Operatorlik sanʼati
Operatorlik sanʼati - suratga olish uslubi orqali film mazmuni va gʻoyasini ochib berish hamda badiiy tasvir yaratish vazifasidan iborat kinematografiya va televideniyega xos boʻlgan badiiy ijod sohasi. O.sning rivoji kino sanʼati, tasviriy sanʼat, teatr, dramaturgiya va boshqa rivoji bilan chambarchast
bogʻliq. Operator rej., rassom, filmning boshqa ijodkorlari bilan hamkorlikda kinematografik texnika va zamonaviy uslub asosida filmning tasviriy talqini, suratga olish jarayonini ishlab chikadi. Suratga olingan tasvir sifati operator mahoratiga bogʻliq; u suratga olish jarayonida umumiy, oʻrta, yirik planlardan, rakurs va yorugʻlik-nurdan, kinokadr kompozitsiyasidan maqsadga muvofiq foydalanadi. Operatorlik sanʼatining oʻziga xosligi shundaki, u ekranda narsalarning nafaqat shakl, rang, hajmini, suratga olish joyining manzara va masofasini toʻgʻri, butun boricha tasvirlash sanʼatini koʻrsatishga, balki harakat tezligi, surʼati va yoʻnalishiga imkoniyat yaratadi. Xronikal-hujjatli kino operatori kinojurnalist vazifasini, ilmiy-ommabop va oʻquv kinosi yaratilishida operator koʻproq muallifoperator vazifasini bajaradi. Har bir filmning postanovkachi operatori va ularga yordamchi operatorlar boʻladi. Yordamchi operator postanovkachi-operator topshirigʻi bilan ish koʻradi. Birinchi oʻzbek kinooperatori Xudoybergan Devonov oʻz faoliyatini 1907—08 yillar boshlagan. oʻzbek kinosining dastlabki yillarida F. Verigodarovskiy, A. Ginzburg, A. Bulinskiy kabi chetdan kelgan mutaxassislar faoliyat koʻrsatgan. 30-yillarning boshlarida oʻzbek operatorlaridan M. Qayumov, O. Tursunov, A. Saidov, M. Krasnyanskiy va boshqa ish boshlagan. Keyinroq Oʻzbekistonga kelib ishlagan ukrain operatori D. Demutskiy faoliyati respublikamizda Operatorlik sanʼatining yuksalishida alohida oʻringa ega. U operatorlik qilgan "Nasriddin Buxoroda", "Tohir va Zuhra", "Nasriddinning sarguzashtlari" kabi filmlar eng yaxshi milliy kino asarlaridir.
50-yillarda N. Ryadov, A. Pann, P. Rasulov, X. Fayziyev kabi milliy suratga olish ustalari kirib keldi. 60—70-yillarga kelib oʻzbek operatorlari film mavzuini kengaytirish uchun yangi uslublar topishda izlandilar. D. Fatxullin ("Nafosat"), Davron Salimov ("Doyra"), T. Roʻziyev ("Yor-yor"), Sh. Junaydullayev ("Dilbarim") kabi yangi kuchlarning kelib qoʻshilishi filmlarning tasvir imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. 70—80-yillar oʻzbek kinosida keng tarqalgan janr va mavzu xilma-xilligi yangicha fikrlaydigan operatorlar yetishib chiqishini taʼminladi. Ayniqsa, A. Ismoilov ("Shiddat"), Sh. Mahmudov ("Ajoyib xayolparast"), T. Qayumov ("Jazirama quyosh ostidagi uy"), E. Aʼzamov, L. Simbirsev ("Ota nasihati"), D. Abdullayev ("Vatanga xizmat qilib"), N. Gʻulomov ("Suyunchi"), B. Nazarov ("Soʻz raisga") kabi operatorlarning xizmatlari alohida.
Mustaqillikdan soʻng Operatorlik sanʼati yanada gurkirab oʻsdi, imkoniyatlar kengaydi, janr va uslub jixatdan chuqurlashdi. Oʻzbek operatorlarining mahoratlari namoyon boʻlishida "Buyuk Amir Temur" (R. Ibrohimov), "Margʻiyona" (H. Hasanov), "Otamdan qolgan dalalar" (R. Galiyev), "Yolgʻiz yodgorim" (U. Hamroyev), "Ayollar saltanati" (H. Fayziyev,) "Tilsimoy — gʻaroyib qizaloq" (M. Mirzaahmedov) kabi filmlar yana bir katta "kuprik" vazifasini oʻtadi. Rej. Zulfiqor Musoqovning "Askar hikoyasi", "Abdullajon", "Ayajon", "Moʻʼjizalar maydoni" filmlari vizual sanʼat rivojlanishida boy "ozuqa"dir. Falsafiy gʻoya bilan sugʻorilgan U. Hamroyevning "Voiz" filmi yirik operatorlik ishi boʻddi. M. Qayumov, H. Fayziyev, A. Ismoilov, T. Nodirov, D. Salimov, Sh. Mahmudov, D. Abdullayev va boshqa respublikamizning eng taniq li operatorlaridan.
Joʻra Teshaboyev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |