Kontent qismiga oʻtish

Qalin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qalinnikoh toʻyi bilan bogʻliq odat, baʼzi joylarda "sut puli" ham deyiladi. Qalinning paydo boʻlishi matriarxatdan patriarxatga oʻtish davriga borib taqaladi. Bu davrda nikohdan soʻng kelinni yashash uchun kuyov xonadoniga olib ketish rusum boʻlgan. Dastlabki vaqtlarda kelin uchun umumiy tarzda uning urugʻiga, keyinchalik ota-onasi yoki qarindosh-urugʻiga biror sovgʻa berishgan. Qalin sifatida kiyimkechak, oziq-ovqat, jonliq, qimmatbaho taqinchoqlar, molmulk va pul beriladi. Qalin olish odatining paydo boʻlishi, birinchidan, qizning oʻz ota-onasi uyida oila uchun foyda keltiruvchi ishchi kuchi sifatida uning xizmatidan foydalanish imkoniyatining yoʻqotilganligi bilan, ikkinchidan boʻlajak kuyovning uyiga olib ketiladigan sep, asbob-anjom, mol-mulk bilan ham bogʻliqdir. Undan tashqari, Qalin kuyovning barcha urugʻ-aymogʻidan toʻplab berilgani uchun ular kelin-kuyovning nikohini mustahkam boʻlishiga harakat qilganlar. Qalin toʻlash hanuzgacha koʻpgina Sharq mamlakatlarida (Oʻrta Osiyo va Kavkazda) saqlanib qolgan. Keyingi yillarda Oʻzbekistonning baʼzi joylarida "sut puli" shaklida Qalin berish kuzatilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, nikoh toʻylarini tartibga solish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, Qalin bilan bogʻliq muammolar ham oʻz yechimini topmoqda.