Kontent qismiga oʻtish

Qarindoshlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qarindoshlik (huquqda) — insonlar oʻrtasida qon jihatdan oʻzaro bogʻliqlik, aloqadorlik. Kishilar oʻrtasida qonqarindoshlik va urugʻaymoqlik aloqalarining mavjudligi muayyan huquqiy oqibatlar yuz berishiga (huquqlar va majburiyatlar paydo boʻlishiga) sabab boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasining OiLa kodeksida Q. tushunchasiga taʼrif berilgan. Ushbu kodeksning 57-moddasiga koʻra, bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. 2 shaxs oʻrtasida toʻgʻri shajara boʻyicha Q.ning yaqinligi Q. darajasi bilan belgilanadi. Toʻgʻri shajara boʻyicha Q. oʻzaro farqlanadi.

Oʻzbekiston oila huquqi boʻyicha, Q. munosabatlarining mavjudligi oʻzaro shaxsiy hamda mulkiy huquqlar va majburiyatlarni yuzaga keltiradi (ota-onalarning oʻz farzandlariga boʻlgan huquqi, aliment huquq va majburiyatlari, yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh qayd etilmasligi va hokazo). Fuqarolik huquqida Q. ota-onaning oʻz voyaga yetmagan farzandlariga qonuniy vakillik qilishi huquqlari va majburiyatlarini keltirib chiqaradi. Vorislik munosabatlari qonun boʻyicha meros ochilgan hollarda Q. aloqalariga koʻra tartibga solinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 68bobida (1134— 1157-moddalar) qonun boʻyicha vorislik munosabatlari va ularni tartibga solinishiga doir qoidalar belgilangan. Ushbu qoidalarga koʻra, qonuniy vorislik Q.ning darajasi (vorislik navbatlari)ga asoslanadi. Shunga koʻra, Q. aloqalarining yaqinuzoqliligiga qarab vorislikning beshta navbati belgilangan. Oldingi navbatda turgan vorislarning yoʻqligi, ularning merosdan voz kechishi yoki mahrum etilganligi navbatdagi vorislarga meros olish xuquqini beradi.

Q. mehnat huquqida ham ahamiyatlidir. Mas, 16 yoshga toʻlmagan oʻsmirlarni ishga qabul qilish uchun uning otasi yoki onasi yozma rozilik berishi lozim (Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasi). Yakin Q. aloqasida boʻlgan shaxslarning bitta davlat korxonasida birga ishlashlari taqiklanadi (Mehnat kodeksining 79-moddasi). Bu qoidadan istisnolar Oʻzbekiston Respublikasining hukumati tomonidan belgilanishi mumkin. Ota yoki ona xavfli mehnat sharoitida ishlayotgan oʻz farzandini ishdan boʻshashini talab qilishi mumkin (Mehnat kodeksining 247-moddasi).

Q. aloqalari ijtimoiy taʼminot huquqida ham ahamiyatga ega. Bunda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi, ijtimoiy nafaqalarning ayrim turlarini tayinlash chogʻida (qarang Qaramogʻda boʻlish) marhum boquvchi shaxs bilan uning qaramogʻida boʻlib kelgan voyaga yetmaganlar oʻrtasida Q.ning mavjudligi asos qilib olinadi (Oʻzbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi Qonunining 19-moddasi). Q. boshqa hollarda ham huquqiy ahamiyatga ega.

Shoira Yoʻldosheva.