Kontent qismiga oʻtish

Qayir tuproqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qayir tuproqlar - daryo odoqlarining allyuvial yotqiziqlarida hosil boʻladigan tuproqlar. Suvi toshib turadigan daryo boʻylarida, suv bosadigan yerlarda tarqalgan. Yuqori biogenligi, qatlamdorligi, gumus qatlami bilan farqlanadi. Tuproq hosil qilish jarayoniga qarab chimli (boshoqli va har xil oʻtli oʻtloq va ochiq oʻrmonlarda hosil boʻladi; mexanik tarkibi yengil, suv rejimi barqaror emas), oʻtloqi (har xil oʻtliboshoqli oʻsimliklar oʻsadigan odoqlarning markaziy qismida vujudga keladi, gumusning koʻp toʻplanishi, donador strukturaliligi va hokazo bilan tavsiflanadi), botqoqi (oʻtli va oʻrmonli botqoqlar odoqlarining terrasa oldi qismlarida hosil boʻladi, torflanishi, loyqa bosishi va hokazo bilan farqlanadi) boʻladi.

Qayir tuproqlar turli tabiiy zonalarda uchraydi, unumdor. Bunday tuproqli yerlardan yaylov va pichanzor sifatida, sabzavot, yemxashak ekinlari, sholi va boshqalarni ekishda foydalaniladi. Qayir tuproqlar suv rejimini tartibga solish (quritish) zarur.