol, fidoyi fuqarosi boʻlish va oʻz atrofidagi jamiyat farovonligiga hissa qoʻshish salohiyatiga egadir. Bahoiylar bu salohiyatni Muqaddas Bitiklarni oʻrganish va mulohaza yuritish, shuningdek, insoniyatning toʻplangan bilimlari orqali namoyon boʻlishi mumkinligiga, bu esa oʻz navbatida musaffo fikrga, ezgu soʻzlarga, olijanob amallarga etaklab, hamohang tartibot va bilimga intilishga yoʻnalgan ichki kuchini uygʻotishiga aminlar. Bunday mulohazalar quvonchli va koʻtarinki muhitda individual hamda oila aʼzolari va qarindoshlar, doʻstlar va yaqinlar davrasida amalga oshiriladi. Bunday oʻrganishning har bir ishtirokchisi nihon kalimalarning maʼnosiga choʻmib, oʻrganganlarini shaxsiy hayoti va atrof-muhit hayoti bilan bogʻlab oʻz fikrlarini erkin baham koʻradi, oʻz qarashlarini boyitib, oʻrganilayotgan materialni tushunishda ilgari siljib borar ekan, boshqa ishtirokchilarning soʻzlarini diqqat bilan tinglaydi. Voqelikni mustaqil tadqiq qilishning bunday amaliyoti, „donolar“ va „johillar“ mavjud boʻlmagan sharoitda, ishtirokchilarda oʻzlarining chuqur savollarni tushunish qobiliyatiga ishonchini, oʻz kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni rivojlantiradi, shuningdek, mamlakat va uning xalqlari ravnaqiga koʻmaklashish uchun zarur boʻlgan qobiliyat va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni rivojlantiradi. Ishtirokchilar shu tariqa ozod etilgan yaratuvchanlik kuchlarini oʻz atrofidagilarga xizmat qilishga yoʻnaltirib, ular bilan jamiyatni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlar orqali birlashadilar.[35]

Ayollar va erkaklar tengligi boʻyicha diskursni ilgari surishda jamoaning hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ayollar va erkaklar tengligi va ayollarning maqomi mavzusi keskin koʻtarilmoqda. Bahoiylar jamoasi befarq qolmasdan, ayollar va erkaklar oʻrtasidagi tenglikni targʻib qilish boʻyicha turli darajadagi diskursda faol ishtirok etmoqda. Bu, Bahoiy Eʼtiqodining asosiy tamoyillaridan biri va butun dunyo boʻylab Bahoiylar jamoasi saʼy-harakatlarining ifodasidir. Bahoiylar jamoasi gender tengligi boʻyicha diskurslarga milliy va Umumjahon hamjamiyatining tajribasi nuqtai nazaridan oʻz hissasini qoʻshishga intiladi. Bahoiylar ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish va farovonligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi va gender tengligining yanada samarali va izchil mexanizmlarini yaratish uchun fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qiladi. Adolatliroq jamiyat barpo etishda hamma ishtirok etishi kerak boʻlgan oʻrinni eʼtirof etib, u ushbu diskurslarga fuqarolik jamiyati eʼtiborini jalb qilishga intiladi.

Bahoiylar, erkaklar va ayollar tengligini, faqatgina omma ezguligi uchun erishilishi kerak boʻlgan shart deb emas, balki insoniy reallikka xos jihatdir, deb biladilar.  Insonni inson etadigan narsa, uning erkakligi yoki ayolligida emas, balki unga xos botiniy olijanobligi va sharafidadir. Mazmun, maqsad, jamoa izlash, yoxud sevish, yaratish, asrash qobiliyatida jins yoʻqdir. Dunyo boʻylab turli joylarda, Bahoiylar ijtimoiy hayot namunalarini oʻrnatishga va asosda ayollar va erkaklarning tengligi  yotgan ishonchni aks ettiruvchi institutsional tuzilmalarni yaratishga intiladilar.

Bahoiylar, insoniyat axloqiy qadriyatlardan mahrumlikda va jinslar oʻrtasidagi munosabatlarning jismoniy jihati bilan haddan tashqari band, „tanazzuldagi asrda“ yashayapti, deb biladilar. Aksariyat OAV filmlar, badiiy asarlar va musiqa orqali  ayollar va erkaklar va ular oʻrtasidagi munosabatlar haqida xayoliy obrazlarni uqtiradilar, voqelikka mutlaqo mos kelmaydi, ammo, qadriyatlarimiz, odatlarimiz va xulqimizga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlum bir madaniyatning shakllanishiga olib keladi.

