Palak (badiiy buyum)
Palak — qoʻlda yoki mashinada kashta tikib tayyorlanadigan badiiy buyum. Xonani bezatish uchun devorga osiladi. Ip-gazlama (oʻtmishda oq yoki malla boʻz)ga bosma va boshqa chokda kashta tikiladi. Toʻlin oyli osmon aks ettiriladigan naqsh mujassamoti osmon, oy va yulduzlarni ifodalovchi ramziy shakllar (doyra va yulduzlar)dan iborat. Gullarning yirikligi va zamini ham kashta bilan quyuq qoplab tikilishiga koʻra soʻzanadan farq qiladi. Tasvirdagi oy soniga qarab 6 oyli, 12 oyli va boshqa P. xillari mavjud. P.ning rangi, jilosi, mujassamoti, badiiyligi chevarning mahorati va didiga bogʻliq.
20-asr 60-yillardan mashina kashtadoʻzligi keng tarqalishi bilan kashtasi mashinada tikib tayyorlangan P.lar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi (qarang Popopchilik). Turli xil rangdor matolar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi kashta zaminida mato rangini saqlab qolishni taqozo etdi. Shuning uchun P. oʻrnini soʻzana egallay boshladi. Toshkent, Fargʻona, Surxondaryo va boshqa joylarda yaratilgan P.ning ajoyib namunalari Oʻzbekiston va xorij muzeylarida saqlanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |