Kontent qismiga oʻtish

Oʻsmalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻsmalar, blastomalar – organizmdagi oʻzgargan va oʻzining odatdagi shakli hamda funksiyasini yoʻqotgan (sifati buzilgan) hujayralardan iborat toʻqimalarning zoʻr berib oʻsib ketishi. Oʻsma hujayralari Oʻsmalarga sababchi omillar toʻxtagandan keyin ham koʻpayaveradi.

Oʻsmalarni onkologiya fani oʻrganadi. Xavfsiz (yetilgan) va xavfli (yetilmagan) Oʻsmalar farq qilinadi. Xavfsiz Oʻsmalar atrofdagi toʻqimani itaradi, suradi, baʼzan siqib qoʻyadi, lekin ularni yemirmaydi. Xavfli Oʻsmalar tez rivojlanib, boshqa toʻqimalarga oʻsib kirib, ularni yemiradi; bunda qon tomirlarga ham shikast yetadi. Odatda, qon va limfa tomirlari devorining yemirilishi natijasida qon yoki limfaga tushgan oʻsma hujayralari turli aʼzo va toʻqimalarga metastaz beradi. Natijada Oʻsmalarning ikkilamchi tugunlari – metastazlar hosil boʻladi, yaʼni Oʻsmalar tarqalib ketadi. Oʻsmalar butunlay olib tashlanmasa, qaytadan oʻsib chiqadi (retsidiv beradi). Xavfsiz Oʻsmalar metastaz bermaydi (tarqalmaydi), ammo paydo boʻlgan joyiga koʻra hayot uchun xavfli boʻlishi (mas, miyada yoki nafas va hazm yoʻllarida boʻlsa, ularni siqib, ezib qoʻyishi), shuningdek, uning bir qismi kesib tashlansa, qayta oʻsishi mumkin. Oʻsmalarning metastaz berishbermasligi va metastaz berish tezligi organizmning immunobiologik holatiga bogʻliq.

Oʻsmalar oʻsishi toʻqimada cheksiz boʻlinuvchi oʻzgargan hujayralarning kichik guruhi vujudga kelishidan boshlanadi. Ular sekin-asta rivojlanadi. Bunda bir necha bosqich farq qilinadi: 1) oʻsma hujayralarining notekis koʻpayishi (giperplaziya); 2) oʻchoqli proliferatsiya, yaʼni toʻqimaning oʻsishi, 3) xavfsiz Oʻsmalar hosil boʻlishi; 4) nihoyat, uning xavfli tus olishi (malignizatsiya). Bevosita xavfli Oʻsmalardan avval paydo boʻlgan va xavfli Oʻsmalarga aylanadigan Oʻsmalar rak oldi, toʻqimada ancha erta sodir boʻlgan oʻzgarishlar oʻsma oldi jarayoni hisoblanadi. Oʻsmalarning bosqichmabosqich rivojlanishi va keyin xavfli tus olishi – uning oʻziga xos avj olishi shu tariqa oʻtadi. Oʻsmalardan qon ketishi kamqonlikka, Oʻsmalarning chirishi va moddalar almashinuvi buzilishidan hosil boʻlgan mahsulotlar organizmning zaharlanishiga sabab boʻladi.

Oʻsmalar parenxima va stromadan tarkib topadi. Parenxima Oʻsmalarning asosiy massasi boʻlib, uning oʻsishi va tabiatini belgilaydi; stroma Oʻsmalar atrofidagi biriktiruvchi toʻqimadan hosil boʻladi. Har bir oʻsmaning nomi oʻzi paydo boʻlgan toʻqima nomidan (oxiriga „oma“ – oʻsma maʼnosini anglatuvchi qoʻshimcha qoʻshiladi) olingan, mas, togʻaydan vujudga kelgan Oʻsmalar xondroma, yogʻ toʻqimasi oʻsmasi lipoma, muskul toʻqimasi oʻsmasi mioma, biriktiruvchi toʻqimada yuzaga kelgan xavfli va sarkoma, epiteliy toʻqimasidan paydo boʻlgan xavfli Oʻsmalar karsinoma (rak), meʼda osti bezi boʻlakchalaridan hosil boʻlgan Oʻsmalar insuloma deyiladi va hokazo. Leykozlar ham Oʻsmalarga kiradi. Rak bilan ogʻrish turli mamlakat va mintaqalarda turlicha, mas, teri raki shim.ga nisbatan janubida koʻproq uchraydi.

Oʻsmalarning paydo boʻlishi va rivojlanishida organizmning tugʻma yoki hayotda orttirilgan umumiy reaksiyasi katta ahamiyatga ega. Irsiy omillar asosan, Oʻsmalarga moyillikni, yaʼni organizmning oʻsma paydo qiladigan taʼsirotlarga nisbatan koʻrsatadigan u yoki bu reaksiyasini belgilab beradi. Oʻsmalar taʼsirini bartaraf etishda esa organizmning himoya, immunobiologik kuchlari, shuningdek, uning ovqatlanish va boshqalar hayot tarziga bogʻliq umumiy holati katta ahamiyat kasb etadi.

Umuman Oʻsmalar organizmga turli fizik, kimyoviy va biologiya omillar taʼsir koʻrsatishi natijasida vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun ham hozir Oʻsmalarning kelib chiqishi koʻp omilli (polietiologik) jarayon deb qaraladi.

Oʻsmalar, odatda 40 yoshdan keyin paydo boʻladi. Ammo yoshlar va hatto, bolalarda ham uchratish mumkin.

Oʻsnalarning oldini olish ularning kelib chiqishiga (gigiyenik profilaktika) va rivojlanishiga qarshi (rakning klinik profilaktikasi) tadbirlardan iborat. Gigiyenik profilaktika organizmga kanserogen taʼsir koʻrsatadigan omillarni yoʻqotish yoki ularning miqdorini kamaytirishdan; klinik profilaktika esa oʻsma oldi kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlab, davolashdan iborat. Aholi oʻrtasida muntazam (sistemali) ommaviy profilaktik tekshiruvlar oʻtkazish va ayrim aholi guruhlarini dispanserizatsiya qilish katta ahamiyatga ega. Kasallikning boshlangʻich belgilari paydo boʻlganda darhol vrachga murojaat qilish kasallikni barvaqt aniqlashda nihoyatda muhim.

Oʻsmalar diagnostikasi bemorni klinik instrumental tekshirish (soʻrash, kuzatish, maxsus tekshirish usullarini qoʻllash va har xil tahlillar oʻtkazish)ga asoslangan.

Ichki aʼzolar (meʼda, oʻpka, tuxumdon, yoʻgʻon ichak, meʼda osti bezi va boshqalar)dagi Oʻsmalarni barvakt aniqlash (diagnoz qoʻyish) ancha mushkul boʻlib, bunda rentgenologik, radioizotop, endoskopik, morfologik, immunologik, kompyuter tomografiya, biopsiya olish va boshqalar maxsus tekshirish usullaridan foydalaniladi.

Tibbiyot amaliyotida radioizotoplar yordamida tekshirish usullari keng qoʻllanilmoqda. Ayrim radioaktiv moddalar, mas, fosfor, yod, stronsiy, oltin va boshqalarni oʻsma hujayralari sogʻlom hujayralarga nisbatan ancha koʻp yutadi, bu esa radioizotoplarning tarqalishiga qarab Oʻsmalar va metastazlarni barvaqt aniqlash imkonini beradi.

Oʻsmalar tuzilishining morfologik xususiyatlarini aniqlash davolashning aniq usulini tanlashda muhim ahamiyatga ega.

Xavfli Oʻsmalar kompleks usulda davolanadi. Oʻsmalar paydo boʻlgan aʼzoga, uning rivojlanish bosqichi, tuzilishiga, bemorning yoshi va boshqalarga qarab gamma va rentgen nurlari, doridarmonlar bilan davo qilinadi; lekin xirurgik usul keng qoʻllanadi.

Koʻpincha xirurgik usul nur va doridarmonlar qoʻllab davolash bilan birga olib boriladi (qarang Nur bilan davolash, Kimyoterapiya). Xavfli Oʻsmalarni nur bilan davolash onkologiyaning rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biridir.

Soʻnggi yillarda organizmning himoya kuchlarini oshirishga qaratilgan immunoterapiya usulida davolash jadal olib borilmoqda (qarang. Onkologiya).