Yosh avlodni va butun jamiyatni „shavqatsiz mushaklilik“ va „shahvoniy nozlilik“ kabi stereotiplardan qanday himoya qilish mumkin? Qanday erkak va ayolning „sogʻlom obrazini“ shakllantirish va targʻib qilish zarur? Jamiyatdagi gender tengligi intellektual oʻlchovda ham koʻrib chiqiladi, agar u ruhiy oʻlchov bilan toʻldirilsa, gender tengligi haqidagi tasavvur qanday koʻrinishda boʻlishi mumkin? Bu, Bahoiylar jamoasi fuqarolik jamiyati bilan munosabatga kirishadigan va umumiy farovonlikni taʼminlaydigan ijtimoiy tartibni amalga oshirishga harakat qilayotganlar bilan hamkorlik qilishga va bir-biridan oʻrganishga intiladigan masalalarning bir qismidir.[36]

Jamoaning oila institutini mustahkamlash va yosh avlod taʼlim-tarbiyasi boʻyicha diskursga hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahoiy jamoasi yosh avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratadi. Bahoullohning Taʼlimoti, "har bir inson, taʼlim orqali yuzaga chiqarish va jamiyat manfaati yoʻlida ishlatish mumkin boʻlgan bebaho javohirlarga toʻla konga oʻxshaydi", deb oʻrgatadi.[37]

Ota-onalar oʻz farzandlariga erta yoshidan boshlab uch xil, — jismoniy, intellektual va maʼnaviy taʼlimni berish va ular oʻrtasidagi muvozanatni saqlashga ragʻbatlantiriladi. Oilalarda oʻtkaziladigan bolalar uchun nisbatan oddiy dasturlar fazilatlarni oʻrganishga va bu orqali bolaning ichki salohiyatini ochib berishga, hamda uning feʼl-atvorini komillashtirishga bagʻishlangan. Mashgʻulotlarda, bolalar qalbdagi pinhon olijanob kuchlarga tayanishni, xudbin manfaatlarni koʻzlamay, axloqiy qarorlar qabul qilishni oʻrganadilar.

Bolalar oʻsmirlik pallasiga qadam qoʻyganlarida, ota-onalar va jamoaning boshqa aʼzolari ularga ishonchga ega boʻlish, hayotda munosib yoʻlni aniqlash, izlanuvchan ongida paydo boʻladigan koʻplab savollarga javob topish zarur boʻlgan ulgʻayishning muhim davrini boshdan kechirishga yordam beradilar. Oʻsmirlar oʻz tengdoshlari bilan guruhlarga birlashganda, ularga qobiliyatlarini rivojlantirishga hissa qoʻshadigan, fanlarni oʻrganishga yaxlit yondashuv bilan tanishtiradigan, hamda, ular jamiyatning loqayd-passiv isteʼmolchilari emas, balki oʻzlarini jamiyatning faol fuqarolari sifatida tasavvur qilishga yordam beradigan dasturlarni oʻrganish taklif qilinadi. Guruhlarda oʻsmirlar oʻzaro doʻstlik rishtalarini oʻrnatishni oʻrganadilar, savobli ishlarni amalga oshiradilar, hamda sanʼat, hunarmandchilik va sport bilan shugʻullanadilar.[38]

Tashqi havolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maʼlumotnomalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Hassall, Graham (1993) Notes on the Babi and Bahaʼi Religions in Russia and its territories Journal of Baháʼí Studies 05 (3): 41-80, 86.
  2. 2,0 2,1 Local Spiritual Assembly of Kyiv. „Statement on the history of the Baháʼí Faith in Soviet Union“. Official Website of the Baháʼís of Kyiv. Local Spiritual Assembly of Kyiv (2007-yil avgust). 2010-yil 15-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 18-fevral.
  3. 3,0 3,1 Momen, Moojan. "Russia" Draft for "A Short Encyclopedia of the Baháʼí Faith" Baháʼí Library Online http://bahai-library.com/momen_encyclopedia_russia. Qaraldi: 2008-04-14. 
  4. 4,0 4,1 4,2 Momen, Moojan (1994) „Turkmenistan“ draft of „A Short Encyclopedia of the Bahaʼi Faith“ Baháʼí Library Online archived from the original on 9 May 2008.
  5. 5,0 5,1 Hassall. „National Spiritual Assemblies statistics 1923-1999“. Assorted Resource Tools. Baháʼí Library Online. Qaraldi: 2008-yil 2-aprel.
  6. "Republic of Uzbekistan". Journal Islam Today (Islamic Educational, Scientific and Cultural Organization) 1429H/2008 (25). 2008. Archived from the original on 2009-09-02. https://web.archive.org/web/20090902083710/http://www.isesco.org.ma/english/publications/Islamtoday/25/p11.php. Qaraldi: 2010-02-17. Oʻzbekiston Bahoiy Jamoasi]]
  7. Hassall, Graham (1993). „Notes on the Babi and Bahaʼi Religions in Russia and its territories“. Journal of Baháʼí Studies. 05 (3): 41-80, 86. doi:10.31581/JBS-5.3.3(1993). Retrieved 2010-02-18.
  8. Abdul-Baha. Tablets of Abdul-Baha ʻAbbas. Chicago, USA: Baháʼí Publishing Committee, 1909 — 641–2-bet. 
  9. Effendi, Shoghi. The World Order of Baháʼu'lláh, 1991 first pocket-size, Haifa, Palestine: US Baháʼí Publishing Trust, 1936-03-11 — 64–67-bet. 
  10. „The Guardian's Message to the forty-eighth annual Baha'i Convention“. Baháʼí News. May 1956. 1–2-bet.
  11. „Вера Бахаи в Узбекистане“.
  12. Manba: Oʻzbekistonda Bahoiy dini tarixi, 1885-1998 y. ISBN 5-605-01612-1, Qozogʻiston Milliy Ruhiy Majlisi
  13. Manba: Oʻzbekistonda Bahoiy dini tarixi, 1885-1998 y. ISBN 5-605-01612-1, Qozogʻiston Milliy Ruhiy Majlisi
  14. „История веры бахаи в Узбекистане“.
  15. „Джадиды“.
  16. „Вадуд Махмуди (1898-1976)“.
  17. „Вадуд Махмуди (1898-1976)“.
  18. "Eastern Europe — Details of Two-Year Plan disclosed". Baháʼí News. No. 712. August 1990. pp. 2-3. ISSN 0195-9212.
  19. Momen, Moojan. „Russia“. Draft for „A Short Encyclopedia of the Baháʼí Faith“. Baháʼí Library Online. Retrieved 2008-04-14.
  20. „Uzbekistan religious freedom survey, August 2008“. Forum 18. August 2008. Retrieved 2010-02-18.
  21. „Как живет община бахаи Ташкента“.
  22. „“Виждoн эркинлиги вa диний тaшкилoтлaр тўғрисидa”ги янги қoнун“. 2023-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-iyun.
  23. Oʻzbekiston Bahoiylari
  24. 24,0 24,1 Adamson, Hugh C. (2009). The A to Z of the Baháʼí Faith. The A to Z Guide Series, No. 70. Plymouth, UK: Scarecrow Press. ISBN 978-0-8108-6853-3
  25. 25,0 25,1 25,2 Smith, Peter (2022). „Ch. 41: The History of the Bábí and Bahá'í Faiths“. In Stockman, Robert H. (ed.). The World of the Bahá'í Faith. Oxfordshire, UK: Routledge. pp. 501-512. doi:10.4324/9780429027772-48. ISBN 978-1-138-36772-2. S2CID 244705793.
  26. Hatcher, W. S.; Martin, J. D. (1998). The Baháʼí Faith: The Emerging Global Religion. New York: Harper & Row. ISBN 0-06-065441-4.
  27. ‘Abdu’l-Bahá, The Promulgation of Universal Peace p.p.107,335
  28. 28,0 28,1 28,2 28,3 Smith, Peter (2022). „Ch. 50: Southeast Asia“. In Stockman, Robert H. (ed.). The World of the Bahá'í Faith. Oxfordshire, UK:Routledge. pp. 464. ISBN 978-1-138-36772-2.
  29. Universal House of Justice, 30 December 2021 — To the Conference of the Continental Boards of Counsellors
  30. Adriance and Dahl (2016) p.89-345
  31. Barnes 2001. Bahá'í-Inspired Perspectives on Human Rights page 29-155
  32. Hartz, Paula (2009). World Religions: Bahaʼi Faith (3rd ed.). New York, NY: Chelsea House Publishers. ISBN 978-1-60413-104-8.
  33. 33,0 33,1 33,2 Berger 2018 p.176, 142-492
  34. „Bahoiy jamoasining millatlararo va dinlararo munosabatlarni saqlash tajribasi“. 2023-yil 23-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-avgust.
  35. www.bahai.uz. „Jaholat xurofot va mutaassiblik manbaidir.“.
  36. www.bahai.uz. „Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenghuquqlikni qo‘llab-quvvatlash.“.
  37. „CABAR.asia: Как живёт община бахаи в Ташкенте“.
  38. www.bahai.uz. „Ayol va qizlarning salohiyatini oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish orqali oilani mustahkamlash“.