Psixolingvistika
Psixolingvistika - nutqning hosil boʻlishi, shuningdek, nutqni idrok etish va shakllantirish jarayonlarini ularning til tizimi bilan oʻzaro bogʻlanishi holatida oʻrganuvchi fan; psixologiya va lingvistikaning sintezidan paydo boʻlgan. P. inson nutqiy faoliyati modelini va psixofiziologik nutqiy shakllanishini ishlab chiqib, ularni psixologik eksperimentlar yoʻli bilan tekshiradi. Tadqiqot manbayi boʻyicha tilshunoslikka yaqin boʻlgan P. oʻz tekshirish usullari boʻyicha psixologiyaga yaqin turadi. Unda oʻzaro bogʻlanishli eksperiment, "semantik differensial" kabi va boshqa eksperimental usullar qoʻllanadi. P. bir qator amaliy masalalar [ona tili, ayniqsa, xorijiy tilni oʻrgatish; maktabgacha yoshdagi bolalarning nutqiy tarbiyasi va logopediya masalalari; miyadagi nutqiy markazlar kasalliklari klinikasi; nutqiy taʼsir koʻrsatish muammolari (xususan ommaviy axborot vositalari faoliyatida va targʻibot ishlarida); sud psixologiyasi va kriminalistika (mas, kishilarni ularning nutq xususiyatiga qarab tanib olish, aniqlash); mashina tarjimasi hamda nutqiy axborotni EHMga kiritish muammolari va boshqa]ni nazariy jihatdan tushuntirish zarurati tufayli oʻtgan asrning 60-yillarida paydo boʻlgan. "P." termini oʻtgan asrning 60-yillari oʻrtalarida amerikalik olimlar tomonidan amaliyotga kiritilgan. Oʻzbekistonda ushbu sohada bir qancha ishlar bajarilgan boʻlsada, haqiqiy maʼnodagi psixolingvistik tadqiqotlar endigina boshlanmoqda.
Abduvahob Madvaliyev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |