Kontent qismiga oʻtish

Pay choʻzilishi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Pay choʻzilishiboʻgʻimlardagi payning shikastlanishi. Bunda pay yoki uning tolalari, baʼzan payning suyaklarga birikadigan qismi uziladi, lekin boʻgʻimdagi suyaklarga shikast yetmaydi. Koʻpincha boldir-oyoq panjasi boʻgʻimi paylari choʻziladi. Paylar choʻzilganda qattiq ogʻriq paydo boʻladi, bemor oqsab qoladi; boʻgʻim atrofi shishadi, terisi koʻkaradi, boʻgʻimda harakat qiyinlashadi. Paylar uzilganda bemor oyogʻini bosa olmaydi, boʻgʻimlari shishib ketadi, qon quyilishi mumkin. Pay choʻzilishiga ahamiyat bermay vrachga murojaat qilinmasa, shikast surunkali tus olib, kasallik uzoq vaqt bemorni bezovta qilishi mumkin. Pay choʻzilganda, birinchi navbatda, payi choʻzilgan boʻgʻimni bint bilan siqib bogʻlab, ogʻriq kuchli boʻlsa, boʻgʻimga orom berish, uni qimirlatmaslik, zudlik bilan vrachga murojaat qilish kerak. Toʻgʻri davo qilinsa, bemor hech qanday asoratsiz tuzalib ketadi, aks holda, Pay choʻzilishi tez-tez takrorlanib turishi mumkin. Pay choʻzilishining oldini olish uchun (xususan, sportsmenlarda) muskul sistemasi tonusini bir maromda tutish, sport oʻyinlari vaqtida elastik bint bilan boʻgʻimni siqib bogʻlab olish, maxsus sport poyabzali kiyish yoki tizzaband taqish tavsiya etiladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil