Qashqadaryo teatri
Qisqartma | QVMDT |
---|---|
Turi | musiqali drama teatr |
Ishga tushgan sanasi | 1932-yil 2-avgust |
Asoschi(lar)i |
A. Shoibzoda A. Qodirov |
Qashqadaryo teatri yoki Mulla Toʻychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri — Oʻzbekistondagi dastlabki professional teatrlardan biri.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashkil etilishi va Sobiq Ittifoq yillaridagi faoliyat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qarshi va Shahrisabz havaskorlik jamoalari asosida Qarshi tuman maorif mudiri A.Shoibzoda va sozanda A. Qodirov tomonidan 1932-yil 2-avgustda tashkil topgan. 1936-yil davlat teatri maqomi, 1943-yilda atoqli xonanda Toʻychi Hofiz Toshmuhamedov nomi berilgan. Dastlab truppada N. va J. Sattorovlar, S. Husanov, N.Ostonov, S.Roʻziyeva, M.Vafoyeva, M. va J.Jalilovlar, T.Melnikova (Lola) va boshqalar ishlagan. U. Rahimov bilan A.Boltayev rej.lik qilgan. Teatrning shakllanishida "Tormor" (K. Yashin), "Farhod va Shirin" (Xurshid; Sh.Shoumarov, Toʻychi hofiz, Yu.Rajabiy musiqasi), "Gʻunchalar" (3. Fatxullin), "Nurxon" (K.Yashin; T.Jalilov) spektakllari muhim rol oʻynadi. 50-yillar oʻrtalarida rejissyor D.Zaikin, aktyorlar A.Toʻlayev, SPoʻlatov, N.Xolmatovlar bilan mustahkamlandi, mumtoz dramaturgiyaga, milliy mavzudagi yirik asarlarga murojaat etishga imkon yaratildi. "Uylanish" (N.Gogol), "Otello" (U.Shekspir), "Alisher Navoiy" (Uygʻun, I.Sulton), "Hurriyat" (Uygʻun), "Ogʻriq tishlar" (A.Qahhor) kabi spektakllar bunga misoldir. 60-yillarda A.Otaqulov, X.Mustafoqulov, A.Toʻlayev, Q.Hakimovlar bosh rejissyor boʻlib ishlagan. 1966-yil Fargʻona viloyatida, 1967-yil Toshkentda gastrolda boʻlgan.
70-yillar bosh rejissyor — Q.Yoʻldoshev, bosh dirijyor — F.Komiljonov, Oʻzbekiston xalq artisti M.Nosirova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar X.Mustafoqulov, Yo. Rajabov, M.Mamatov, J.Ashurov, G.Murodov, M.Fayzullayeva, X.Ibrbhimova, AToʻlayevlarning ijodiy faoliyati tufayli Qashqadaryo teatri viloyat teatrlari orasida nufuzli oʻrinlardan birini egalladi. "Oʻjarlar" (J.Jabborov; Ik.Akbarov), "Ona" (Uygʻun), "Ezop" (Figeyredu), "Xasis bahodir" (A.Pushkin), "Mayna Hasanova" (Adham Rahmat) kabi turli janrlardagi eʼtiborli spektakllar yaratildi.
80-yillar Qashqadaryo teatri hayotida murakkab davr boʻldi. Shu davr boshida (1981) teatr repertuaridan "Gavhari shamchiroq" (S. Ulugʻzoda; A.Muhamedov), "Gʻariblar" (A.Delmar), "Hiylai sharʼiy" (Guntekin), "Toshkentning nozanin malikasi" (H.Muhammad), "Toʻydan oldin tomosha" (J.Jabborov; Ik. Akbarov) kabi spektakllar oʻrin olgan. 1986-yil boshida teatr yangi binoga koʻchib oʻtdi. Bosh rejissyor boʻlib ishlagan A.Abdunazarov, B.Nazarov, taklif qilingan M. Ravshanov, M.Xachaturov ancha pasayib qolgan teatr mavqeini tiklashga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Teatr yosh aktyorlar hisobiga mustahkamlandi.
Muloqot teatr studiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1988-yil 4-oktabrda rejissyor Abdurahmon Abdunazarov boshchiligida bir guruh yosh aktyorlar viloyat teatridan ajralib chiqib, "Muloqot" teatrstudiyasini tashkil etdilar. Teatr "Temir xotin" (Sh.Boshbekov) spektakli bilan ochilgan. Uning "Jononga bordim bir kecha" (komediya), "Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari" (tragediya), "Mayli saylang" (satira) pyesalaridan tuzilgan "Hamzaning nomaʼlum teatri" asari yosh ijodkorlarning milliy teatrning unutilgan anʼanalarini tiklash, sahnaviy talqinlarda tomoshabinlarga bevosita taʼsir etuvchi zamonaviy vositalarni ishga solishdan iborat harakatidan guvohlik berdi. Teatr respublika, xalqaro festivallarda 1-oʻrinni oldi. Keyingi spektakllaridan "Baxtiyorni uylantiramiz" (E.Sobirov) folkloretnografik tomoshasi, "Gulya+Edik" (M.Bayjiyev) alohida ajralib turadi.
Keyingi yillarda Qashqadaryo teatrida "Tikansiz tipratikanlar" (Sh.Boshbekov), "Sehrli uzuk" (M.Xalil), "Tuhmatchilar jazosi" (Hamza), "Sohibqiron" (A.Oripov), "Bir kam dunyo" (T.Yunus), "Ajabgul va Rajabgul" (Sh.Pardayev), "Bir oʻlib koʻraychi" (X.Xursandov), "Ruhlar isyoni" (E.Vohidov) kabi turli janrda koʻplab milliy asarlar sahnalashtirildi.
Mustaqillik yillarida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Umuman, mustaqillik davrida Qashqadaryo teatri milliy repertuarga, dramaturglar bilan yangi asarlar ustida ishlashga alohida eʼtibor berib kelmoqda. Husan Amirqulov, O.Ismoilov, M.Toʻraqulov, S.Qoraboyev, X.Isroilova, Haqberdi Amirqulov, A.Roʻziyeva, B.Elmurodov, E.Shodiyev, Q.Berdiyev, M.Shoymardonov, R.Mustafoyeva, F.Samiyeva, N.Boymurodova, T.Jalilov, Sh.Omonov, H.Ostonova, A.Bobomurodova va boshqalar yetakchi aktyorlardir. Bosh rejissyor, bosh rassom — Azamat Sattorov[manba kerak].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |