Kontent qismiga oʻtish

Plakat

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Plakat (nemischa: plakat ; fransuzcha: placard — „eʼlon“, „afisha“) yoki poster (inglizcha: poster) — grafika turi; katta varaqqa ishlangan tasviriy sanʼat asari. Qisqa matn ilova qilinadi; tashviqot, reklama, informatsiya va oʻquv-taʼlim maqsadlariga xizmat qiladi. Zamonaviy plakat, odatda, rassom yaratgan asl nusxadan bosmaxonada koʻpaytiriladi. Olisdan koʻzga yaqqol tashlanishi, oʻta taʼsirchanligi, ommabopligi, tasvirining kinoyalarga boyligi, hammabop ramzlar ishlatilishi, turli hajmdagi shakllarni qiyoslash, umumlashma tasviriy shakllardan foydalanish kabi oʻziga xos badiiy vositalari bilan boshqa axborat manbalaridan farq qiladi. Bunda shrift va matnning joylanishi, shartli ranglar (yorqin bezaklar) qoʻllanishi muhim rol oʻynaydi. Tasviriy vosita sifatida baʼzan fotografiya (mustaqil tarzda yoki rasm, rang-tasvir bilan) ishlatiladi.

XIX asr 2-yarmidan Gʻarbiy Yevropada reklama koʻrinishidagi plakat yuzaga kelgan. Bungacha katta hajmdagi tashviqiy gravyura baʼzan plakat deb atalgan. Plakat ijtimoiy-siyosiy hayot, xalq xoʻjaligi, madaniy vazifalar bilan bogʻliq xOlda rivojlandi. 1900-yillar boshlarida siyosiy plakat yuzaga keldi, demokratik harakat va tinchlik uchun kurash sohasida katta yutuklarga erishildi. 1910-yildan kitob-jurnal grafikasidan uzoqdashib, dastgoh grafikasiga yaqinlashgan plakat rang-tasvir, grafika, foto sanʼati bilan koʻproq bogʻlandi. XX asrda plakat tashviqotning jangovar quroliga aylandi. Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻta taʼsirchan vositaga aylangan boʻlsa, hozirgi kunda tinchlik uchun kurashda, jamiyat hayotida uchrab turadigan kamchiliklarni bartaraf etishda va boshqalarda muhim rol oʻynamoqda.

Oʻzbekistonda plakat XIX asr oxiri XXasr boshlarida paydo boʻldi, XX asr 20-yillaridan keng tarqaldi. Dastlabki yillarda asosan qoʻlda ishlangan va koʻpaytirilgan plakat va hajviy rasmlar keng qoʻllangan. Bosma plakat 1923— 1924-yillardan chop etila boshlandi. Usta Nabi Hafizov, M.Kurzin, V.Ufimsev, V.Kaydalov va boshqalar samarali ijod qildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida plakat yetakchi oʻrinni egalladi. Plakatchi rassomlar uyushmasi tuzildi, OʻzTAG oynasi tashkil etildi (1941). Plakatda soʻnggi yangiliklar va muhim voqealar oʻz aksini topdi. 1960—1980-yillarda A.Balkanov, V.M.Gromiko, F.Kagarov, V.Yevenko, T.Tkachev va boshqa rassomlarning tinchlik, axloq, iqtisod, madaniy maʼrifiy mavzulardagi asarlari yaratildi. Jumladan, F.Kagarovning tinchlik mavzusidagi plakatlari xalqaro anjumanlarning ramziga aylandi. Rassomlarning ijodiy izlanishlari tufayli plakat Oʻzbekistonda tasviriy sanʼatning eng taʼsirchan ommabop turiga aylandi (A.A.Ziyoyev, T.A.Toxtarova, X.Hasanov, N.Hakimov, N. Husanov, I.Abdullayev, A.Nurqobilov va boshqalar).

Axborot texnologiyasining rivojlanishi, poligrafiya ishlarining yangilanishi hamda hayotga keng koʻlamda kompyuter grafikasining kirib kelishi plakatning yangi imkoniyatlarini izlashni talab qiladi.