Kontent qismiga oʻtish

Vadud Mahmudov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vadud Mahmuddan yoʻnaltirildi)
Vadud Mahmudov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1898-yil
Samarqand
Vafoti 1976-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • oʻzbek shoiri va adabiy tanqidchisi

Vadud Mahmud (Vadud Mahmudov) (1898—1976) — XX asr oʻzbek adabiy va teatr tanqidchisi; samarqandlik shoir va munaqqid, tojik tili grammatikasi muallifi.

U oʻz davrida shoʻro mafkurachilari va komfirqa tomonidan keskin taʼqib qilindi, madaniyatchilar qurultoyida Choʻlpon, Fitrat, Elbek va boshqalar qatori maʼnaviy kaltaklandi, quvildi.

Vadud Mahmud oʻzbek adabiyotiga koʻpgina zamondosh va tengdoshlari qatori madrasa ilmi bilan kirib keldi. Uning badiiy-estetik qarashlari xususiy mutolaasining kuchliligi tufayli oʻziga xos tarzda shakllangan edi. Keyinchalik turk hamda rus adabiyoti va adabiyotshunosligi bilan kengroq tanishuvi natijasida dunyoqarashi yanada kengaydi. Mahmudxoʻja Behbudiy, Mardonqul Shomuhamedov yangi ijtimoiy hayot bilan tanishtirgan boʻlsalar, Fitrat uni maʼrifat, madaniyat va adabiyotning mutlaqo yangi olamiga olib kirdi…

Vadud Mahmud Samarqand viloyati Yuqori Dargʻom tumanining Toyloq qishlogʻida Mahmud Pirmuhamedov va Anvara Pirmuhamedova oilasida tugʻilgan. Yetti yoshida otadan yetim qolgach, onasining Rajab­­amin qishlogʻidagi hovlisiga koʻchib boradilar. Oʻz soʻziga qaraganda, ularning 12 tanob yeri, bir sigir va ikki bosh qoʻyi hamda bogʻi boʻlib, singlisi Sabohat, jiyani Munira va Hamid uning qaramogʻida yashaganlar. U Rajabamindagi muallim Abduqodir Shakuriyning maktabida, uning rafiqasi Roziya otin va shaxsan Shakuriyning oʻzidan taʼlim oladi. 1912-1913-yillari ustozi Shakuriy Istanbulga borib, maktab ishlari bilan tanishib qaytadi. Ustozi Tur­kiyadan keltirgan adabiyotlarni oʻqib, turk nasr va nazmidagi yangiliklar bilan oshno boʻladi. „Shakuriy turk-tatar mafkurasini juda hurmat qilib, ularning mafkurasi taʼsirida edi. Ularning fanini il­gʻor hisoblar edi“, deydi V.Mahmud. U qozi Haydarbek Abusaidovdan ham saboq oladi. Chamasi, 1915-1916-yillari Shahrisabzda oʻqituvchilik qilayotgan Fitrat Shakuriy bilan fikrlashgani keladi va yosh Vadud bilan tanishadi. Buxoro va Samarqand yoshlari orasida ancha mashhur boʻlgan Abdurauf Fitrat va muallim Ismoil Sadriy bilan birodar tutinishi natijasida ulardan shoir Muhammadaminbek Yurdaqul sheʼrlari va ismi nomaʼlum adibning „Buyuk Turon“ romanini olib oʻqib chiqadi. „Biz Muhammad­a­minbek sheʼrlarini qoʻshiq qilib aytar edik“, deydi Vadud Mahmud koʻrsatmalaridan birida. Shu davrda Abduqodir Karimov, Akobir Shomansurov kabi maʼrifat fidoyilari bilan doʻstlashadi. Bu ijtimoiy-adabiy muhit Vadud Mahmudning tafakkuriga taʼsir koʻrsatmay qolmadi. 1917-yil kuz faslida Fitrat bir necha Samarqand va Buxoro yoshlari qatori uni Ufaga olib borib, Madrasai Oliyaga joylashtiradi. Oʻzi ham oʻsha yerda 20-30 kun turib, ishni pishitib qaytadi. Mahmudiy 1918-yil bahor faslida tahsilni tugatib, maxsus hujjat bilan Toshkent­ga keladi, soʻng Samarqandga qaytadi. Yoz oyigacha pedagogika kursida oʻqiydi. 1919-1925-yillari oʻqituvchilik qiladi. Ammo bu orada Buxnerning „Modda va quvvat“ asari bilan tanishadi hamda ashaddiy materialistga aylanadi. 1919-1921-yillari komfirqaga kiradi va Samarqand shahar maorif boʻlimiga mudir etib tayinlanadi. Taxminan, 1922-yili Jizzax shahar maorif boʻlimi mudiri vazifasiga oʻtkaziladi. 1923-yili Toshkentga kelib, Oʻrta Osiyo davlat universitetining iqtisod fakultetida oʻqiydi. Oradan koʻp oʻtmay Samarqand pedagogika institutiga mudir boʻladi, ammo kimlargadir feʼli yoqmay qolgani uchun yana Samarqand maorif boshqarmasiga mudir etib oʻtkaziladi.

Vadud Mahmud 1930-yil 18 avgustda bergan koʻrsatmasida shunday deydi:

"Taʼkidlashim kerakki, inqilob vaqtida mening mafkuram bir necha marta oʻzgardi. Bolalik va oʻsmirlik paytimda diniy ruhda tarbiyalandim. 1917-yili „Modda va quvvat“ bilan tanishib, din bilan aloqamni uzdim… Asta-sekin oʻzim sezmagan holda Qur’on oʻqish bilan shugʻullanib, ayrim sura-oyatlarning qiroati vaqtida yigʻlaydigan boʻldim, shunday qilib, boshimda sallayu, yana dindor odam boʻlib qoldim".

Abdurauf Fitrat 1919-1920-yillari Toshkentda yashagani, „Chigʻatoy gurungi“ uyushmasini rasmiy tashkil etib, „Tong“ jurnalini nashr ettirgani koʻpchilikka maʼlum. Ana shu paytda u Vadud Mahmudni Choʻlpon, Elbek, Botu bilan tanishtiradi. Ular chin doʻst, ayniqsa, Choʻlpon bilan ijodiy masalada oʻzaro maslahatlashadigan maslakdoshlarga aylanadilar. (U Samarqandga qaytgach, „Chigʻatoy gurungi“ning boʻlagini tashkil etadi.) Vadud Mahmud Toshkentdalik kezlari Fitrat va Choʻlpon yordamida Munavvar qori Abdurashidxonov, Obidjon Mahmudov, Nabi Rasulov, Tolibjon Musaboev, Salimxon Tillaxonov, Laziz Azizzoda, Husaynxon Niyoziy, Saidalixoʻja Usmonxoʻjaev, Eshonxoʻja Xoniy, Shohid Eson, Tangriqul Maqsudiy kabi vatanparvar ziyolilar bilan tanishadi. Buxoro in­qilobidan soʻng Fitrat taklifi bilan Buxoroga borib, maorif sohasida faoliyat olib boradi. Buxorodan yana Sa­marqandga qaytib, maorif bosh­qarmasida ishlashni davom ettiradi. Ammo allakimlarningdir taʼsiri bilan 1923-yili vazifasidan nohaq chetlashtiriladi. Bu haqda Abdul­hamid Sulaymon-Choʻlpon „Turkiston“ gazetasida norozilik bildiradi. U shu yili firqadan oʻz ixtiyori bilan chiqadi. 1925-yili Moskvaga borib, Adabiyot va sanʼat ins­titutiga oʻqishga kiradi. 1930-yil 22 avgust koʻrsatmalarida xotirlashicha, Moskvadalik paytida Muhiddinqori Yoqu­bov, Abdul­hay Tojiev, Shokir Sulaymon, Botu, Vosil Muhammadiev, Ishoq qori Karimov bilan uchrashib turadi.

Xullas, Vadud Mahmudning Moskvadagi hayoti ajib tarzda kechdi: ilmga chanqoq boʻlgani uchun Turkiya elchixonasi bilan aloqa oʻrnatib, elchixonadan 12ta turk adabiyotiga oid kitob oladi, „Hokimi milliya“ gazetasi bilan kutubxonalar orqali tanishib boradi, Sharq xalqlari nashriyotida direktor boʻlib ishlayotgan Nazir Toʻraqulov yordamida turkcha kitoblarni mutolaa qiladi, Umar Xayyom bilan tanishadi.

