Qaysin Quliyev
Qaysin Shuvayevich Quliyev (1917.1.11 — hozirgi Kabarda-Balkariya Respublikasi, Chegem tumani — 1985.4.6) — bolqor shoiri. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1941—44). Moskvadagi Teatr sanʼati institutini tugatgan (1939). Ilk sheʼrlar kitobi — "Assalom, tong" (1940). Asarlarida inson kechinmalari, tabiat, vatan, ozodlik va turmush tashvishlari, oʻz zamonasi va tarixiy oʻtmish voqealari aks etgan. "Qoʻshnilarim" (1939-45), "Daralar qoʻshigʻi" (1960) sheʼriy toʻplamlari va "Yarador tosh" (1964), "Yer kitobi" (1972), "Oqshom" (1974), "Zamin chiroyi" (1980) kabi dostonlar muallifi. Bolqor xalqi tarixi va taqdiriga bagʻishlangan "Qish edi" (1985) epik asari umrining oxirlarida yozilgan. Bir qator Kavkaz xalqlari vakillari qatori Oʻrta Osiyoga surgun qilingan Q. 1944—57 yillarda Qirgʻizistonda yashagan. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan nufuzli adabiy tadbirlarda muntazam qatnashgan. U oʻzbek sheʼriyatini nihoyatda qadrlagan; Zulfiya, Shukrullo, Abdulla Oripov kabi oʻzbek shoirlarining sheʼrlarini bolqor tiliga tarjima qilgan. "Gul va xanjar" (1968), "Koʻzlaringni sevaman" (1977), "Meni ardoqlagan ayollarga" (2004) kitoblari oʻzbek tilida nashr qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sobraniye sochineniy, p 3-x t.. M., 1987.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Efendiyev T., Kaysin Kuliyev, M., 1985.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |