Kontent qismiga oʻtish

Oʻlat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻlat, toun — odam va hayvonlarning oʻtkir yuqumli karantin kasalligi. Odamda umumiy ahvolning ogʻirlashishi, intoksikatsiya, tana haroratining koʻtarilishi, limfa bezlari, oʻpka va boshqalar aʼzolarda yalligʻlanish, sepsis rivojlanishi bilan kechadi. Kasallik tez tarqalishi va koʻplab bemorlar nobud boʻlishi tufayli oʻlat oʻta xavfli yuqumli kasalliklar sinfiga kiritiladi. Oʻlat qadimdan maʼlum, uning epidemiyalari tez-tez uchrab turgan va koʻplab kishilarning oʻlimiga sabab boʻlgan. Oʻlat epidemiyalari tufayli ayrim hududlar butunlay boʻshab qolgan. Undan qutulish maqsadida boshqa joyga qochib ketgan odamlar yangi maskanda oʻlat epidemiyasi tarqalishiga sabab boʻlganlar. Qoʻzgʻatuvchisi toun mikrobi — mayda tuxumsimon, harakatsiz. Tanasi yupqa parda bilan oʻralgan, u oddiy ozuqa muhitlarida, ayniqsa qon qoʻshilgan muhitlarda yaxshi oʻsadi. Ekzo va endotoksin ajratadi, tashqi muhitga va quritishga chidamli, tuproqda 7 oy, kiyimkechakda 5-6 oygacha tirik saqlanadi. Oʻlat mikrobi organizmga teri, shilliq qavatlar, yuqori nafas yoʻllari va hokazo aʼzolardan kirishi mumkin.

Kemiruvchilar (yumronqoziq, qum sichqonlar, dala sichqonlari va aholi yashaydigan joylardagi kalamushlar), tuyalar, shuningdek, oʻlatning oʻpka turi bilan ogʻrigan bemorlar kasallik qoʻzgʻatuvchilarining manbai hisoblanadi. Oʻlat mikrobi hayvondan odamga va odamdan odamga transmissiv yoʻl bilan (masalan, burga chaqqanda), baʼzan kasal hayvon goʻshtini nimtalaganda, shuningdek, ovqatga yaxshi tekshirilmagan goʻsht ishlatilganda yuqadi. Oʻlatning oʻpka turi bilan ogʻrigan bemor sogʻlom kishilar uchun ayniqsa xavfli, chunki u gaplashganida, aksirganida havoga oʻlat tayoqchalarini tarqatadi. Inkubatsion davri bir necha soatdan 3-6 kungacha. Kasallik oʻtkir boshlanadi, bemorning eti uvishib, boshi qattiq ogʻriydi, koʻpincha koʻngli ayniydi, qayt qiladi, uyqusizlikdan qiynaladi, alahlaydi. Oʻlatning oʻpka turida oʻpkaning yalligʻlanishi (oʻlatli zotiljam) kuzatiladi, bu yoʻtal, qon aralash balgʻam ajralishi, havo yetishmasligi bilan davom etadi. Oʻpkaning teribubon shaklida infeksiya kirgan joy boʻrtib, qon aralash suyuqlik tutgan pufakcha hosil boʻladi, u keyinchalik soʻrilib ketadi, shu sohaga yaqin limfa tugunlari shishadi (yaʼni bubon hosil boʻladi). Ichak shakli kuchli ich ketishi, baʼzan axlatda qon va shilliq boʻlishi bilan kechadi. Septik shakli terida, shilliq pardalarda va turli aʼzolarda qon quyilishi bilan ajralib turadi, bu odatda, ogʻirroq kechib koʻpincha oʻlim bilan tugaydi.

Oldini olish

Kasallik aniqlangan joyda karantin eʼlon qilinadi. Zarurat tugʻilganda u yerda yashaydigan aholi oʻlat vaksinasi bilan emlanadi. Tabiiy oʻchoqda muntazam epizootik tekshiruvlar oʻtkazish, aholi va hayvonlarni nazorat qilish, tirik vaksina bilan emlash, dala va turar joylarda kemiruvchilar, burgalarni qirish va boshqalar tadbirlardan iborat. Bemor bilan muloqotda boʻlganlar va tibbiy xodimlar kasallik oʻchogʻi tugatilgandan soʻng 6 kun davomida tibbiy kuzatuv ostida boʻladilar. Davolashda antibiotiklar qoʻllanadi. Hozirgi vaqtda vaksinalardan foydalanish, kemiruvchilar va burgalarga qarshi kurash olib borish natijasida bu kasallik uncha xavf tugʻdirmaydi. Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli Oʻlat (toun)ga qarshi stansiya har yili bahor yoz mavsumida kasallikning tabiiy oʻchoqlarida epizootiya oldini oladigan tadbirlar va labaratoriya tekshiruvlari olib boradi.

Chorva mollarining oʻlati qishloq xoʻjaligi hayvonlarining eng xavfli yuqumli kasalliklaridan. Har xil taksonomik guruhlarga mansub maxsus viruslar (qoramol, choʻchqa, otlar oʻlati, etxoʻr parrandalar — qushlar oʻlati viruslari), MogShmgiz turkumiga kiruvchi viruslar yoki oʻlat bakteriyasi qoʻzgʻatadi (tuyalar oʻlati). Yuqori harorat, shilliq qavatlar, asosan, oshqozonichak yoʻllari yalligʻlanishi bilan tavsiflanadi. Kasallik manbai kasal hayvon. Oʻlat bilan kasallangan hayvon sogʻ hayvon bilan birga boqilganda, kamdan kam zararlangan yem orqali yuqadi. Tashxis labaratoriya tekshiruvlari asosida qoʻyiladi.

Oldini olish: kasallik tarqalgan qoʻshni mamlakat chegarasida immun zonani tashkil qilish; kasallik paydo boʻlganda karantin tadbirlari; kasal mollarni soʻyish va goʻshtini yoqib yuborish; qolganlarini emlash va sanitariyaveterinariya choratadbirlari oʻtkazishdan iborat.