Oyxonim (Ashtarxoniy malika)
Oyxonim — Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi malikasi. Buxoro xonligi hukmdori Vali Muhammadxonning (1605—1611) xotini. Ashtarxoniy xonimlar orasida yuksak eʼtibor sazovor boʻlgan Oyxonim ismli goʻzal ayol boʻlgan. Oyxonim 1598-1628 yillarda hukmronlik qilgan qozoq sultoni Eshim sultonning qizi boʻlgan[1]. Farzandlarga ism tanlaganda albatta chiroyli ism tanlab qoʻyganlar. Musulmon diniy eʼtiqodiga koʻra, „oy“ juda qadrlagan. Shu jihatdan ham Oyxonim ismi eng yaxshi ismlar sifatida qadrlangan. „Xonim“ soʻzi qadimgi turk-moʻgʻul xalqlarining aslzoda ayoliga yoki qiziga tegishli boʻlgan. Oʻtkir zehnli, husni latofatda tengi yoʻq Oyxonim qozoq sultonlari va oʻzbek xonlarini birday oʻziga rom qilib kelgan. Vali Muhammadxon Buxoro taxtini egallagandan keyin Oyxonimga uylangan va u haramdagi eng suyukli ayol boʻlgan. Vali Muhammadxon oʻldirilgan keyin Oyxonimning sharʼiy iddasi (kamida uch oy) tugagach, Imomqulixon ham aynan shu ayolga uylangan. Bunday nikohga kirishishning birinchi jihati Oyxonimning oqila va goʻzalligi boʻlsa, ikkinchi jihati shimoliy chegara sarhadlaridagi tinchlikni saqlashga qaratilganligi edi[2].