Oltin beshik
„Oltin beshik“ — Qoʻqon xonligini idora etgan ming sulolasining kelib chiqishi haqidagi rivoyat. Unga koʻra, 1512-yil Bobur Samarqanddan Fargʻona orqali Hindistonga qochadi, yoʻlda Boburning xotinlaridan biri oʻgʻil tugʻadi. Qochoklar goʻdakni qarovsiz tashlab ketishga majbur boʻlishgan. Uni qimmatbaho ziynat buyumlari qoʻyilgan beshikka yotqizib, sodiq xizmatkorlardan biriga qoldiradilar. U Boburga goʻdakning taqdiri haqida xabar berishi kerak boʻlgan. Bu vaqtda mazkur joyda oʻzbeklarning qirq, qipchoq, qirgʻiz va ming urugʻlarining ovullari bor edi. Ushbu urugʻ vakillari bolani topib olib, unga „Oltin Beshik“ deb nom qoʻyganlar. Bola ming urugʻi ovuliga joylashtirilgan. Oltin Beshik voyaga yetganda xalq unga har bir urugʻdan (qirq, qipchoq, qirgʻiz va ming) bittadan qizga uylanishga imkon beradi. Ming urugʻidan boʻlgan katta xotin unga yolgʻiz oʻgʻil tugʻib beradi. Unga Tangriyor deb nom qoʻyadilar, boshqacha qilib Xudoyor yoki Eloq Sulton deb atay boshlaydilar. Bobur asarlarida Oltin Beshik haqida hech narsa demagan, uning zamondoshlari ham uni tilga olmaydilar. Shuning uchun bu rivoyatni Qoʻqon xonlari oʻz shajaralarini Bobur bilan bogʻlash va oʻz hokimiyatlarini barqaror etish maqsadida toʻqishgan deb hisoblash mumkin.
Rivoyatlarga koʻra, Oltin Beshik 1545-yil vafot etgan. Uning oʻgʻli Tangriyor keyinchalik Fargʻonaning hukmdori boʻladi, lekin xon emas, balki biy deb ataladi. Bu nom uning avlodlaridan to Olimxongacha berilgan.
Ad.h Bobobekov H.N., Qoʻqon tarixi, T., 1976[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |