Oʻtkir peritonit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Peritonit — qorin pardasing yallig‘lanishi, bolalar yoshida ko‘p uchraydigan xirurgik kasallikdir. Peritonit bugungi kunda bolalar ostida uchrash ehtimoli vaqt oʻtgan sari ortib bormoqda.

Tasnif[tahrir | manbasini tahrirlash]

Peritonitda qabul qilingan tasnif: etiologiyasiga ko‘ra — aseptik va infeksion; infeksiya tushish yo‘liga ko‘ra — preforativ, septik (kontaktli, gematogen) va kriptogen (nomaʼlum); tarqalish jarayoniga ko‘ra — umumiy va mahalliy; umumiy — diffuz va tarqalgan; mahalliy — chegaralangan (infiltrat, abssess), chegaralanmagan; ekssudat turiga ko‘ra — seroz, yiringli, xilyoz, qonli, safroli va axlatli bo‘ladi. Peritonitni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha bo‘lib, qorin bo‘shlig‘i aʼzolarining yorilishi yoki jarohatlanishi hamda gematogen va kriptogen (noaniq) yo‘l bilan infeksiya organizmga tushib, qorin pardani yallig‘lantiradi.

Etiologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bolalarda peritonit kelib chiqishi turlicha bo‘lib, kasallikning muddatiga, bolaning yoshiga, himoya kuchiga ko‘ra turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallik erta yoshdagi bolalarda juda xavfli va og‘ir kechadi. Tarqoq peritonitning kelib chiqishiga sabab; erta yoshdagi bolalar charvining kaltaligi, ichak qovuzloqlari plastik xususiyatining ojizligi, spetsifik immunologik javobning sustligi va qorin parda rezorbsiya xususiyatining kichik yoshdagi bolalarda sustligi kabi anatomo-fiziologik xususiyatlar kiradi.

Patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Peritonit patogenezida gemostaz buzilishining 4 ta asosiy sindromi kuzatiladi: zaharlanish, ishqor-kislota buzilishi, suv-tuz almashinuvining buzilishi va gipertermik sindromlardir. Zaharlanish — mikroorganizm va makroorganizm chirishi va zaharlarining qonga tushishidan kelib chiqadi. Bunda gistaminsimon moddalar qon tomir devorlarini parezga olib kelib, bu holat qon aylanishining markazlashishiga yoki dekompensatsiyasiga olib keladi. Ishqor-kislota muvozanatining buzilishi metabolik asidozni yuzaga keltiradi. Peritonitda nafas olishning buzilishi esa diafragma va moddalar almashinuvining buzilishidan kelib chiqadi. Chunki, bunda og‘riq taʼsiri, qorin bo‘shlig‘idagi dimlanib to‘plangan gaz, suyuqlik va ichakning parez oqibatida kengayishi diafragmani siqib, uning harakatini chegaralab qo‘yadi. Bu, ayniqsa, erta yoshdagi bolalarda nafas olish diafragmal turda bo‘lganligi va qovurg‘alarning gorizontal holatda joylashganligi uchun yaqqol ko‘zga tashlanadi. Diafragma harakat amplitudasining kamayishi, gipoksiya holati va bemor haroratining ko‘tarilishi, nafas olish chastotasining tezlashishi bilan kompensatsiyalanadi. Juda og‘ir holatda, peritonit bilan og‘rigan kasallarda, metabolitik asidoz holatining kuzatilishi prognostik jihatdan noxush holat bo‘lib, u ko‘plab vaziyatda xlor, kaliy miqdorining kamayishi, makroergik aloqaning yo‘qligi, „peritoneal buyrak“ va plazma miqdorining kamayishi bilan namoyon bo‘ladi. Suv-tuz almashinuvining buzilishi, asosan, normo- va gipovolemik degidratasiya bilan kechadi.

Klinikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Peritonitda qusish, suyuq ich ketishi oqibatida, qorin bo‘shlig‘iga suyuqlik va elektrolitlarning to‘planishi va ichakda parez alomatlari kuzatiladi. Bundan tashqari, nafas olishning tezlashishi (o‘pka orqali), haroratning ko‘tarilishi — teri orqali ko‘p miqdorda suyuqlik va tuzlarni yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Agar qusish orqali ko‘p miqdorda kaliy va xlor tuzlari chiqsa, bu metabolik alkaloz holatini tezlashtiradi. Gipertermik sindrom. Ombredan sindromi erta yoshdagi bolalarda katta ahamiyat kasb etadi. Bunda qonga so‘rilgan zaharlar (toksin), termoregulyator markazga taʼsir etib, periferik gemodinamikaning buzilishi oqibatida, teri orqali issiqlik ajralishining kamayishiga sabab bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan sindromlarning har xil rivojlanish darajasi, kasallikning boshlanish davriga, tarqalgan peritonitning rivojlanish tezligiga, bolaning yoshiga, premorbid holatiga va boshqa sabablarga bog‘liqdir. Shularni hisobga olgan holda, peritonit kechishi 3 bosqichga bo‘linadi: 1- bosqich — zaharlanish, degidratasiya, gipertermiya va nafas olish buzilishining ustunligi bilan kechishi; 3-bosqich — peritonitning asoratlanish bosqichli bo‘lib, septikopiemiya, ichak tutilishi, gipo- va disproteinemiya bilan kechadi. Bu bosqichlarni bir-biridan farqlashning doim imkoniyati bo‘lmasa-da, har qalay ularning har birida u yoki bu buzilishlarning rivojlangan holatlari ko‘zga tashlanadi[1].. Diplokokkli peritonit. Diplokokkli peritonit maktabgacha yoshdagi va undan katta bolalarda, ayniqsa, qiz bolalarda ko‘p uchraydi. Qiz bolalarda infeksiya qorin bo‘shlig‘iga qin orqali va kam holatlarda enterogen va gematogen yo‘llari orqali tushadi. Kasallikning katta maktab yoshida juda kam uchrashi (qiz bolalarda qindagi). Deterleyn tayoqchalarining paydo bo‘lishi, uni kislotali muhitni yaratib, patogen mikrofloraning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi bilan izohlaydi. Klinikasi. Kasallikning o‘tkir va birdan boshlanishi „birinchi soat simptomi“ bilan taʼriflanadi, qorinda dastlab og‘riq o‘tkir boshlanib, baʼzan uning pastki bo‘limlarida, baʼzan hamma joyda bo‘ladi. Isitmasi 39-40 °C ga ko‘tariladi. Qusish bir necha marta bo‘lib, baʼzan tez suyuq axlat keladi. Bola bezovtalanib, noliy boshlaydi. Og‘ir holatlarda aksi — yaʼni kamhollik, kamharakatlilik, es-xushni yo‘qotish va alaxlash kuzatiladi. Terisi oqarib, ko‘zi chaqchayadi. Tili qurib, oq karash bog‘laydi. Qorindagi og‘riq pastda, asosan, o‘ngda aniqlanadi. Mushak taranglashib, o‘ng chanoq sohasiga tarqaladi. ShetkinBlyumberg sinamasi ijobiy bo‘ladi. Baʼzan qizlarda qindan shillik-yiringli ajralma chiqishi aniqlanadi. Leykositoz 18-20000. Kasallikning klinik belgilari o‘tkir va tez kechganligi sababli kasal, asosan, kechiktirilmasdan kasalxonaga yotqiziladi va o‘z vaqtida davolanib, yaxshi bo‘lib chiqib ketadi. Appendikulyar peritonit. Kasallik o‘tkir appenditsitdan keyin bir necha vaqt o‘tgandan keyin paydo bo‘ladi. Anamnezdan kasalda, og‘riq qorinda paydo bo‘lib, bir marta qusadi va harorati ko‘tariladi. Keyinchalik og‘riq bir necha vaqt kamayib, harorati yuqoriligicha turadi. Kasalning umumiy holati birmuncha yaxshilanadi. Keyinchalik esa yomonlasha borib, qorindagi og‘riq kuchayadi, kasal qusa boshlaydi. Bunday kasalda oraliq yaxshilanish davri chuvalchangsimon o‘simta destruksiyasi va nerv tugunlarining nekrozi bilan xarakterlansa, kasallikning og‘irlashishi o‘simta perforatsiyasi, yaʼni peritonitning boshlanishi bilan ifodalanadi. Bunday paytda, bilmagungacha biror antibiotik berish kasaldagi peritonit aniqlanmasligiga sabab bo‘lib, og‘ir asoratlarga va oqibatlarga olib keladi. Kasal ko‘zdan kechirilganda, umumiy ahvoli ancha ayanchliligi ko‘zga tashlanadi. Terisi oqargan, „marmarsimon“ rangda, tili qurigan va oq karash boylagan, qisman hansirash kuzatiladi. Baʼzan puls chastotasi bilan harorat darajasi o‘rtasidagi birlik buzilib, kollaptoid holat yuzaga keladi. Qorin doim og‘riydi, mushaklar taranglashadi va Shetkin-Blyumberg simptomi o‘ng chanoq sohasida kuzatiladi. Baʼzan tenezm, ich ketishi va og‘riqli tez-tez siyish holatlari kuzatiladi. To‘g‘ri ichakni barmoq bilan tekshirilganda, ichakning oldingi devori og‘riqli osilgan holatdaligi aniqlanadi. Kichik yoshdagi bolalarda, kasallikning dastlabki davrida, umumiy ahvoli uncha o‘zgarmagan bo‘ladi. Keyinchalik nafas olish va yurak urishi tezlashadi. Metabolik jarayonlarning buzilishi natijasida, keyinchalik kasalning umumiy ahvoli battar yomonlashadi.

Davosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Appendikulyar peritonitni davolashda operatsiyaga tayyorlash, operatsiya va operatsiyadan keyingi davr asosiy o‘rin tutadi. Operatsiyaga tayyorlashdan asosiy maqsad gemodinamik buzilishlarni kamaytirish, kislotaishqor va suv-tuz almashinuvini kamaytirishdan iborat. Operatsiyadan ko‘zga tutiluvchi maqsad — birlamchi o‘choqni bartaraf qilish, qorin bo‘shlig‘ining lozim bo‘lgan sohasini yiringdan tozalab drenajlashdan iborat. Operatsiyadan keyingi davrda esa kasalni o‘rinda 30° burchak ostida yotish holatini, qo‘yilgan drenaj naylardan ekssudatlar chiqishini taʼminlash kerak. Yurak va nafas olish tizimi faoliyatini tiklash, zaharlanishni kamaytirish kislota-ishqor va tuz-suv almashinuvini mo‘tadillashtirishga qaratilgan kompleks davo tadbirlarini olib borishdan iborat[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. M. M. Aliyev. Andominal xirurgiya, 2018, Toshkent — 158-160 bet. ISBN 978-9943-22-157-4. 
  2. M. M. Aliyev. Bolalar xirurgiyasi, 2018, Toshkent: YANGI NASHR — 158-160 bet. ISBN 978-9943-22-157-4.