Kontent qismiga oʻtish

Pashshot qoʻrgʻoni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Joylashuv Nurota, Navoiy viloyati
Turi Arxitektura yodgorligi
Qurila boshlagan Paleolit davri
Xarita

Pashshot qoʻrgʻoni — Nurota vohasidagi tarixiy arxeologik yodgorliklardan hisoblanadi. Antik davrga oid majmua. Majmua qal’a, shahriston va devor bilan oʻrab olingan rabotdan iborat boʻlgan. Shu hududda istiqomat qiluvchi mahalla raisi Mansur Jumayev qoʻrgʻon atrofidan 1994-yilda qimmatbaho koʻzli uzuk topib olgan. Jumayev bu hududda xazina bor deb oʻylab, qazishma ishlarini olib borgan. Qazishma ishlari natijasida qoʻrgʻon yoʻlidagi ariqda sopol quvurlar mavjudligi, ular bir-birining ichiga kiritilib, shimol tomonga qarab yoʻnaltirilgani aniqlangan[1].

Taxmin qilinishicha, Pashshot qoʻrgʻoni oʻz davrida buloq ustiga qurilib, buloqdagi ortiqcha suv sopol quvurlar orqali tashqariga yoʻnaltirilgan. Hozirgi paytda ham qoʻrgʻon ichidan tashqari tomonga suv chiqib, yuqoridan oqib keluvchi buloq suvi arigʻiga qoʻshiladi. Pashshot dastlabki paytlarda mustahkam qal’ali qoʻrgʻon boʻlgan. Qal’a devorlari Nur shahridan Qoʻshotgacha choʻzilib ketgan. Pashshot bulogʻi sharsharasining sadosi Qoʻshotgacha eshitilib turgan ekan. Shundan keyin oʻsha atrofda „Sharsharai Pashshot gʻulgʻulai Qoʻshot“, degan naql paydo boʻlgan[2].

R. Asatovning „Gʻozgʻonnoma“ asarida yozilishicha, Pashshot qoʻrgʻon qal’asining hokimi ayol kishi boʻlgan, jasurlikda tengi yoʻq ekan. Nur qal’asini jangsiz egallagan dushman lashkarboshisi Pashshot hokimiga xabar joʻnatib, unga boʻysunib peshvoz chiqishini soʻraydi. Pashshot hokimi buni rad etib, qal’a qoʻrgʻonini himoya qilishga kirishadi. Gʻazablangan dushman sarkardasi Pashshot hududiga qoʻshin tortib, qal’ani oʻqqa tutadi. Qal’a yongʻin ichida qoladi. Ammo hech kim taslim boʻlmaydi. Dushman sarkardasi bir kecha-kunduz qal’ani oʻqqa tutib turadi. Ichkarida hamma narsa, hatto, odamlar ham kuyib ketadi. Atrofni esa qoʻlansa is, tutun qoplaydi. Qal’ada hayot tugaydi. Shundan soʻng dushman sarkardasi „past shud“, yaʼni „soʻndi, tindi“, deb hujumni toʻxtatadi. Qal’adan bir uyum kultepa qoladi. Shundan keyin qal’a „past shud“ — Pashshotga aylanib, hozirgacha shu nom bilan ataladi.

Pashshot bulogʻi ostidan qadimgi paleolit davriga oid chaqmoqtosh parchalari va keyingi davrlarga mansub turli sopol boʻlaklari, jezdan yasalgan buyumlar va butunligicha saqlangan xum va koʻzalar topilgan.

  1. T.Salimov, D.Bababekov „Pages of History of the Nurota Oasis“ (inglizcha). Qaraldi: 29-iyul 2023-yil.
  2. Нурота тумани кеча ва бугун. Sahhof 2020 — 53-bet. ISBN 978-9943-6665-2-8.