Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekcha-ruscha lugʻat (1959)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Oʻzbekcha-ruscha lugʻat

„Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ning titul beti
Asl nomi Узбекско-русский словарь
Muharrir(lar) Aleksandr Borovkov
Til oʻzbek, rus
Janr(lar)i lugʻat
Nashriyot Xorijiy va milliy lugʻatlar davlat nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1959
Sahifalar soni 839

„Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ (ruscha: Узбекско-русский словарь) — 1959-yil chop etilgan oʻzbekcha-ruscha lugʻat. Xorijiy va milliy lugʻatlar davlat nashriyotida chop etilgan. Tahrir hayʼatiga Aleksandr Borovkov raislik qilgan. Lugʻat shu kungacha chiqarilgan eng keng koʻlamli oʻzbekcha-ruscha lugʻatlardan biridir. Uning nashr etilishi oʻzbek leksikografiyasi tarixida muhim voqea boʻlgan. Lugʻat normativlik prinsipiga asoslangan va kirill alifbosida yozilgan.

Lugʻatga 40 000dan oshiq soʻz kiritilgan. Soʻzlarning maʼnolari va ishlatilishi misollar yordamida koʻrsatilgan, turli iqtiboslar keltirilgan. Tor doirada qoʻllaniladigan soʻzlar va atamalar lugʻatga kiritilmagan.

„Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ga jugʻrofiy nomlar, oʻzbekcha muhim qisqartma va abbreviaturalar hamda professor Aleksandr Borovkov tuzgan „Oʻzbek tilining qisqacha grammatik ocherki“ ilova qilingan. Bundan tashqari, oʻquvchilarga arab alifbosida nashr etilgan adabiyotlarni oʻqishda yordam berish maqsadida „arabcha ochqich“ ham ilova qilingan.

1952-yil Butunittifoq kommunistik partiyasi Markaziy komitetining Siyosiy byurosi SSSRning besh mamlakatida (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Moldaviyada) ruscha-milliy lugʻatlat tuzish haqida qaror qabul qilgan. Bu lugʻatlarni nashr etish Xorijiy va milliy lugʻatlar davlat nashriyotiga topshirilgan. Bundan keyin Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti leksikograflari bilan mazkur nashriyot xodimlari hamkorlik qila boshlagan. 40 000 soʻzni oʻz ichiga olgan „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ ana shu hamkorlik natijasida nashr etilgan. Bundan tashqari, yuqoridagi qaror asosida 1954-yil 50 000 soʻzli bir jildli „Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ ham chop etilgan.[1]

Lugʻatning nashr etilishi oʻzbek leksikografiyasi tarixida muhim voqea boʻlgan.[2] „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ 1981-yil nashr etilgan „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ uchun bevosita asos boʻlgan.[3]

Lugʻatni tuzishda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimlari S. F. Akobirov (O, TS, Oʻ), N. A. Alhamova (Q harfining qisqa soʻzidan oxirigacha), H. Gʻ. Gʻulomov (D, L, E, YU, YA va Q harfining boshidan qisqa soʻzigacha), N. M. Mamatov (T, F), G. N. Mixaylov (I, S), Q. Z. Muhamedov (A, Y, K va U harfining umr soʻzidan oxirigacha), M. S. Sodiqova (SH, Gʻ) va A. T. Xoʻjaxonov (V, G, YE, X, H va U harfining boshidan umoch soʻzigacha) qatnashgan.

B, YO, J, Z, M, N, P, R, CH harflarining dastlabki qoʻl yozmalarini A. M. Burnashev tuzgan. A, B, V, G, D harflarining qoʻl yozmalarini tuzishda 1947-1950-yillarda I. A. Kissen tomonidan tuzilgan qoʻl yozmalardan foydalanilgan.[1]

„Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ qoʻl yozmasi asosan bosh muharrir Aleksandr Borovkov bilan birgalikda OʻzSSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimlari S. F. Akobirov, Z. M. Maʼrufova, A. T. Xoʻjaxonov tomonidan tahrir qilingan. Bulardan tashqari, ayrim haflarning qoʻl yozmalarini tahrir qilishda N. A. Alhamova (F), H. Gʻ. Gʻulomov (M, F) va G. N. Mixaylov (M, T, Q) qatnashgan.

Lugʻat qoʻl yozmasini nashrga topshirish oldidan uning ruscha qismini N. A. Alhamova, YE. I. Mashtakova va G. N. Mixaylov koʻrib chiqqan. Qoʻl yozmani nashrga tayyorlashda yana Xorijiy va milliy lugʻatlar davlat nashriyoti xodimlari G. A. Davidova, YE. A. Potseluyevskiy, S. S. Selniker katta yordam qilgan.[1]

  1. 1,0 1,1 1,2 „Soʻz boshi“, Oʻzbekcha-ruscha lugʻat. Toshkent: Xorijiy va milliy lugʻatlar davlat nashriyoti, 1959. 
  2. „Soʻzboshi“, Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 6-bet. ISBN 5-89890-132-9. 
  3. „Soʻz boshi“, Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Moskva: Rus tili, 1981 — 5-bet.