Kontent qismiga oʻtish

Poshshoxoja

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Poshshoxoja
Tavalludi 1480-yil
Vafoti 1567-yil
Buxoro
Kasbi Shoir, davlat arbobi, ulamo.
Otasi Q31457358?

Poshshoxoja, Poshshoxoʻja Abdulvahobxoja oʻgʻli, Xoja (1480-yil, Niso — 1547-yil, Buxoro) — shoir, davlat arbobi va yirik ulamo[1]. Otasi — Abdulvaxrbxoja Sulaymonxoja oʻgʻli oʻz davrining yirik tasavvuf shayxi va shoiri boʻlgan.

Poshshoxoja Niso va Marv madrasalarida taxsil olgan. Muhammad Shayboniyxon qozoq xonlari ustiga qilingan harbiy yurishdan qaytayotganda Nisoda toʻxtab, Poshshoxojani Durun viloyatiga hokim qilib tayinlaydi (1508-yil aprel). 1510-yil Poshshoxoja Nisoning yangi hokimi Muhammad Solih bilan birgalikda Marv jangiga yetib kelgan. Shayboniyxon oʻlimidan soʻng dastlab Samarqand, soʻngra Buxoroga kelib yashagan. Shayboniylardan Muhammad Temur Sulton va Koʻchkunchixon xizmatlarida boʻlib (1511–1514-yillar), Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida jumlat ul-mulk, sadrlik lavozimlarida ishlagan (1515–1516-yillar). Buxoro xoni Ubaydullaxon Hirotni fath etgach (1529-yil 21-oktabr), u sadrlikdan shayx ul-islomlik darajasiga koʻtarilgan. Keyinchalik Balx hokimi Kistan Karo Sulton (1544-yilv.e.) huzurida sadrlik va shayx ul-islom vazifasida faoliyat koʻrsatgan (1534–1543-yillik). Poshshoxoja 1543-yilda oʻz vazifasidan voz kechib, Buxoroga qaytadi va badiiy ijod bilan shugʻullanadi.

Poshshoxoja nasr va nazmda adabiy asarlar yaratgan. Muhammad "Xoja" taxallusi bilan ijod qilgan. U Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sultonga atab "Miftoh ul-adl" ("Adolat kaliti", 1508—10), Kistan Qaro Sultonga bagʻishlab "Gulzor" (1538) kabi asarlar yozgan. Bu asarlarda axloqiy-didaktik xususiyatga ega boʻlgan fiqolarni sharhlash uchun mashhur podshohlar haqidagi turli hikoyat va masallar keltirilgan. Ularda davlatni boshqarish, raiyat bilan munosabat masalalari, insofli va adolatli podshoh obrazi tasvirlangan.

Poshshoxoja ruboiy, gʻazal, qita janrlarida ham ijod qilgan. Jonibek Sultonga atab "Maqsad ul-atvor" (1516—20) dostonini yozgan. Oʻzbek va fors tillarida tartib bergan devoni bizgacha yetib kelmagan. Poshshoxojaning oʻgʻli Hasanxoja Nisoriyning "Muzakkiri ahbob" ("Doʻstlar yodnomasi") tazkirasida yozilishicha, Poshshoxojaning turkiy gʻazallariga Bobur yuqori baho bergan.

Poshshoxoja Bahouddin Naqshband maqbarasi yonida dafn etilgan. Uning "Gulzor" va "Miftoh ul-adl" asarlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburg Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan.

  • Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1983.
  • Miftoh ul-adl va Gulzordan, T., 1962.
  1. Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet.