Paleomagnetizm
Paleomagnetizm (paleo ... va magnetizm) — togʻ jinslari oʻzining shakllanish davrida Yer magnit maydoni taʼsirida magnitlanish xususiyati va bu magnitlanish (qoldiq magnitlanish)ning keyingi davrlarda saqlanishi. Magnitlanishning koʻlami va yoʻnalishi yer yuzasining mazkur nuqtasida jinsning hosil boʻlgan vaqtidagi, yaʼni million yillar avvalgi magnit maydoniga muvofiq boʻladi. P. tog jinslarida saqlanib qolgan magnitlanganlikni tadqiq etish orqali geomagnit maydoni (qarang Yer magnetizmi) tadrijini oʻrganishga imkon beradi. Har bir jinsda maʼlum miqdorda ferro- yoki ferromagnit minerallar (magnetit, titanomagnetit, gematit, ilmenit, maggemit, pirotin va boshqalar) donachalari boʻladi. Togʻ jinslari shakllanish sharoitiga qarab intensivlik va barqarorlik (magnitsizlantiruvchi taʼsirlarga chidamliligi) jihatdan turlicha magnitlanadi. P. uchun geomagnit maydonida Kyuri nuqtasivyan yuqori temperaturada togʻ jinslari sovitilayotganda hosil boʻladigan qoldiq termomagnitlanish (TRM) ahamiyatlidir. TRM, asosan, lava, intruziyalar soviyotganda vujudga kelib, otqindi jinslarga xosdir. Kimyoviy magnitlanish (CRM) magnit maydonda ferromagnit zarralarining koʻpayishidan hosil boʻladi. Yopishqoq qoldiq (VRM) magnitlanish jinsga magnit maydonining uzoq vaqt taʼsiri natijasida (termoaktivatsion va diffuzion jara-yonlar hisobiga) yuzaga keladi. Oriyentatsion qoldiq magnitlanish (DRM) choʻkindi jinslarda hosil boʻladi. Bunda TRM va CRM ga ega boʻlgan yuvilgan kristall jinslarning magnitlangan donachalari suv havzalari va daryolar tubida choʻkib, magnit maydonida kompas strelkasi kabi oriyentirlanadi. Keyin zarrachalar choʻkin-di qotayotganda unga sementlanib yopishadi va oʻzining oriyentatsiyasini saqlab qoladi, bu jinsning qoldiq mag-nitlanishini belgilaydi. Choʻkindi jinslarda CRM shakllanish davrida, shuningdek, keyinroq hosil boʻlishi mumkin. Otqindi jinslarda esa CRM hamma vaqt ikkilamchidir, yaʼni key-inchalik vujudga keladi. VRM xdmisha ikkilamchi, binobarin u aniqyoshga ega emas. Shunday qilib, TRM va DRM jinsning shakllanish jarayoni bilan bogʻliq. Agar jinsning yoshi maʼlum boʻlsa (qarang Geoxronologiya), magnitlanish vujudga kelgan vaqt ham aniq boʻladi — bu geomagnit maydonining vaqt ichida oʻzgarishiga imkon beradi. Togʻ jinslarining birlamchi magnitlanganligini oʻrganib Yer magnit maydoni tarixini, yaʼni magnit qutblarining siljib yurishini kuzatish mumkin.
Muntazam paleomagnit tadqiqotlar turli mamlakatlarda 20-asrning 50-yillaridan olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida keyingi 600 mln. yilda geomagnit maydonining kuchlanishi deyarli oʻzgarmagan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |