Kontent qismiga oʻtish

Oktyabr inqilobi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Oktyabr toʻntarishidan yoʻnaltirildi)
Qishki saroyga hujum. "Oktyabr" badiiy filmidan kadr, 1927 yil

Oktabr inqilobi yoki Oktabr toʻntarishi, Oktyabr revolyutsiyasiRossiyada Muvaqqat hukumatni qurol kuchi bilan agʻdarilishi va hokimiyat tepasiga bolsheviklar partiyasining kelishi. Inqilob eski kalendar boʻyicha 1917-yil 24-26-oktyabr, yangi kalendar boʻyicha 6-8-noyabrda sodir boʻlgan.

Inqilob oldidan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fevral inqilobidan keyin Muvaqqat hukumatning ishchilar va dehqonlarning talablari, milliy masalalarni hal qilishdagi sustkashligi va qatʼiyatsizligi, Rossiyaning urushda ishtiroki davom etayotganligi umummilliy inqirozni avj oldirdi, markazda ekstremistik (oʻta soʻl) partiyalarning, mamlakatning chekkalarida esa millatchi partiyalarning kuchayishi uchun sharoit tugʻdirdi. Hammadan ham bolsheviklar faol harakat qildilar. Ular Rossiyada sotsialistik inqilobni boshlaymiz, bu jahon inqilobining debochasi boʻladi, deb bong urdilar. 1917-yil avgust oxiri — sentabr boshlarida bolsheviklar Petrograd va Moskva Sovetlarida koʻpchilikni egalladi va qurolli toʻntarishga tayyorgarlik koʻrishdi.

24-oktyabrdan 25-oktyabrga oʻtar kechasi (yangi taqvim boʻyicha 6—7-noyabr) qurollangan ishchilar, Petrograd garnizonining soldatlari va Boltiq flotining matroslari „Qishki saroy“ga bostirib kirdi va Muvaqqat hukumat aʼzolarini qamoqqa oldi. Butun Rossiya Sovetlarining 2-sʼyezdida bolsheviklar dastlab soʻl eserlar bilan hamkorlikda Muvaqqat hukumat agʻdarilganligini qoʻllab-quvvatlab, „Tinchlik va Yer“ toʻgʻrisida dekretlar eʼlon qildilar. V.I.Lenin boshchiligidagi hukumat — Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ni tuzdilar. Petrograd va Moskvada Muvaqqat hukumatga sodiq kuchlarning qarshiligini shafqatsiz bostirib, Rossiyaning muhim markaziy sanoat shaharlarida tezlik bilan hukmronlikni oʻrnatdilar. Asosiy dushman — kadetlar partiyasi esa qonundan tashqari deb eʼlon qilindi, partiya yoʻlboshchilari qamoqqa olindi, matbuot erkinligiga chek qoʻyildi.

Inqilobdan keyin

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shunga qaramay, Taʼsis majlisiga boʻlgan saylovlar (1917-yil 12-noyabr)da bolsheviklar faqat 25% ovoz oldi. 1918-yil 5(18)-yanvarda Petrogradda boʻlgan Taʼsis majlisi bolsheviklarning doʻq-poʻpisalardan iborat talablarini rad qilgach, ular tomonidan noqonuniy ravishda tarqatib yuborildi. Bu holat mamlakatning parchalanishi va Rossiyada fuqarolar urushi (1918—1922) kuchayishiga olib keldi. 1918-yil mart oyiga kelib Rossiyaning anchagina hududida sovet hokimiyati oʻrnatildi. „Harbiy kommunizm“ siyosatiga oʻtilishi, qatagʻon organi — Butun Rossiya Favqulodda komissiyasi (VCHK)ning tuzilishi (1917-yil dekabr oyi) va Qizil armiyaning tashkil qilinishi (1918-yil fevral oyi) bolsheviklar gʻalabasini taʼminlab, ularning yakka partiyaviy hukmronlikni oʻrnatishiga imkon berdi.

Turkistondagi vaziyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1917-yil kuzida Turkistonda hokimiyatning Sovetlar qoʻliga oʻtishi uchun obyektiv shart-sharoitlar yoʻq edi, bolsheviklarning omma oʻrtasida taʼsiri ham oz boʻlgan. Bu yerda asosiy siyosiy kuchlar eserlar va milliy partiyalar edi. Biroq, Oktabr toʻntarishi haqidagi xabar 27-oktyabrda Toshkentga yetib kelgach, bolsheviklar va soʻl eserlar hokimiyatni zoʻravonlik yoʻli bilan egallash uchun kurash boshladilar. Toʻrt kunlik janglardan soʻng Toshkentning yangi shahar qismida sovet hokimiyati oʻrnatildi (1917-yil 1-noyabr). Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti agʻdarib tashlandi. Biroq qurolli toʻqnashuvda mahalliy aholi deyarli ishtirok etmadi. 1917-yil 15-22-noyabrda boʻlgan Turkiston Sovetlarining Oʻlka sʼyezdida soʻl eserlar, bolsheviklar va maksimalistlardan iborat Turkiston oʻlkasi XKS (raisi F.I.Kolesov) tuzildi. Hukumat tarkibiga tub millat vakillaridan biron kishi ham kiritilmagan edi. Hokimiyatning Sovetlar tomonidan bosib olinishini taraqqiyparvar kuchlar (Fitrat, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev, Munavvarqori, Mustafo Choʻqay, Sherali Lapin va boshqalar) keskin qoralashgan. Turkistondagi sovet hokimiyati Muvaqqat xukumatdan meros qolgan harbiy kuchlar va boshqa qurolli kuchlarni oʻz qoʻliga toʻplab, Qoʻqonga hujum qiddi va Turkiston muxtoriyatini tugatdi (1918-yil fevral). Biroq Buxoroga qilingan bosqin (1918-mart) magʻlubiyatga uchradi (qarang Kolesov voqeasi).

Oktabr toʻntarishi 20-asrda Rossiya va butun jahon uchun kuchli taʼsir qildi. Dunyo siyosiy tartibotida aql bovar qilmaydigan voqealar yuz berdi. Amalga oshirilgan Oktabr toʻntarishini saqlab qolish uchun bolsheviklar butun ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ustidan diktaturani, yaʼni alohida shaxslarning hokimiyatini taʼminlab beruvchi harbiy-siyosiy rejimni oʻrnatdilar. Bu rejim sobiq SSSR hududida qatagʻon siyosatini amalga oshirdi. Garchi Oktabr toʻntarishi 18—19-asrlarda shakllangan sotsialistik gʻoyalar bayrogʻi ostida amalga oshirilgan boʻlsada, aslida maqsad qanday qilib boʻlmasin davlatni qoʻlga olishga qaratilgan edi.

Bolsheviklar Oktabr toʻntarishidan keyin oldingi imperiyachilik siyosatini izchil davom ettirdilar. 20-asrning 2-yarmida esa imperiya chegarasini Gʻarbiy Yevropagacha yetkazdilar. Dunyoning ikki qutbga boʻlinish jarayoni boshlandi. Bu ja-rayon 20-asrning 80-yillarigacha davom etdi. Oktabr toʻntarishi insoniyat tarixiy taraqqiyotini butunlay teskariga burib yubordi. Jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi xususiy mulk, tadbirkorlik, savdo-sotiq, erkin harakat, shuningdek, erkin fikr avvaliga bir qolipga solindi, keyinroq butunlay taqiqlab qoʻyildi. Insoniyat yaratgan, tabiat inʼom etgan hamma narsalar davlat mulkiga aylantirildi. Sobiq Ittifoq hududidagi xalqlarning qadriyati asta-sekin yoʻqotila borildi. Yagona xalq, yagona oila, yagona til kabi sunʼiy qadriyatlar tiqishtirildi.

Xalqni, uning manfaatlarini nazarpisand qilmay, aslida xalq irodasiga qarshi amalga oshirilgan Rossiyadagi Oktabr toʻntarishi 20-asrdagi davlat terrorizmini boshlab bergan siyosiy voqea edi.[1]

  1. Qahramon Rajabov, Sayfiddin Joʻrayev. OʻzME. Toshkent, 2000-yil
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000;
  • Туркестан в начале XX века: к истории истоков национальной независимости, T., 2000;
  • История Советской России, Санкт-Петербург, 2001;
  • История советского государства: 1900—1991, M., 2001.