Ohorlash
Ohorlash (toʻqimachilikda) — tanda ipiga maxsus modda (ohor) shimdirish. Ohor kraxmal kislotalar, ishqorlar, sovun, yogʻlar, glitserin, antiseptik moddalar va boshqalardan tayyorlanadi. Asosan jun, paxta, lub tolalaridan iigirilgan ip ohorlanadi. Ancha pishiq, dagʻal iplar ohorlanmaydi. Oʻzbekistonda ilgari ohor bugʻdoy unidan atala koʻrinishida tayyorlangan va lattada suzilgan. Toʻqish uchun doʻkonga solingan tanda parralari (tuklari) gula (toʻqimachilik dastgohining bir qismi)ga va tigʻ tishlariga yopishib qolib, toʻqishga xalaqit bergan, ip salga uzilavergan. Shu sababli, toʻquvchi tandaga ohor purkab, ip parralarini yotqizib silliqlagan. Shu jarayon ohorlash deb atalgan. Hozir ohorlash maxsus ohorlash mashinalarida bajariladi. Buning uchun mashinaga bir necha tanda ipi joylanadi. Soʻngra ip ohorli togʻoraga botiriladi. Ohor shimib olgan ip quritish barabanlari yoki quritish kamerasida quritiladi. Ohor ip sirtini silliqlaydi, uni pishiqlantiradi. Ohorlangan ipdan toʻqilgan gazlama koʻrkam, pishiq chiqadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |