Kontent qismiga oʻtish

Oʻrda

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Oʻrda, OʻRDU — 1) turkiy va moʻgʻul xalklarida hukmdor, xon qarorgohi, qalʼa. Istiloh ushbu maʼnoda ilk bor qadimiy OʻrxunEnasoy bitigi "Irq bitig"da qayd etiladi. Qoraxoniy hukmdor saroyi yoki Koshgʻar shahri Oʻrdukand deb yuritilgan. Baʼzan Oʻ. oʻrnida uning maʼnodoshi x o n t oʻ y birikmasi ham ishlatilgan. Yirik turk va moʻgʻul davlatlari hamda koʻchmanchi qabilalari ittifoqlari — Oltin Oʻ., Noʻgʻay Oʻ.ning nomi shundan kelib chiqqan. Turli tarixiy davrlarda qalʼa (5—6-asrlargacha), diz (6—8-asrlarda), ark (9— 17-asrlar) deb ham atalgan. Oʻ., asosan, balandlikda bunyod etilgan, unga qiya uzun yoʻlak (pandus) orqali kirilgan; davlat ahamiyatidagi inshootlar, maʼmuriy binolar, hukmdor saroyi va boshqalarni oʻz ichiga olib, atrofi burjlari boʻlgan devor bilan oʻralgan. Oʻ. shaharsozlik tarixida muhim oʻrin tutgan. Oʻ.lar ayrim maʼmuriy — shaharsozlik (oʻrni, oʻlchami, koʻlami, bino, hovuz va boshqalar) jihatlari bilan farqlangan (Koʻhna Ark, Xudoyorxon oʻrdasi, Toshkenpg oʻrdasi va boshqalar).

Jumladan, Toshkent hokimlarining qarorgohlari — Oʻ.lar tarixiy manbalarga koʻra turli davrlarda turli joylarda boʻlgan: 18-asr oʻrtasi (chor hokimlik davri)da Qoratoshda, 19-asrning 1-yarmida Oʻ. oldin Tuproqqoʻrgʻonda, keyin Anhor (Oʻ.)ning chap tomonida — taxminan hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatining binosi oʻrnida boʻlgan. Toshkent Oʻ.lari saqlanmagan. Soʻnggi Oʻ. saqlanib qolgan tarhi boʻyicha: uz. 54 m, shim. eni 370 m, jan. eni 490 m ga yaqin boʻlgan. Oʻ. devorlariga tashqi tarafga turtib chiqqan diametri 8–9 m atrofida boʻlgan 30 dan ortiq burjlar ishlangan; Gʻarbiy va Sharqiy devorida 2 darvoza boʻlib, ular shaharning bosh koʻchasi (katta koʻcha) bilan oʻzaro bogʻlangan; bir nechta hovlili saroy Oʻ.ning janubida joylashgan. Sharqiy darvozaning tashqarisidagi sahnda sarbozlar harbiy mashqlar oʻtkazgan. Idora va saroy binolari boʻlgan Oʻ.lar Andijon, Shahrisabz va boshqalar shaharlarda ham mavjud boʻlgan; 2) qoʻshin qarorgoqi, lashkargoh. Ushbu maʼno ham qadimiy hisoblanadi. Harbiy harakatlar vaqtida Oʻ. atrofi xandaq bilan oʻralgan. Shoxshabbalar yordamida ihota qilingan, soqchilar nazoratida boʻlgan.

13-asrdan eʼtiboran, Oʻ. "xon qarorgohi" maʼnosida rus tilida qoʻllanila boshlagan. 14-asrgakelib Oʻ. "lashkar, qoʻshin" maʼnosini kasb etgan, eski oʻzbek adabiy tili, xususan, Alisher Navoiy asarlarida ham qayd etiladi. Hozirgi turk tilida ogyi "qoʻshin, armiya"ni anglatadi; 3) Chingiziylar saltanatida favqulodda tantanalar paytida bir necha yuz kishini oʻz bagʻriga sigʻdira oladigan ulkan chodir, oʻtov. Ostonasi va ustunlar oltin bilan qoplanganligi bois bunday oʻtov Oʻrdui zarrini buzurg, yaʼni Oltin Oʻ. deb nomlangan.