Kontent qismiga oʻtish

Qanarboy ota ziyoratgohi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

„Qanarboy ota ziyoratgohi“ — Navoiy viloyati Uchquduq tumani markazidan 120 km uzoqlikda joylashgan ziyoratgoh.

Qanarboy ota haqida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aybas oʻgʻli Qanarbay ota[1] 1836-yilda Uzunquduq ovulining Ayurten qudugʻi atrofida tugʻilgan. Otadan oʻn yasharligida yetim qolgan. Oʻqishga borishga sharoiti boʻlmaganligi bois, etik tikishni oʻrganib, xalqning xizmatini qilib yurgan. Shuning barobarida diniy taʼlimga ega kishilardan xat-savod chiqarib, diniy bilimlarini oshirib borgan. U ovuldan oʻtib-qaytadigan karvonlarga boqib, katta shaharlarga borishni, ilm olishni, hunar oʻrganishni orzu qilardi. Astoydil qilingan harakat, chin dildan orzulangan istak mustajod boʻlarkan. Qanarbay ota bir karvonboshiga xizmatchi sifatida yollanib, karvonga qoʻshilgan holda Buxoro shahriga keladi. Keyinchalik orzu qilgan — Mir arab madrasasida taʼlim ola boshlaydi. Oʻqish davrida oʻzining ziyrakligi, hunari bilan domla va tengdoshlarining hurmatini qozonadi. Ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan rivoyatlarga koʻra, bir kuni mudarris talabalarni madrasaga yigʻib, Labihovuzdan gʻalvirda suv olib kelishni buyuradi. Barcha shogirdlar bu buyruqni bajarishga shoshiladi, ammo birortasi ham bu ishning uddasidan chiqa olmaydi. Shunda taqvodorlikda tengi yoʻq Qanarboy ota chin ixlos bilan vazifani bajarishga kirishib, gʻalvirni suvga toʻldirgan holda madrasaga olib kelgan ekan. Albatta, bu fikr haqiqatga zid boʻlsada, bundan anglash mumkinki Qanarbay otaning ilmi va taqvosi kuchli hamda ilm-urfon ahli orasida obroʻyi baland boʻlgan. Bu voqeadan soʻng, Qanarbay ota xalq orasida avliyo, deb tan olingan ekan. Yassaviya tariqatining pirlaridan Qanarbay ota qol va hol ilmlarida peshqadam boʻlgan. Shariat ilmlari barobarida tariqat ilmlarinig ham yetuk ulamolaridan hisoblangan va otalik (shayxlik) martabasiga yetgan Islom dini ulamosi madrasadagi oʻqishini tugatib, ovuliga qaytgach,  etikdoʻzlikni davom ettirgan. Shu bilan birga, qator yillar mobaynida xalq orasida  ilm-hunarni, ezgulikni targʻib qilgan. Etik, bosh kiyim  tikib topgan mablagʻining bir qismini muhtojlarga ehson qilib kelgan. Qanarbay ota hayoti davomida:  „Basti bayliq — bargʻa qanagʻat“, yaʼni  „Eng katta boylik bu — boriga qanoat“, deya insonlarni manmanlikdan qaytarib, kamtarlikka, mehnatga, hunar oʻrganishga hamda ezgulikka daʼvat etgan ekan. Qanarbay ota 1899-yilda  63 yoshida rixlatga yuz tutadi.

Vafoti kechasi Usen ismli yaqin qarindoshining tushiga kirib: „Meni oʻz hujramning yoniga koʻminglar. Tahorat olib tursanglar bas, namozni tegishli mulla kelib oʻqiydi“, deydi. Yaqinlari taʼziyani u aytgandek, tashkil etishadi. Hamma yigʻilgach, avliyoning piri Faxriddin domla kelib janoza oʻqiydi.

„Qanarboy ota“ ziyoratgohining vujudga kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ha, ibratli umr kechirgan Qanarbay otaning ulugʻ fazilatlariga taʼzim qilgan ming-minglab kishilar har doim u haqida yaxshi gaplar aytib, nomini avloddan-avlodga yetkazib kelmoqda. Shuning barobarida, yaxshi insonlarning eʼtibori tufayli Qanarbay ota mangu qoʻnim topgan maskanda qator bunyodkorlik ishlari olib borildi. 1969  yilda Suyequl Toqanov boshchiligida chorvador-quruvchilarning qoʻl mehnati evaziga masjid bunyod etildi.1980-yilda esa nomi respublikamizga yaxshi tanish boʻlgan chorvador Toban Rametov otaning qabri ustiga maqbara qurdirtirgan. Darhaqiqat, yurtimiz istiqlolga erishganidan soʻng, barcha qadriyat va urf-odatlarimiz qayta tiklandi. Tariximiz, maʼnaviyatimiz, madaniyatimiz, dinimiz jonlandi. Muqaddas qadamjolarga boʻlgan eʼtibor kuchaytirildi. 2004-yil 6-dekabrda Qanarboy ota mangu qoʻnim topgan maskanni obod etish maqsadida  „Qanarbay ota“  xayriya jamgʻarmasi tashkil etilib, uning hisob raqami ochildi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, yaʼni 2005-yilning 16-aprelida  yangi masjid qurilishiga birinchi gʻisht qoʻyildi.

Saxovatpesha, oliyhimmat xalqimizning koʻmagi bilan qisqa vaqt mobaynida masjid qurilib foydalanishga topshirildi. Eʼtiborlisi, 2006-yilda  Qanarbay ota tavalludining 170 yilligi, 2016-yilda esa 180 yilligi viloyat miqyosida keng nishonlandi. Bugungi kunda jamgʻarma huquqiy shakli oʻzgartirilib, „Qanarbay ota“ xayriya jamoat fondiga aylantirildi.

Qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan jamoat fondi  maqsad va vazifalari ajdodlar merosini avlodlarga yetkazish, yoshlarni ona tilimizga, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularda Vatanga muhabbat tuygʻusini yuksaltirishda hissa qoʻshishdan iboratdir.

  1. Qodirova, Rayhon „Qanarboy ota“. uchquduq-gazetasi.uz (31-may 2022-yil). Qaraldi: 8-noyabr 2022-yil.