Kontent qismiga oʻtish

Oʻlkashunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻlkashunoslik – mahalliy aholi tomonidan oʻz ona yurti hisoblangan muayyan oʻlka, viloyat, shahar, tuman, qishloq va boshqalar hududlarning har tomonlama oʻrganilishi. Oʻlkashunoslik tabiiy, ijtimoiy, madaniy, tarixiy va boshqalar tadqiqotlar majmuidan iborat. Oʻlkashunoslikda oʻlkaning tabiati, aholisi, xoʻjaligi, tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, oʻlka namoyandalari oʻrganiladi. Oʻlkashunoslik kompleks va soha oʻlkashunosliklikka boʻlinadi. Kompleks oʻlkashunoslik turli sohalarni bir-biri bilan bogʻliq holda, soha oʻlkashunoslik geografiya, tarix, etnografiya, madaniyat, toponomika va boshqalar sohalarga oid masalalarni alohida oʻrganadi. Hozirgi vaqtda ekologik vaziyat va tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish masalalarini oʻrganuvchi oʻlkashunoslik rivojlanmoqda. Oʻlkashunoslikning asosiy maqsadi oʻz oʻlkasi tabiati, aholisi, etnografiyasi, xoʻjaligi, madaniyati, ekologik vaziyat va hokazo haqida ashyoviy dalillar, maʼlumotlar, namunalar toʻplab, ularni ommalashtirib, aholi bilimini oshirishdir. Oʻlkashunoslik juda katta ijtimoiy-siyosiy, madaniymaorifiy, oʻquvtarbiyaviy ahamiyatga ega. Ayniqsa, milliy qadriyatlarni aniqlash va ommalashtirishda oʻlkashunoslikning oʻrni juda katta.

Oʻzbekistonda oʻlkashunoslik tashkiliy shakliga koʻra 3 turga boʻlinadi: ilmiy (davlat), jamoat va maktab. I l m i y (davlat) oʻlkashunoslik bevosita davlat ilmiy tashkilotlari, ilmiy tekshirish institutlari, tabiiy, tarixiy va arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish qoʻmitalari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, maxsus muzeylar xodimlari tomonidan olib boriladi, tadqiqot maʼlumotlari toʻplanadi, topilmalar maxsus muzeylarda koʻrgazmalarga qoʻyiladi. J a m o a t oʻlkashunoslik mahalliy hokimiyatlarning bevosita rahbarligida tegishli joylardagi tabiiy, tarixiy va arxeologik, etnografik, toponimik va boshqalar tashkilotlar mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Maktab oʻlkashunoslik umumiy taʼlim maktablarida, geografiya, tarix, botanika, zoologiya, til va adabiyot oʻqituvchilarining bevosita rahbarligida tashkil etiladi. Oʻlka tabiati, tarixi, aholisi, xoʻjaligi, madaniyati, etnografiyasi, toponimikasi, arxeologiyasiga oid dalil va topilmalar maktab oʻlkashunoslik muzeylarida namoyish etiladi.

Oʻzbekiston hududida oʻlkashunoslik tarixi oʻrta asrlarga borib taqaladi. Abu Rayhon Beruniyning „Hindiston“, „AtTafhim“, „Mineralogiya“, „Saydana“ asarlarida oʻlkashunoslikka, jumladan, toponomik oʻlkashunoslikka oid, Mahmud Koshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“ asarida geografik, toponimik oʻlkashunoslikka oid maʼlumotlar juda koʻp. Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asari esa oʻlkashunoslikning mumtoz asari hisoblanadi.

Mamlakatimizda oʻlkani har tomonlama oʻrganish 20-asr oʻrtalarida ayniqsa rivojlandi. Bunda oʻlkaning tabiati va tabiiy boyliklarini oʻrganish kengaydi. Chunki bu vaqtda mahalliy tabiiy boyliklar va ulardan xalq xoʻjaligida koʻproq foydalanish vazifasi qoʻyilgan edi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, oʻlkashunoslik ishlari xalq tarixini, qadriyatlarini oʻrganishga, ularni tiklashga qaratildi. Fan va texnika rivojlanishi, tabiat va tabiiy resurslardan foydalanishning jadallashishi natijasida ekologik oʻlkashunoslik tez rivojlanib bormoqda. Maktablarda yosh oʻlkashunoslar guruhlari tashkil etilib, oʻz joyining tabiati, ekologik sharoitlari, tarixi, toponimikasi va qadriyatlarini oʻrganish taraqqiy etmoqda. Baʼzi mamlakatlarda oʻlkashunoslik maktabdagi taʼlim ishlarining tarkibiy qismi hisoblanadi.