Kontent qismiga oʻtish

Viktor Poslavskiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Poslavskiy Viktor Vasilyevichdan yoʻnaltirildi)
Viktor Vasilyevich Poslavskiy
Tavalludi 10-noyabr 1896-yil
Batumi
Vafoti 17-may 1979-yil(1979-05-17)
(82 yoshda) -->
Moskva
Istiqomat joylari Fargʻona, Toshkent, Moskva
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Sohasi gidrotexnik, meliorator
Taʼlimi Moskva qishloq xoʻjaligi akademiyasi
Mukofotlari

Viktor Vasilyevich Poslavskiy (1896-yil 10-noyabr, Batumi – 1979-yil 17-may, Moskva) – gidrotexnik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi (1943), VASXNIL (1956) akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1950). Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1976).

Petrovsk qishloq xoʻjaligi akademiyasi muhandislik fakultetini tugatgan (1923). Oʻrta Osiyodagi yirik irrigatsiya va gidrotexnika inshootlarini loyihalash va ularni qurishda qatnashgan (1923—1933). Katta Fargʻona kanali qurilishi (1939—1940), Farhod GES loyihasi (1942—1949) bosh muhandisi, Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy tadqiqot instituti direktori (1949—1950). 1950—1963-yillarda turli suv xujaligi va ilmiy tadqiqot muassasalarida ishlagan. Ilmiy ishlari sugʻorish va Oʻrta Osiyo suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bagʻishlangan, koʻndalang uyurma hodisasiga asoslangan suv olish uzellarining original konstruksiyasini yaratgan[1].

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1896-yil 10-noyabrda Batumida tugʻilgan. 1915-yilda Fargʻonadagi gimnaziyani tugatib, Moskva qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirgan. Birinchi jahon urushi va fuqarolar urushida qatnashgan. 1923-yilda Moskva qishloq xoʻjaligi akademiyasini tamomlagan. Oʻsha yildan boshlab Oʻrta Osiyo shaharlaridagi turli suv xoʻjaligi muassasalarida ishlagan, irrigatsiya tizimlari va gidrotexnika inshootlarini izlash, loyihalash, qurish bilan shugʻullangan. Oddiy muhandislikdan bosh qurilish muhandisigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan[2].

Katta Fargʻona kanali bosh uzeli qurilish ishlariga rahbarlik qilgan. 1942-yildan Shimoliy Toshkent kanali qurilishi bosh muhandisi, Farhod GESni loyihalash boʻyicha bosh muhandis. 1949—1950-yillarda Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, u Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi (1943) va Butunrossiya qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining (1966) haqiqiy aʼzosi[3], toʻrt yil davomida Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti lavozimida ishlagan (1943—47), shuningdek, Toshkent suv xoʻjaligi politexnikumi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida dars bergan. Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashiga deputat etib saylangan[2].

Viktor Poslavskiy Fargʻona vodiysining energetik sugʻorish sxemasini tuzishda faol ishtirok etgan, Oʻrta Osiyodagi eng yirik suv omborlarini loyihalashtirgan, Oʻrta Osiyo va boshqa ittifoq respublikalaridagi suv xoʻjaligi inshootlarini ekspertizadan oʻtkazgan. Gidrotexnika inshootlarini loyihalash boʻyicha bir qator takomillashtirish muallifi boʻlib, ular mahalliy va xorijiy suv xoʻjaligi qurilishida qoʻllangan. Birinchi marta kanallar va inshootlar qurishda polimer materiallardan foydalana boshlagan. 110 ga yaqin ilmiy ishlar muallifi[2].

1950-yildan Moskvada ishlagan, SSSR Paxtachilik vazirligi Texnik kengashi raisining oʻrinbosari, Ilmiy-texnik kengash raisi, SSSR Qishloq xoʻjaligi vazirligi Glavvodxozining rahbar oʻrinbosari – bosh muhandisi. 1959-yildan Butunittifoq gidrotexnika va melioratsiya ilmiy-tadqiqot institutida filtratsiyaga qarshi chora-tadbirlar laboratoriyasini boshqargan, 1963-yildan to vafotiga qadar ushbu institutda maslahatchi professor boʻlgan[2].

U 1979-yil 17-mayda vafot etdi va Moskvadagi Golovinskiy qabristoniga dafn qilindi[2]. OʻzME maʼlumotlarida Toshkent shahrida vafot etgan deb koʻrsatilgan[4].

Mukofotlari va faxriy unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Пославский, Виктор Васильевич“ (ru). warheroes.ru. Qaraldi: 20-noyabr 2023-yil.
  3. Пославский Виктор Васильевич, 35-tom (ru), Moskva: Katta Rossiya ensiklopediyasi, 2004—2007. Qaraldi: 20-noyabr 2023-yil. 
  4. Poslavskiy Viktor // P—Poʻstloqxoʻrlar. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2000—2005 — 367-bet. Qaraldi: 20-noyabr 2023-yil.