Kontent qismiga oʻtish

Protest

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Protest (lotincha: protestor — oshkora isbotlayman) — prokurorning norozilik hujjati. Oʻzbekiston Respublikasida P. qonunga zid boʻlgan hujjatni qabul qilgan organga yoki mansabdor shaxsga, shuningdek, yuqori organga yoxud yuqori mansabdor shaxsga, sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qarori ustidan protsessual qonunda belgilangan tartibda beriladi. P. berilgan vaqtdan boshlab 10 kundan kechiktirmay koʻrib chiqilishi shart. Qonunbuzarlikni darhol bartaraf etish talab qilingan alohida hollarda prokuror P.ni koʻrib chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqli. P.ni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida 3 kun ichida prokurorga yozma ravishda maʼlum qilinadi. P. kollegial organ tomonidan koʻrib chiqiladigan hollarda majlis kuni haqida prokurorga maʼlum qilinadi va u majlisda ishtirok etishga haqlidir. P. shu hujjatni qabul qilgan yoki yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) tomonidan rad etilganda, shuningdek, P. qonunda belgilangan muddat ichida koʻrib chiqilmagan taqdirda, prokuror ana shu hujjatni gʻayriqonuniy deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ariza bilan 1 oy ichida sudga murojaat etishga haqli. Ariza sudda koʻrib chiqilgunga qadar berilgan hujjatning amal qilishi toʻxtatib turiladi. Sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qaroriga nisbatan keltirilgan apellyasiya, kassatsiya, xususiy va nazorat tartibidagi P. ishni sudda koʻrish boshlangunga qadar P. bergan prokuror tomonidan, shuningdek, yuqori turuvchi prokuror tomonidan oʻzgartirilishi, toʻldirilishi yoki chaqirib olinishi mumkin.

Gʻafur Abdumajidov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil