Kontent qismiga oʻtish

Patronaj

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Patronaj (frans. patronage — homiylik) — bolalar maslahatxonasi, poliklinikalari, ayollar maslahatxonalari, sil dispanseri va boshqa dispanserlar tomonidan yosh bolalar, homiladorlar va ayrim bemorlarga uy sharoitida tibbiy yordam koʻrsatish sistemasi. Bolalar maslahatxonasi va poliklinikalarida vrachga u xizmat qiladigan uchastka biriktiriladi; vrachga bir yoki ikkita P. hamshira yordam beradi, ular oʻz uchastkasidagi bolalarga uyda yordam koʻrsatadi. P. hamshira bolaning sogʻligʻini, bola parvarishini, oilaning moddiymaishiy turmushini aniklaydi. P. hamshira va (akusher) vrach uyda onalar bilan suhbat oʻtkazadi, bola emizish, parvarish qilish, chiniqtirish qoidalarini oʻrgatadi; raxit, sil, meʼda-ichak kasalliklarining oldini olish, chechak, difteriya, koʻkyoʻtal, poliomiyelit, silga qarshi emlashning ahamiyatini tushuntiradi. Bola kasal boʻlib qolsa, qanday parvarish qilishni onaga oʻrgatadi. Ona tugʻruqxonadan chiqqanidan keyin 3 kun orasida P. hamshira yoki vrach uyga borib, chakaloqni sinchiklab tekshiradi va vaqtvaqti bilan bolaning holidan xabar olib turadi.

Ayollar maslahatxonasi vrach va hamshiralari xotinlarga homiladorlik va tuqqandan keyingi davrda P. yordami beradi. P. uyda davolanadigan beozor surunkali ruhiy bemorlarga yordam berishning bir turi hamdir. Boshqa dispanserlar (onkologik, sil va boshqalar) da P. bemorlarning muntazam katnab davolanishi va vrach belgilagan rejimni bajarishini nazorat qiladi.

Dilbar Maxmudova.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil