Kontent qismiga oʻtish

Pichot mahallasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Pichot qishlogʻi joylashuvi

Pichot qishlogʻi Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani markazi janubiga tutash hududda joylashgan boʻlib, sharq, gʻarb va janub tomondan qir-adirlar bilan oʻralgan. Qishloq oʻrtasidan katta soy oqib oʻtadi. Soy shu er nomi bilan Pichotsoy deb ataladi. Pichotsoy suvi sababli bu qishloq aholisi qadimdan dehqonchilik bilan shugʻullanib kelgan. Tuprogʻi serunum, iqlimi soy salqini va togʻlar qurshovi sababli yozda ham qishda ham qulay, moʻ'tadil. Sabzavot va hoʻl mevalarining ajoyib taʼmi bilan mashhur.

Pichot qishlogʻi oʻnga yaqin kichik qishloqlarni oʻz ichiga oladi hamda ularning umumiy nomi sifatida ishlatiladi. Pichot nomi bilan nomlangan mahalla fuqarolar yigʻini bor.

„Pichot“ qishlogʻi hududida qadimgi hayot izlari.

2014-yil Pichot qishlogʻida yashovchi Mamatov Narmon hovlisida ekskvator bilan mashinaga tuproq ortilayotganda qadimiy qabr qoldiqlari chiqdi. Qoʻshrabot tuman „Mahalla“ xayriya jamgʻarmasi raisi Normoʻmin Usmonov tashabbusi bilan qabrdan topilgan ashyolarni tekshirishga jalb etilgan mutaxassislar bu qabr taxminan V, VI asrlarga tegishli ekanligini aniqlashdi. Bu topilma Pichot hududida topilgan yagona va eng qadimgi manba emas. Bundan tashqari bu qishloqning turli joylarida ariq kovlanayotganida, hovlilarda, tomorqalarda er tekislash yoki loy qorish uchun qilingan xandaqlarda har xil haykallar, odam suyaklari, mehnat qurollari, uy-roʻzgʻor anjomlari, kulolchilik mahsulotlari va hakazo koʻplab ashyolar hozirgacha topilib turibdi. Bu topilmalar nafaqat qishlogʻimizning umuman insoniyat tarixini oʻrganishda ahamiyatli manba boʻla oladi. Afsuski bular toʻplanib, oʻrganib borilmaganligi uchun odamlarning uylarida saqlanib, ayrimlari hatto eʼtiborsizlik tufayli yoʻq boʻlib ketdi. Ammo kam boʻlsada saqlanib qolganlarini chuqur oʻrganishimiz bu erlarning oʻtmishi haqida asosli xulosalar chiqarishimiz uchun etarli boʻladi. Bu fikrimizga ikkita misol keltirsak,

1. Haydarov Abdujabborning hovlisidan topilgan va uyida saqlanayotgan kulolchilik buyumlari parchalari, katta xumdon va juda antiqa chirogʻpoya bor. Bu chirogʻpoya misdan juda nafis va bejirim yasalgan boʻlib, yon tomondan qaralganda fil boshi va xartumini eslatadi. Unga chekilgan qadimiy iorogliflar, jangchilar va jang aravalari tasvirlari bizga koʻp narsani soʻylab berishga tayyor turibdi.

2. „Baliqchi Ota“ qabristonida qabr kovlangan paytlarda topilgan turli davrlarga oid kulolchilik buyumlari parchalari „Baliqchi Ota“ masjidi hovlisida saqlanmoqda. Bularning koʻpi bu erga islom dini kirib kelishidan avvalgi davrlarga tegishli boʻlib, oʻsha paytlarda yashagan insonlarning hayoti, urf-odatlari va madaniyatini oʻrganishda qoʻl keladi. Misol uchun bu qabristondan ayol kishiga tegishli boʻlgan jasadga qoʻshib koʻmilgan uy-roʻzgʻor anjomlari va xar xil donlar solingan anjomlarni keltirish mumkin. (Soʻzimiz choʻzilmasligi uchun shu ikkita misol bilan kifoyalandik)

Mana shunday ashyoviy dalillarni oʻrganishimiz natijasida „Pichot“ qishlogʻi hududida inson hayoti izlari eramizdan avvalgi davrlarga borib taqaladi deb ayta olamiz.

