Kontent qismiga oʻtish

Polinevrit

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Polinevrit

Vaskulyitdagi polinevritning mikrofotografisi. [[ https://en.wikipedia.org/wiki/Toluidine_blue_stain |Toluidin ko'ki ]] bilan to'ldirilgan.
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos nevrologiya
DiseasesDB 9850
MedlinePlus 000593
MeSH D010523


Polinevrit ( qadimgi yunoncha: πολύ- - koʻp, lot lotincha: nervus - nerv) - neyropatiyaning bir turi, infektsiya fonida rivojlanadigan nerv magistrallarining ko'p yallig'lanishi (zararlanishi). Qo‘l va oyoqlardagi ko‘p nerv tolalarining simmetrik holda zararlanishi. Periferik asab tizimining kasalliklariga ishora qiladi. Yuqumli kasalliklar ( moxov, brutsellyoz, sifiliz va boshqalar), Auotoimmun yoki allergik jarayonlar, tanadagi umumiy infektsiya ( skarlatina, suvchechak, tonzillit va boshqalar), yuqumli-toksik ta'sirlar ( botulizm, difteriya ) tufayli yuzaga keladi [1] [2] .

Kasallik bemorning qoʻl va oyoq panjalarida chumoli yurgan kabi jimirlash sezishidan boshlanadi, keyinchalik issiqda qoʻl-oyoq muzlab ogʻriydi, uvushadi. Kasallik zoʻraya borgani sari bemorning oyogʻi darmonsizlanib, yurishi qiyinlashadi va qoʻlida hech narsa tuta olmay qoladi. Oyoq, qoʻl muskullari nimjonlanib, oza boshlaydi, sezishi buziladi.

Davo, asosan, kasallik sababiga karshi qaratiladi. P.ning oʻtkir davrida oʻrinda yotib davolanish kerak. Dori-darmonlardan tashqari, fizioterapevtik muolajalar, davo fizkulturasi buyuriladi, surunkali xilida esa kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Yuqumli va moddalar almashinuvining buzilishi bilan kechadigan kasalliklarni oʻz vaqtida davolab, P.ning oldini olish mumkin[3].

Polinevritlar, asosan, alkogol, simob, qo‘rg‘oshin, mishyak, ba’zi antibiotiklar, sulfanilamidlar, meprobamat, izoniazid bilan uzoq vaqt davolanishdan keyin ham kelib chiqadi. Turli virusli va bakteriyali kasalliklar, ichki kasalliklar (jigar, buyrak, oshqozon osti bezi), ichki sekretsiya bezlari kasalliklari (diabet, gipotireoz)dan hamda ba’zi zardob va vaksinalar yuborilgandan keyin ham paydo bo‘ladi.

Difteriya polinevriti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Difteriyaning o‘tkir belgilaridan 2—3 haftadan keyin asab tizimida zararlanish belgilari namoyon bo‘ladi. Difteriyadagi polinevritda periferik asab tolalarining zararlanishi chegaralangan mononevrit yoki tarqalgan polinevritlar kabi kechadi. Polinevritning rivojlanishida difteriya kasalligidan yaxshi davolanmagan yoki juda og‘ir turi sabab bo‘ladi. Difteriyadagi polinevritda periferik asab tolalarining zararlanishi bilan birga kalla bosh miya nervlari (III—IV—VII—X juftlar) ham zararlanadi. Bemor dimog‘i bilan manqalanib gapiradi, yutinishi buziladi, suyuq ovqat burundan qaytib tushadi. Bemor yaqindan yomon ko‘radi, ko‘rishi xiralashadi, pay va Axill reflekslari susayadi, ataksiya, qo‘l va oyoq panjalarida paresteziya, kuchsiz og‘riq, sezgining kamayishi (og‘riq, harorat, taktil hamda bo‘g‘im — mushak sezgisining gipesteziyasi) distal qismlarda bo‘ladi. Sayyor nervni ikki tomonlama zararlansa, afoniya, nafas olish o‘zgaradi, yurakda o‘zgarishlar, taxikardiya yuzaga keladi. Natijada, yutinish buzilib og‘ir aspiratsiyali zotiljamga olib keladi.

Difteriya polinevritda birinchi belgilar boshlangandan difteriyaga qarshi antitoksin zardobidan 15000 TB dan 25000 TB gacha Bezredko usuli bo‘yicha mushak orasiga yuboriladi. Zardob yuborishdan 0,1 ml zardob teri orasiga yuboriladi. 30 daqiqadan keyin yana 0,2 ml, qolgan dozani 1 soatdan keyin yuboriladi. Kasallik qaytish davrida esa organizmning umumiy quvvatini oshirish maqsadida guruhi vitaminlar B, ATF, kokarboksilaza beriladi. Asab-mushak o‘tkazuvchanligini yaxshilash maqsadida galantamin, prozerin, oksazil beriladi. Bulardan tashqari fizioterapiya muolajalari, uqalash, falajlangan mushaklarga parafin va balchiq hamda shifobaxsh badantarbiya mashqlari tavsiya etiladi.

