Kontent qismiga oʻtish

Paykent tabiat yodgorligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Paykent tabiat yodgorligi qadimiy karvon yoʻli ustida qad koʻtargan shahar xarobasida (miloddan avvalgi IV—III, milodiy XI asrlar) joylashgan. Buxorodan 44 km janubi-gʻarbda, Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda joylashgan[1].

Tashkil etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Paykent tabiat yodgorligi Buxoro viloyati hokimligining 1987-yil 21-fevraldagi KI-122-sonli qarori bilan tashkil etilgan. SSSR davrida Paykent tabiat yodgorligi qo‘riqxona maqomiga ega boʻlgan.

Paykent tadqiqoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1914-yilda Paykentning ilk qazishma ishlarini Turkiston arxeologiya ixlosmandlari toʻgaragi kotibi L. A. Zimin[2] olib borgan.

1939—1940-yillarda Paykentda Davlat Ermitaji va Moddiy madaniyat tarixi instituti tomonidan tashkil etilgan Zarafshon ekspeditsiyasi ish olib borgan, unda Oʻzbekiston qadimiy yodgorliklar va sanʼatni muhofaza qilish qoʻmitasi (Oʻzkomstaris) aʼzolari ham ishtirok etgan[2].

1981-yilda Ermitaj va Oʻzbekiston Arxeologiya institutining qoʻshma Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi manzilgohni tizimli oʻrganish ishlariga kirishadi[2].

2010-yillarga qadar aholi punktining 20 gektarga yaqin, yaʼni 15% qismigina oʻrganilgan[2].

Qadimgi va ilk oʻrta asrlar davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Paykent — Buxoro Soʻgʻdining yirik shaharlaridan biri boʻlib, „savdogarlar shahri“ deb atalgan[3].

Paykent oʻrnida eng birinchi aholi punktlari miloddan avvalgi III asrlarda paydo boʻlgan[4]. Keyinchalik ushbu hududning shimoli-sharqiy burchagida kvadrat qal’a barpo etilgan. Qal’aning oʻziga xos istehkomlar tizimi mavjud boʻlib, uning shimoli-sharqiy burchagidagi qal’a devorlarining umumiy qalinligi 30 m dan ortiq boʻlgan. Shuningdek, qal’ada olovli maʼbad ham mavjud boʻlgan. Shahar ikki qismdan: qal’a va Shahristondan iborat boʻlib, qal’a qismi VIII asr oxiri — IX asr boshlarida hukmdorning qarorgohi va uning saroyi vazifasini bajargan. Qal’a devorlari tashqarisida rabodlar ham qad koʻtargan. Shaharning gʻarbiy qismida V—VI asrlardagi Soʻgʻd harbiy meʼmorchiligining ajoyib namunalaridan hisoblangan 10 ta minora qoldiqlari yaxshi holda saqlangan. Minoralar toʻrtburchaklar shaklida ikki qavatli bino tarzida qurilgan boʻlib, tashqi qismida uch qator toʻrtburchak teshiklar mavjud boʻlgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Paykent erkin shaharlardan hisoblangan, yaʼni shaharda oʻzini oʻzi boshqarish ichki tizimi mavjud boʻlgan.

Paykent ilk oʻrta asrlarda Samarqand shahri bilan birgalikda Oʻrta Osiyoning savdo markazlaridan biriga aylangan.

Firdavsiy oʻzining Shohnoma asarida Kayxusrav Paykentda Otash ibodatxonasini qurdirgani, u yerda zardushtiylarning muqaddas kitobi Avesto bitilgani haqida xabar beradi. Tomashek, Markvart kabi tarixchilar Paykentni eftaliylar shohlarining qarorgohi boʻlgan deb yozishadi. Shuningdek, At-Tabariy, Ibn Hurdodbeh, Ibn al-Faqihlar shaharni „Madina at-tujar“ — „Savdogarlar shahri“, Narshaxiy (899-959) Tarixi Buxoro asarida esa „Shahristoni roin“ deb atagan[5].

Tabiat yodgorligining umumiy maydoni — 33,0 gektarni tashkil etadi.