Pichot-qadimgi karvon yoʻllarining soʻlim bekati

Nurota va Samarqand shaharlari azaldan Buyuk Ipak yoʻlining asosiy manzilgohlaridan boʻlgan. Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asarida yozilishicha Nurota-Samarqand yoʻnalishidagi karvonlar qatnovi Buxoro yoʻnalishidagi Choʻli Malik orqali oʻtgandan koʻra hozirgi Qoʻshrabot tumani hududidan oʻtish qulay va yaqinroq boʻlgan. Qoʻshrabot tumani hududida (hozirgi Qoʻshrabot mahallasi hududida Rabot qishlogʻi oʻrnida) qadimdan rabot boʻlgan. Bu rabot Samarqand, Nurota, Buxoro, Toshkent yoʻllari kesishgan, qoʻshilgan joyda boʻlgani uchun Qoʻshrabot deyilgan. Qoʻshrabot nomi shundan kelib chiqqan.

Samarqand-Nurota karvon yoʻli aynan mana shu Pichot qishlogʻidan oʻtgan. Pichot qishlogʻidan soy yoqalab janubga, Ocha qishlogʻiga oʻtadigan bu yoʻl XX asrning yarmigacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shoʻrolar davrida bu yoʻl yon tomondagi togʻ-adirlarning ustidan qurildi va hozirgacha Qoʻshrabot tumanining asosiy avtomobil yoʻli boʻlib turibdi. Eski yoʻlning xaroba belgilari hozirgacha saqlanib qolgan. Pichot mana shu yoʻlning ustidaligi, oʻrtasidan oqib oʻtadigan soy, bu soy chetidagi daraxtlar, ikki tomondagi adirlarning seroʻt yaylovligi karvonlarning toʻxtab dam olishi, suv ichishi va ulovlarini oʻtlatib olishi qulayligi uchun ahamiyatli boʻlgan. Shuning uchun ham Pichotda ming yillar davomida aholi manzilgohlari mavjud boʻlib kelgan. (Narshaxiy „Buxoro tarixi“ asariga qarang)

Pichot-islom dini kirib kelishi arafasidagi hayot

Tadqiqotlar natijasiga koʻra Pichotga islom dini Markaziy Osiyoga islom yoyilishining ilk davrlaridayoq etib kelgan. Oʻsha davrlarda bu yerda ancha katta aholi manzilgohlari va hatto qal’a-qoʻrgʻonlar ham boʻlgan. Bu fikrimizga dalil sifatida Pichot hududining markazida joylashgan Changaltepa va Hisoritepani koʻrsatamiz.

1. Changaltepa-suniy barpo qilingin tepalik. Tarixchi olimlarimiz aytishicha Oʻzbekiston hududlarida bunday suniy tepaliklarni qurilishi Aleksandr Makedonskiy davrida borib taqaladi. Bu tepaliklardan kommunikasiya, harbiy va boshqa maqsadlarda foydalangan. Aynan mana shu Changaltepa ham koʻplab bunday tepaliklar qatori Samarqand-Nurota oʻrtasidagi har xil strategik aloqalar uchun xizmat qilgan. Bu tepalik Salavkiylar undan keyingi davrlarda faoliyat koʻrsatgan. Moʻgʻullar bu erlarga bostirib kelganidan keyingi paytlarda ham bu tepalik shu maqsadlarda ishlatilgan. Amir Temur davrida bunday tepaliklar qayta taʼmirlanib, aloqa-kommunikasiya inshooti sifatida ahamiyati oshdi.

2. Hisori tepaligi-tabiiy baland adirlikning ustiga qurilgan qal’a joyi. Bu tepalikning eng baland nuqtasiga bu yerdan 4, 5 kilometr uzoqlikdan er osti suv yoʻli kelgan boʻlib, bu qal’aning strategik ahamiyati va mudofaa salohiyatini oshirgan. Bu suv yoʻlining xarobalari izi hozirgacha saqlanib qolgan. Hisori qal’asiga tutash joyda qadimgi qabriston boʻlib, bu har xil davrda yashagan aholining urf-odati va etiqodlari haqidagi turli dalillarni oʻz bagʻrida saqlab turibdi. Masalan, bu yerda gʻor qoldiqlari boʻlib, umumiy qabriston sifatida foydalangan. Jasadlar bir chekkadan qoʻyilavergan. Boshqa bir holatda esa yakka qabrlar boʻlib, mayyit yoniga har xil uy-roʻzgʻor buyumlari ham qoʻshilib koʻmilgan. Qabrlardan budda diniga oid haykalchalar ham topilgan. (Ahadov „Oqtepalar tarixi“ asariga qaralsin)

Pichot-avliyolar xoki.

Pichotga islom dini Markaziy Osiyoga islom yoyilishining ilk davrlaridayoq etib kelganligi bu er geografik jihatdan ham oʻsha davrda ahamiyatli boʻlgani, bu yerda gavjum aholi punktlari boʻlganini bildiradi. Pichot tuprogʻida beshtadan ziyod avliyoning qabri borligi bu erlarda yuksak maʼnaviy-madaniy muhit boʻlganliganining isbotdir. Shulardan Baliqchi Ota haqida aytadigan boʻlsak, u zotning maqbarasi Hisori tepaligiga tutash juda qadimiy qabristonda joylashgan. Bu erning tarixini tadqiq qilgan mutaxassislarning keltirishlaricha, xalq tomonidan Baliqchi ota deb eslanadigan bu zotning asl ismi Bahriddin boʻlgan ekan. Baliqchi ota Ahmad Yassaviy izdoshlaridan boʻlib, Yassaviya tariqatining namoyondalaridan boʻlgan. Bahriddin (Baliqchi) ota yashagan yillar aniq emas hozircha. Bu erning yaqinidan Pichotsoy okib oʻtadi. Bahriddin otaning Baliqchi nomini olishiga u kishining mana shu soydan baliq tutib tirikchilik qilgani sabab qilib koʻrsatiladi.

Pichotdagi aholi yashash joylari moʻgʻullar qirgʻinidan keyin (tafsilotlar quyida keltirilgan) koʻp yillar xaroba va tashlandiq holida yotdi. Shayboniylar hukmronligi davrida tiklash ishlari olib borilib, gavjum maskanga aylandi. Bu yerda turli yillarda masjid qurilgan, ammo qayta kurilgan sanalari, kurgan shaxslar haqida aniq maʼlumotlar yoʻk.

Sobiq shoʻrolar davlati davrida masjid binosi bir qancha muddat „bolalar uyi“, kolxoz klubi, omborxona vazifasida ishlatilgan.

Baliqchi ota qabri ustiga oʻrnatilgan maqbara shoʻrolar davrida buldozer bilan surib, buzib tashlandi. Maqbara 2001-yilda eski joyidan qaytadan qurildi.

1989-yil sobiq SSSRning oxirgi davrlari edi. Bir nechta mahalliy faollar Moskvaga borib „Baliqchi ota“ masjidi faoliyatiga rasmiy ruxsat soʻrab murojaat qilgach, (maʼlumotlar va hujjatlar menda) oʻsha yiliyoq ruxsat berildi va faoliyatini boshladi. Xalq hashari va homiylar yordamida pishiq gʻishtdan kayta kurildi.

Pichot-Chingizxon bosqini davrida.

Hisori qal’asi fojiasi

Zafarnoma“da keltirilishicha Chingizxon Nurotani egallagach, Samarqandga yurishga tayyorlandi. Oʻzining yoʻlida joylashgan yuqori sivilizasiyaga ega, gullab-yashnagan Zarnuh shahri hokimiga chopar joʻnatdi. Zarnuh shahri qal’a-qoʻrgʻoni hozirgi Qoʻshrabot tumanidagi Gʻujumsoy Qoʻrgʻon qishloqlari hududida joylashgan (Qoʻrgʻon qishlogʻining nomi shundan qolgan) boʻlgan. Bu qoʻrgʻon xarobalari hozir ham mavjud.

Chopar etkazgan talabga koʻra Zarnuh shahri Chingizxonga soʻzsiz taslim boʻlishi hamda ot-ulov, em-xashak, oziq-ovqat, qurol-yarogʻ bilan toʻla taʼminlangan qoʻshin bilan moʻgʻullar lashkariga qoʻshilish kerak edi. Bu talabga soʻzsiz itoat qilishlarini bildirib javob berishdi. Lekin bu shunday hiyla ediki, talab qilingin askarlar soni bu yerdagi aholi sonidan ataylab koʻp aytilgan edi. Buyruq bajarilishida kamchilik boʻlsa ommaviy qirgʻin qilinishidan qoʻrqqan Zarnuh shahri oqsoqollari maslahatlashib askar sonini toʻgʻrilashga muvaffaq boʻldi. Ammo maxsus qoʻyilgan josuslar Chingizxonga „Zarnuh hokimi seni aldadi. Etmay qolgan askarlar sonini ayollar bilan toʻldirdi“ deb xabar berdi. Gʻazablangan Chingizxon falon-falon qatordagi askarlarni echintirishga buyruq berdi. Askarlar orasida erkaklar soni etishmagani sababli sochlarini qirqib erkakcha kiyingan ayollar borligi maʼlum boʻlgach Chingizxon bironta tirik jon qoldirmay qatli om qilishga buyruq berdi. Shunday qilib bu bahona bilan ayb qurbonlarning oʻziga qoʻyildi. Chingizxon lashkari Zarnuh shahrini vayron qilib aholisini qirib tashladi. Keyin 15-20 chaqirim janubda joylashgan Pichotdagi Hisori qal’asini vayron qilib, shu atroflarda joylashgan qishloqlarda ham bironta tirik jon qoʻymasdan qirib, Pichotdan janubiy-gʻarbda joylashgan hozirgi Boqi, Chigʻatoy qishloqlari joylashgan hududda qoʻnalgʻa qilib toʻxtab oldi. Bu qishloqlarning Boqi, Chigʻatoy nomlari shunday kelib chiqqan. Chingizxon bu erlardan Ishtixon tumanining Zarband qishlogʻi orqali oʻtib Oqdaryo va Qoradaryoni kechib oʻtib betoʻxtov Samarqandni egallash uchun Katvon dashtiga keldi. Uni bu yerda kutib turgan Xorazmshoh qoʻshini (Katvon jangi) bilan toʻqnashdi. (Bu maʼlumotlarni tekshirish uchun Sharafiddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“ asariga murojaat eting)

Pichotning hozirgi aholisining kelib chiqishi tarixi.

Chingizxon qirgʻin qilgan bu joylarda yuz yillar mobaynida hayot toʻxtab qoldi. Keyinchalik bu erlarga oʻzbeklarning Qozoyogʻli urugʻi va boshqa urugʻlariga mansub koʻchmanchi aholi kelib (asosiy faoliyati chorvachilik boʻlgan) yozloq (yaylov) va qishloq (qishlov) sifatida foydalanib, vaqt oʻtishi bilan oʻtroqlashib qolgan. Maʼlumki, Shayboniylar sulolasining eng yorqin vakili Abdullaxon II ning taxtni egallashida Qozoyogʻli urugʻining oqsoqoli Muhammad Rajab eng muhim rol oʻynadi. Shuning uchun unga Otaliq mansabi berilgan va Muhammad Rajab Otaliq nomi bilan tarixda qolgan. Bu shaxs hamda uning qarindosh-urugʻlaridan chiqqan zadagonlar Shayboniylar davlati boshqaruvida muhim oʻrin egallagan. Shu va boshqa omillar tufayli oʻsha davrda Qozoyogʻlilar hozirgi Qoʻshrabot hududining keng dashtlarini (jumladan Pichot hududini ham) oʻzlariga chorvani oʻtlatish uchun mulk qilib xatlatib olishgan. Hozirgi Pichot aholisi oʻshalarning avlodlari hisoblanadilar.

Qozoyogʻli beklarining shayboniylar oldida xizmatlari va taʼsiri katta boʻlgan. Qoʻshrabot hududidagi Oqchopsoy suviga Abdullaxon katta suv ombori qurdirgan. Bu joy hanuzga xonband deb atalib, shu nomdagi qishloq ham bor.

Qazoyogʻli deb atalishiga ularning muhrida gʻoz oyogʻi tasviri boʻlib, har yilda bir marta dashtlarda oʻtlab yurgan uyur-uyur yilqi va qoramollarning yangi tugʻilganlariga bu muhrlarni qizdirib sagʻrisiga bosishgan. (G.Hidoyatov „Mening jonajon tarixim“, Toʻgʻon Zaki ValidiyNasabnoma“ asarlariga qaralsin)

„Pichot“ toponimi haqida

Pichot nomining kelib chiqishi haqida xalq orasida ogʻizdan-ogʻizga quloqdan-quloqqa oʻtib kelayotgan bitta hikoya bor. Unda shunday deyiladi:

AYTIShLARIChA, Buxoro hukmdorlaridan biri urush paytida qiyin ahvolga tushib qoladi. Suvoriylardan biri fidokorlik bilan jonini garovga qoʻyib amirni muqarrar oʻlim xavfidan saqlab qoladi. Mana shu xizmati tufayli, hukmdor bu sarbozga oʻzi soʻragan joydan (hozirgi Pichot qishlogʻi joylashgan oʻrindan) erni mulk qilib vasiqa beradi. Bu sarbozning oti pichchi quloqli edi. Pichchi quloqli soʻzi ikki xil maʼnoda keladi:

1. Qulogʻida qiytigʻi (tirtigʻi, kesik joyi) boʻlgan otlar „pichchi ot“ deyilgan. Shevada „pichchi“ -bichilgan, kesilgan maʼnosida.

2. Qoʻylar orasida ham baʼzi hollarda qulogʻi odatdagidan kichkina holda tugʻilganlari boʻlib, mahalliy xalq ularni chinoq quloqli qoʻy yoki qisqacha „chinoq“ deb ataydi. Xuddi shunday qulogʻi odatdagidan kichkina boʻlgan otlarni pichchi quloqli ot maʼnosida „pichchi ot“ deyishar ekan. Shevada pichchi-puchchi-puchuq (bichiq) shakllardagi soʻzlar

Mana shu soʻz „pichchi ot – pichchot – pichot“ shakllarida oʻzgarishga uchrab „pichot“ shakliga kelgan.