Kontent qismiga oʻtish

Otaulla Xoʻjayev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Otaulla Xoʻjayev
Otaxoʻja Poʻlatxoʻjayevich Xoʻjayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1880
Buxoro
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
O‘zbekiston SSR

Otaxoʻja (Otaulla) Poʻlatxoʻjayevich Xoʻjayev (1880-yil, Buxoro — 1937-yil 25-oktyabr, Toshkent) — Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, davlat va jamoat arbobi.

Otaulla Xo‘jayev 1880-yilda Buxoro shahridagi yirik qorako‘l savdogari Qori Po‘latxo‘ja oilasida tugʻilgan.

Dastlab Buxoroda eski maktabda, soʻng madrasa tahsilini olgan. Soʻngra Turkiyaga borib, akasi Usmon Xoʻja, Fitrat va boshqa bilan Istanbulda Voizin madrasasida tahsil olgan tahsil olgan (1909—13).

Jadidchilik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1913-yilning bahorida Turkiyadan Fitrat bilan birga Otaulla Xo‘jayev ham Buxoroga qaytib kelgan. „Tarbiyai atfol“ maxfiy tashkiloti va Yosh buxoroliklar partiyasi faoliyatida qatnashgan. 1913—1914-yillarda Buxoro amirligida jadid maktablari ochgan va muallimlik qilgan. 1914-yildan boshlab Fitrat va Otaullaxo‘jalar boshchiligida jadidlar G‘ijduvon, Karmana, Nurota, Chorjo‘y, Karki kabi manzillarda ham yangi usul maktablari tashkil etgan. Buning uchun Buxoro amiri Olimxon tomonidan taʼqibga uchragan va 1915-yilda 45 kun zindonda oʻtirgan. 1917-yilning aprelidagi namoyishda Otaulla Xo‘jayev boshchiligida Hoji Mirbobo Mirmuhsinov, Abdurahim Yusufzodalardan iborat „Yosh buxoroliklar“ delegatsiyasi qoʻshbegi qabuliga yuboriladi. Elchilar mutaassib dindorlarning talabi bilan qabul qilinmasdan Ark zindoniga tashlanadi. Mirzo Narzullo, Sadriddin Ayniy, Mirzo Sahbo singari jadidlar amir askarlari tomonidan qo‘lga olinib, kaltaklanadi. Keyinchalik Muvaqqat hukumatning vakillari yordamida jadidlar zindondan ozod qilinadi[1].

Otaulla Xo‘jayev 1918-yilning martida yuz bergan „Kolesov voqeasi“dan keyin Buxorodan ketib Samarqandda Rahmat Rafiq Abdullabekov bilan birgalikda „Yosh buxoroliklar“ tashkilotiga rahbarlik qiladi. Toshkentga borib turk asirlari Ali Someʼbek, Usmonbeklar bilan uchrashadi. So‘l eserlar partiyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, partiya yig‘inlarida ishtirok etadi.

Siyosiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

BXSR Qarshi viloyati inqilobiy qoʻmitasi raisi (1920) boʻlgan. U Qashqadaryo vohasida BXSR hukumati mavqeyini tiklash hamda xalq xo‘jaligi ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida turli ishlarni amalga oshiradi. Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlangach, 1920-yil 6-oktyabrda Sitorai Moxi-xosa saroyida ikki mingga yaqin delegat ishtirokida qurultoy o‘tkazilib, unda Otaulla Xo‘jayev Ichki ishlar noziri lavozimiga tayinlanadi. BXSR Nozirlar Shoʻrosi raisi oʻrinbosari (1921—23). 1922-yil 21-avgustda Fayzulla Xo‘jayev kasalligi to‘g‘risida ariza yozib, Rossiya yoki Germaniyada davolanish uchun uch oyga ruxsat berishlarini so‘raydi. Shu davrda Otaulla Xo‘jayev Xalq Nozirlar Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib boradi (1922 avgust—noyabr). 1922-yilning 8-noyabrida Sitorai Moxi Xosada Buxoroning birinchi muzeyi ochiladi. Bu tantanalarda hukumat rahbarlari ishtirok etadilar. BXSR Nozir sho‘rosi raisi vazifasini bajaruvchi Otaulla Xo‘jayev Buxoro muzeyining ochilishi munosabatida yig‘ilgan tantanada katta nutq so‘zlab, muzeyning tarixiy o‘rniga to‘xtalib oʻtadi. Ota Xoʻjayev 1923-yildan tashqi ishlar noziri vazifasini bajargan. BXSRning Moskvadagi muxtor vakili (1922-yil yanvar—may). 1921-yil yozida Ota Xoʻjayev boshchiligidagi maxsus komissiya Baljuvonda Davlatmandbek qoʻrboshi, Kamolbiy va Qayum toʻqsabo bilan BXSR hukumati nomidan muzokaralar oʻtkazgan va sulh shartnomasi imzolangan (1921-yil 12 avgust). 1920-yildan Buxoroda yashirin faoliyat koʻrsatgan „Milliy Ittihod“ tashkiloti ishida faol qatnashgan. RKP(b)MK Oʻrta Osiyo byurosi kotibi Ya. E. Rudzutakning talabi bilan Fitrat va boshqa nozirlar qatorida oʻz lavozimidan olib tashlangan va BXSR hududidan surgun qilingan.

Otaulla Xo‘jayev O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgandan so‘ng nogironlarning Butun o‘zbek uyushmasi (Vseuzbeksoyuz)  raisi o‘rinbosari (1925), 1930—1933-yillarda Xorazm okrugi va Tojikiston ASSRda turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik Kislovodskdagi „O‘zbekiston“ sanatoriysi direktori, „O‘zbekbirlashuv“ tizimida mas’ul xodim (1935—1936), Buxoroning Labi hovuzida joylashgan birinchi gastronomning tashkilotchisi va direktori (1935—1937) lavozimlarida xizmat qilgan[2].

Qatagʻon qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1937-yilning sentabr oyida (sanasi ko‘rsatilmagan) gastronom do‘koni mudirligi vaqtida 62 567 so‘mlik kamomadga yo‘l qo‘ygan degan ayb bilan Otaulla Xo‘jayev rahbarligida 8 kishiga nisbatan tuhmat asosida sud ishi ochiladi. „Aybdorlarga“ 1937-yil 14-oktabr kuni O‘zSSR NKVD huzuridagi „uchlik“ qarori bilan oʻlim jazosi berilgan.

BXSRning rahbar arboblari (jami 17 kishi) bilan birgalikda u qamoqda olingan va otishga hukm kilingan. Otaulla Xoʻjayev 1965-yil 2-dekabrda vafotidan so‘ng oqlangan.

  1. „“Buxoro hukumatining hurmati oldida sovet obro‘si hech narsa emasdi” – 17 nafar safdoshi bilan otib tashlangan ichki ishlar noziri Otaulla Xo‘jayev“ (2023-yil 31-yanvar). Qaraldi: 2023-yil 22-iyul.
  2. O'zbekistonda sovet davlatining qatag'on siyosati. Ilmiy maqolalar to'plami. Toshkent 2012 — 68-bet.