Kontent qismiga oʻtish

Pur Siddiq ziyoratgohi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Pur Siddiq majmuasi

Pur Siddiq ziyoratgohiFargʻona viloyati Margʻilon shahridagi ziyoratgoh. Margʻilon shahar, Yoʻrmadoʻz MFY, Navoiy koʻchasida joylashgan[1]. XVII asr oʻrtalarida qurilgan. Buxoro xoni Subxonqulixon (1680—1702) hukmronligi davrida Pur Siddiq mozoriga vaqf yerlari ajratgan edi[2].

Pur Siddiq ziyoratgohi va shu nomdagi masjid va madrasa uchun Pur Siddiq, Toʻqsoba mahallasidagi doʻkonlar, Toshloq, Oq ariq, Varzak, Zarkent, Qaqir, Boyiston qishloqlaridagi yerlar vaqf mulkiga olingan boʻlib, ulardan yer soligʻi olinmagan. Bu haqda Qoʻqon xonlari Madalixon, Xudoyorxon tomonidan Puri Siddiq ziyoratgohi mutavalliylargaga maxsus yorliqlar berilgan[3].

Marg‘ilonda yashab o‘tgan qariyalarning aytishlaricha, majmuada birinchi bo‘lib Muhammad Payg‘ambarning yaqin do‘sti bo‘lgan, islom targ‘ibotchisi - Siddiq dafn etilgan sag‘ana ustiga maqbara qurilgan. Shu sababli bu maqbara “Pir Siddiq” maqbarasi degan nom olgan. Davrlar o‘tishi bilan maqbaraning atrofida masjid, darvozaxona, kaptarxona, minora kabi binolar qurilib, yaxlit bir me’moriy majmua paydo bo‘lgan.

Marg‘ilonliklar orasida “Pir Siddiq” maqbarasi nomi bilan bog‘liq quyidagicha afsona ham mavjud. Unga ko‘ra, bir kuni avliyo Pir Siddiq uni ta’qib qilayotgan dushmanlardan qochib, bir g‘orning ichiga yashirinadi. Shunda kaptarlar bu g‘orning og‘ziga o‘z inlarini qurib, g‘orga kiradigan yo‘lni yopadilar. Pir Siddiqni ta’qib qilib, g‘orgacha kelgan dushmanlar g‘or og‘zida kaptarlar uya qurib yashayotganini ko‘rib, “bu yerda odamzod bo‘lishi mumkin emas, bo‘lmasa, kaptarlar bunday tinch o‘tirishmagan bo‘lishardi”, - deb bu yerdan jo‘nab ketishadi. Kaptarlar shunday harakatlari bilan Pir Siddiqni dushmanlardan qutqarib qolgan ekan.

Pir Siddiq (Kaptarxona) majmuasi maqbara, masjid, kaptarxona, minora va darvozaxonadan iborat boʻlgan. Majmuadagi kaptarxona binosi masjid binosi bilan deyarli bir vaqtda, yaʼni XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan.

„Pur“ soʻzi „oʻgʻil“ va „toʻla“, „koʻp“ maʼnosini bildiradi[4]. Shuning uchun mozorga dafn etilgan zot haqida turli qarashlar bor. Unga koʻra mozorga xalifa Abu Bakr Siddiq ning (572-634) nabirasi dafn etilgan va shu sababdan mozor Pur Siddiq deb atalgan.

Bundan tashqari mozorning nomini kelib chiqishi yuzasida quyidagi taxminlar ham mavjud:

  • Pur Siddiq, yaʼni Abu Bakr Siddiqning koʻp avlodlari dafn etilgan maʼnosida.
  • Pir Siddiq, yaʼni Siddiqiylardan boʻlgan ulugʻ pir, yaʼni avliyo dafn etilgan maʼnosida.

Yana bir rivoyatlarga koʻra bu ziyoratgohga halifa Abu Bakr Siddiqning avlodlaridan boʻlgan Pur Siddiq ismli avliyo va uning singlisi Poshshoxon dafn etilgan. Ikkala qabrning uzunligi 6 metr boʻlib, qabr atrofida turli echki shohlari qadab qoʻyilgan. 2006-yilning 27-28-may kunlari ziyoratgohning paydo boʻlgan davrini aniqlash maqsadida shimoliy-gʻarbiy burchagidagi yer maydonida 1,5x1,5 hajmdagi arxeologik shurf solib oʻrganilganda shurf yer sathidan 1,5 m chuqurlikka yetganda X-XII asrlardagi qoraxoniylar, hamda XV-XVI asrlaridagi temuriylar davriga mansub madaniy qatlamlar aniqlanib oʻsha davrga oid sopol parchalari namunalari topildi. Bu sopol parchalari ichida qoraxoniylar davriga mansub murgʻoba parchalari hamda temuriylar davriga mansub zangorisimon sirli sopol parchasi ham mavjud. Shuning uchun ham majmua Qoraxoniylar davrida qurilgan deb tilga olinadi. Majmuada Burhoniddin al-Margʻinoniyning chillaxonasi ham joylashgan. Buning sababi Burhoniddin Margʻinoniy Abu Bakr Siddiq avlodlaridan boʻlgan. Puri Siddiq mozoriga, yaʼni ajdodlari dafn etilgan mozorga ziyoratga kelib turgan. Uning aynan Puri Siddiq mozoriga boʻlgan ixlosi shu yerda keyinchalik chilla tutganligiga sabab boʻlgan.

Pur Siddiq mozoriga kelgan ziyoratchi ayollar mozor boʻsagʻasini yaxshi niyatda supurganlar. Supurish bu — talab, istagini bildirishning bir shakli hisoblangan. Jumladan, Pur Siddiq mozoriga kelgan ziyoratchi ayollar mozor atrofini supurib tozalashgandan soʻng namoz oʻqishga ijozat berilgan.

  1. „Farg'ona viloyati“. Uzbekistantravel. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
  2. Валидов А.З. „Некоторые данные по истории Ферганы XVIII столетия“. Academiaedu. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.
  3. Nodirbek Abdulahatov, O'ktamjon Eshonboboyev „Ko'hna Marg'ilon ziyoratgohlari“. ziyouz.com. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.
  4. Муминов А. К. „Kokandskaia versiia islamizatsii Turkestana“. academia.edu. Qaraldi: 1-iyun 2023-yil.