Pust vsegda budet solnse
„Pust vsegda budet solnse“ | |
---|---|
Mayya Kristalinskaya qoʻshigʻi | |
Chiqarilgan sanasi | 1962 |
Yozib olingan | 1962 |
Matn muallif(lar)i | Lev Oshanin |
Bastakor(lar) | Arkadiy Ostrovskiy |
„Pust vsegda budet solnse“ (ruscha: Пусть всегда будет солнце, yaʼni „Har doim boʻlsin quyosh“) (Solnechniy krug (ruscha: Solnechniy krug, yaʼni „Quyosh aylanasi“) deb ham nomlanadi) — rus bastakori Arkadiy Ostrovskiy shoir Lev Oshanin sheʼriga bastalagan bolalar qoʻshigʻi. Qoʻshiqni ilk bor 1962-yil „Radio-1“ butunittifoq radiokanalida efirga uzatilgan „S dobrim utrom!“ (tarjimasi „Xayrli tong!“) dasturida Mayya Kristalinskaya ijro etgan. Tamara Miansarova „Pust vsegda budet solnse“ qoʻshigʻini ijro etganidan keyin tarona yanada koʻproq tanilgan. Qoʻshiq Sovet Ittifoqi boʻylab pionerlar lagerlarida hamda maktab yigʻinlarida kuylangan.
Oshanin qoʻshiq matnini rassom Nikolay Charuxinning „Pust vsegda budet nebo! Pust vsegda budet solnse!“ (tarjimasi „Har doim osmon boʻlsin! Har doim quyosh boʻlsin“) deb yozilgan plakatidan ilhomlanib yozgan. Charuxin esa, oʻz navbatida, plakatni toʻrt yashar Kostya Barannikov yozgan toʻrt misra sheʼrdan ilhomlanib chizgan[1]. Bu kichik sheʼr 1928-yil K. Spasskayaning „Rodnoy yazik i literatura v trudovoy shkole“ (tarjimasi „Mehnat maktabida ona tili va adabiyot“) jurnalida eʼlon qilingan bolalar psixologiyasi haqidagi maqolasida keltirilgan boʻlgan. Misralar keyinchalik rus shoiri Korney Chukovskiyning „Ot dvux do pyati“ (tarjimasi „Ikkidan beshgacha“) deb nomlangan sheʼriy toʻplamiga kiritilgan. Charuxin aynan shu kitobdan ilhomlanib plakatini chizgan.
1968-yil shved xonandasi Björn Ulvaeus oʻzining „Hootenanny Singers“ guruhi bilan „Pust vsegda budet solnse“ melodiyasi asosida ingliz tilida „Gabrielle“ qoʻshigʻini kuylagan. Mazkur versiya dengiz sayohati va ayriliq haqida boʻlib, Skandinaviya mamlakatlarida xitga aylangan. Qoʻshiq „Hootenanny Singers II“ albomiga kiritilgan. Unda „Gabrielle“ qoʻshigʻi mualliflari oʻlaroq Stig Rossner va Bengt Thomas koʻrsatilgan[2]. „Hootenanny Singers“ guruhi taronani shved, nemis, fin, italyan, niderland tillarida ham kuylagan.
Qoʻshiqni Tom Botting inglizchaga, Ilse va Hans Naumilkat hamda Manfred Streubel nemischaga, Heljo Mänd estonchaga („Olgu jääv meile päike“), Gidi Koren esa ivritchaga („אלוהים שמור על אמא“) oʻgirgan. Shuningdek, qoʻshiq Finlandiyada pionerlar orasida „Paistaa aurinko aina“ nomi bilan tanilgan. Xonanda Raffi esa qoʻshiqni ingliz, ispan va fransuz tillarida kuylab, oʻzining „Letʼs Play“ albomiga kiritgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Салтыкова, Карина „"Пусть всегда будет солнце": история гимна человеческому счастью“ (ruscha). ТАСС (2-oktyabr 2018-yil). Qaraldi: 28-avgust 2022-yil.
- ↑ „Hootenanny Singers – Hootenanny Singers Bästa“ (inglizcha). Discogs. Qaraldi: 28-avgust 2022-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mayya Kristalinskaya qoʻshiqlari
- Bolalar qoʻshiqlari
- 1962-yil qoʻshiqlari
- Rus tilidagi qoʻshiqlar
- Ingliz tilidagi qoʻshiqlar
- Shved tilidagi qoʻshiqlar
- Nemis tilidagi qoʻshiqlar
- Italyan tilidagi qoʻshiqlar
- Niderland tilidagi qoʻshiqlar
- Eston tilidagi qoʻshiqlar
- Ivrit tilidagi qoʻshiqlar
- Fransuz tilidagi qoʻshiqlar