Parvarish qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Difteriya polinevritida yutinish buzilganligi sababli bemor o‘z vaqtida ovqatlana olmaydi. Buning uchun bemorni ovqatlanayotganda suyuq ovqatlar nafas yo‘llariga o‘tib ketmasligini ta’minlash, agar yutinishning iloji bo‘lmasa, bemorni zond orqali ovqatlantirish talab etiladi.

Alkogol polinevriti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Surunkali ichkilik ichish ta’siridan organizmning zaharlanib borishi natijasida bu kasallik avj ola boshlaydi.Alkogol polinevritni rivojlanishida vitamin B1 almashinuvining buzilishi ham katta ahamiyatga ega.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemorlar kechayu kunduz qattiq chidamsiz og‘riqdan shikoyat qiladilar. Kasallik asta-sekin avj olib, avval bemorning oyoqlari tez charchab qoladi. Boldir suyaklari og‘rib, oyoq barmoqlari tortishib turadi. Bu og‘riqlar nerv ustunlar bosib ko‘rilganda zo‘rayadi. Qo‘loyoqlarning distal qismlarida —parezlar boshlanadi. Pay va periostal reflekslar oshgan, mushaklar tonusi pasaygan, mushak-bo‘g‘im sezgisi pasaygan yoki yo‘qolgan bo‘ladi. Sezgi sohasida qo‘l va oyoqning distal qismlarida qo‘llarda «qo‘lqopsimon», oyoqlarda esa «paypoqsimon» sezgi kamayadi. Shu joylarda vegetativ o‘zgarishlar (qo‘l va oyoq terisi rangi va haroratining me’yori buzilgan, ko‘p terlash, shish) bo‘ladi.

Alkogol ichimlik ichishni to‘xtatish lozim. Bemorni tinch joyga yotqizib, organizmni zaharli moddalardan tozalash kerak. Buning uchun gemodez, reopoliglukin, 0,9 % natriy xlor, 5 % glukoza, Ringer eritmasi va boshqa suyuqliklardan tomir ichiga quyish; dimedrol, tavegil, suprastin, pipolfen, diazolin; B guruh vitaminlar, og‘riqqa qarshi dorilar, nikotin va askorbin kislotasi, kasallikning tuzalish davrida fizioterapiya muolajalari tavsiya etiladi.

Diabet polinevriti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Diabet polinevropatiyasida asab tolalarining yallig‘lanishi bo‘lmaydi, balki zaharlanish hollari yuz beradi. Shuning uchun polinevropatiya deb ataladi.

Polinevritning bu turi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda uchraydi. Polinevrit qand kasalligi boshlangandan so‘ng bir necha yil o‘tgach yuzaga chiqishi mumkin. Polinevrit alomati qand kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning deyarli yarmida kuzatiladi. Kasallik rivojlanishida moddalar almashinuvining buzilishi tufayli asab tolalaridagi degenerativ va metabolik o‘zgarishlar muhim o‘rin tutadi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ba’zi bemorlar oyoqlarining uvishishidan, bijirlashidan shikoyat qiladi, lekin parez-paralichlar bo‘lmaydi, sezgi buzilgan bo‘ladi, reflekslar chaqirilmaydi. Bu bemorlarda hamma vaqt ko‘z nervining zararlanish belgilari kuzatiladi. Polinevritning klinik kechishiga qarab, ularning bir necha turlari tafovut qilinadi. Kasallikning birinchi turida vibratsiya sezgisi va Axill refleksi yo‘qoladi. Bu hol ko‘p yillar davom etishi mumkin. Ko‘pincha son, quymich, tirsak, oraliq nervlari, bosh miya

nervlaridan III—V juft kbm nervlari yallig‘lanadi. Shu nervlar ta’minlaydigan mushaklarda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi va shu sohalarda sezuvchanlik yo‘qolib, falajlik yuz beradi. Boshqa turida esa oyoq-qo‘llardagi juda ko‘p nervlar yallig‘lanishi tufayli falajlik paydo bo‘lib, shu sohalarda sezgi yo‘qoladi. Og‘riqlar issiq va sovuq ta’sirida avj oladi. Ko‘pincha vegetativ asab buzilishi tufayli bemor terisining ayrim sohalari qora rangga kirib, shu yerlarda chidab bo‘lmaydigan og‘riq paydo bo‘ladi. Juda ko‘p hollarda shu sohalar qattiq qichishadi.

Polinevritning bu turida diabetni davolash bilan birga organizmning umumiy quvvatini oshiradigan dorilar buyuriladi. Bu dorilardan berlition — 300 kuniga 600 mg dan 4 oy davomida ichiriladi, instenon, eufillin, etamivin, geksobendin tavsiya etiladi[4].

  1. „Заболевания периферической нервной системы (полиневриты, полинейропатии)“. Файловый архив студента (2020). 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 1-iyul.
  2. БМЭ 1988.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. X. Q. Shodmonov, X. Sh. Eshmurodov O. T. Tursunova. ASAB VA RUHIY KASALLIKLAR. «Bilim» nashriyoti, 2004.