U yerdan 1926-yili Samarqandga keladi. Bu yerdagi ishlarini bitirib yana oʻqishga qaytmoqchi boʻlganda, maorif komissari D.Rizaevning topshirigʻi bilan „Maorif va oʻqitgʻuvchi“ jurnalida mas’ul kotib lavozimida faoliyat olib boradi. Ammo oradan bir yarim yil oʻtgach, mafkuraga toʻgʻri kelmaydigan maqolalar eʼlon qilding, degan bahona bilan ishdan chetlashtiriladi.

1928-yildan matbuot va maorif ishlaridan chetlashib, davlat nashriyoti va turli tashkilotlarda tarjimonlik bilan kun kechiradi. Ammo uning adabiy-badiiy quvvatini sezgan Choʻlponga oʻxshagan doʻst va zamondoshlari uni koʻproq badiiy ijod bilan shugʻullanishga yoʻnaltirishga harakat qiladilar.

Vadud Mahmud 1919—1930-yillari Turkiston, Buxoro matbuotida faol ishtirok etadi. Choʻlpon, Fitrat ijodi haqida maqola-taqrizlar yozadi. Oʻzbek shoirlari, xususan, Choʻlpon va Fitrat ijodi haqida Abdurahmon Saʼdiy bilan „Turkiston“ va „Zarafshon“ gazetalari sahifalarida bahs olib boradi. Sevimli adib doʻstlari faoliyati haqida hali kuch olmagan bolshavoycha dunyoqarash nuqtai nazaridan emas, balki insonni kamolotga, goʻzallik manzillariga chorlash nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Chigʻanoq ichiga yashiringan dur singari soʻz ogʻushidagi oʻtkir va teran maʼnolar, parvozlantiruvchi, qalb­larni porlatuvchi suluv timsollar, ramzlar, tashbehlar xususida fikr yuritadi. 1925—1928-yillari „Maorif va oʻqitgʻuvchi“ jurnali, „Qizil bayroq“, „Turkiston“ gazetalarida bosilgan Fitrat, Choʻlpon, Siddiqiy-Ajziyga bagʻishlangan maqolalari, xususan, Choʻlponning „Buloqlar“ toʻplami, Fitratning „Chin sevish“ va „Hind ixtilolchilari“ piesalariga bagʻishlangan maqolalari fikrimizga dalil boʻla oladi. Oʻsha davrda unga „Qizil qalam“ uyushmasida Choʻlpon ijodi haqida maʼruza qilish topshiriladi. Vadud Mahmud oʻz maʼruzasida Choʻlponni tanqid etishga emas, balki uning ijodi badiiy xususiyatlarini kashf etishga intiladi. Shoir Oltoy va qalamkash Nosir Saidning 1930-yil 8-12 avgustda bergan koʻrsatmalariga qaraganda, Vadud Mahmud 1925-yilgi maʼruzasini avval mumtoz shoirlar ijodini targʻib qilishdan boshlagan. Boshqalarning eslashicha, u Mashrab ijodini Choʻlpon ijodi bilan chogʻishtirgan.

Uning oʻzi 1930-yil 23 avgustdagi koʻrsatmasida: „Menga Choʻlpon haqida maʼruza qilishni topshirishdi, men Choʻlpon sheʼrlarining Mashrab sheʼrlariga oʻxshash tomonlarini muqoyasa qilganimda, shoʻro ziyolilari dinni targʻib etmoqdasan, deb ayblashdi. Men buni ataylab qilganim yoʻq edi…“, deydi. Shundan keyin uni adabiy jarayonga jalb etishmaydi. 1927-yil oktyabr oyida oʻtgan Oʻzbekiston madaniyat xodimlari qurulto­yida Choʻlpon bilan barobar unga ham qattiq hujum uyushtiriladi, javob berishi uchun imkoniyat berilmaydi va shoʻro xunveybinlari uni qurultoydan haydab chiqaradilar. Ana shu voqeadan keyin hamma narsadan hafsalasi pir boʻladi…

V.Mahmudning faoliyatini zimdan kuzatib yurgan siyosiy boshqarma xodimlari 1930-yil 17 avgust kuni uning uyida tintuv oʻtkazib, qamoqqa oladilar. Unga „millatchilik, aksilinqilobiy tashkilot faoliyati haqida davlat tashkilotlariga xabar bermaganlik, bahoizm bilan shugʻullanganlikda“ ayb qoʻyadilar. OGPU hay’ati qoshidagi maxsus kengash 1931-yil 3 oktyabrda uch yil mehnat tuzatish lagerlarida va qoʻshimcha ravishda yana uch yil mobaynida Qozogʻistonda ishlashga majbur qiladi. U uch yil Toshkentda hibsda boʻlgach, Olmaotaga surgun qilinadi. 1936-yil oxiri — 1937-yil boshlarida surgundan qaytib keladi. Lekin oradan yil oʻtmay, 1937-yil 18 avgustda „Milliy ittihod“ning faol aʼzosi, oʻtmishda aksilinqilobiy, millatchilik tashviqoti olib borganlik, mashhur millatchi Ismoil Sadriy bilan aloqadorlikda" ayblanadi va 10 yilga Arxangelsk viloyatidagi Kargopol tutqungohiga surgun qilinadi. 1944-yili mazkur tut­qungohda u mahbuslar orasida bahoizmni targʻib qildi, degan ayb bilan yana 10 yilga hukm qilinadi va muddatni 1959-yili tugatib, Samarqand­ga qaytib keladi.

Chaqimchilar Fitrat, Choʻlpon Toshkent va Samarqandda yashagan paytlari doim ularning uyida yozuvchilar, sanʼatkorlar, oʻqituvchilar va talabalar boʻlganini, bahor, yoz, kuz faslida oʻtkaziladigan bu allaqanday tashkilot yigʻinida Vadud Mahmud ham ishtirok etganini taʼkidlaydilar. Ammo Vadud Mahmud 1930—1931-yillari oʻtkazilgan barcha tergov jarayonlarida oʻzining maxfiy tashkilot aʼzosi boʻlmaganini, bunday tashkilotni bilmasligini aytadi. 1937-yili esa, biron marta tergov oʻtkazilmay, toʻgʻri Kargopol mehnat tuzatish lageriga joʻnatib yuboriladi. U qoʻyilgan aybni ham, jazo muddatini ham oʻsha yerda eshitadi.

GPU xodimlari u saqlanayotgan xonaga M.Ismoilov degan yosh talaba yigitni „quloq“ sifatida biriktiradilar. U 1931-yil 14 fevraldagi chaquvida shunday xabar beradi:

"Men bilan bir xonada Vadud Mahmudov va Saidnosirxon toʻra Kamolxontoʻraev oʻtirishibdi. Mahmudov men bilan suhbatda shunday dedi: „1923-yil yoki undan avvalroq Samar­qand ijroiya qoʻmitasi yoxud Samarqand KPT(b) viloyat fir­qa qoʻmitasi kotibi Shermuhamedov (yoki Toshmuhamedov) meni tashkilotga aʼzo boʻlish uchun taklif etdi, men rozi boʻldim, lekin aʼzolikka oʻtmadim, buni tergovda yashirdim… GPU xodimlari mening uyimni tintish vaqtida bir xatni topishni eplay olmadilar. Bu Choʻlpon qoʻli bilan yozilgan maxfiy xat edi, men uni Qur’on ichiga yashirib qoʻygan edim“.

Tergov ataylab bir yoʻnalishda oʻtkazilgan, yaʼni uni „Milliy ittihod“ tashkilotining aʼzosi sifatida ayblashga qaratilgan. Shu sababli M.Ismoilovning xabari ularga juda asqotgan. Biroq qaysar mahbus oʻz soʻzida turib oladi.

Vadud Mahmud surgun muddatini oʻtab qaytib kelgach, 1959, 1961, 1963-yillari tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, 1930 va 1937-yillardagi GPU va NKVD hamda Arxangelsk viloyat sudining hukmlarini bekor qildiradi. Shundan soʻng Samarqanddan Dushanbaga koʻchib ketadi. Ilmiy-badiiy ijod bilan shugʻullanadi. „Farhangi zaboni tojik“ lugʻatini tuzishda faol ishtirok etadi. Muallimi Abdulqodir Shakuriy haqida xotira-qissa yozib, eʼlon qiladi. Shoʻrolar hukumati Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Turor Risqulov, Nazir Toʻraqulov, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon, Boʻlat Soliev, Miyonbuzrug Solihov va boshqa koʻpgina ziyolilar qatori Vadud Mahmudni ham nohaqdan nohaq jabrladi, ammo uning qalbidagi xalqqa, Turkistonga muhabbatini soʻndira olmadi. U oʻzbek madaniyatida oʻziga xos ilmiy salohiyatga ega adabiyotshunos, munaqqid sifatida qoldi.