Qibray
Qibray Qibray | |
---|---|
shahar | |
41°23′23″N 69°27′54″E / 41.38972°N 69.46500°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Toshkent viloyati |
tuman | Qibray tumani |
Aholisi (2011) |
27 700 |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
|
Qibray – shahar tipidagi aholi punkti (1973-yildan), Toshkent viloyati Qibray tumanining maʼmuriy markazi, Toshkent va Chirchiq shaharlari oraligʻida joylashgan. Toshkent shahridan 18 km shimoli-sharqda joylashgan. Eng yaqin temir yoʻl Qodiriya (10 km) stansiyasi hisoblanadi. 2024-yilgi maʼlumotlarga koʻra aholisi 100 ming kishini tashkil etgan. Mahalliy rivoyatlarga koʻra „Qibray“ (qadimda „Qiray“) nomi qadimiy turkiy qabila nomidan kelib chiqqan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, asosiy aholi punkti XVIII asr boshlarida rivojlana boshlagan. Eski Toshkentdan bir necha oilalar unumdor yerlarni oʻzlashtira maqsadida kelgan va keyinchalik doimiy aholi sifatida shu yerda qolgan. XX asrning 30-yillarida eski yer egalarining yerlari aholi oʻrtasida qayta taqsimlangan[1].
1959-yilda Yadro fizikasi instituti va Ulugʻbek (shaharcha) qishlogʻi tashkil etilgandan soʻng yangi qishloqqa yoʻl va koʻprik qurilgan.
1995-yilda qishloq markazida yangi avtovokzal, bozor, savdo doʻkonlari, yodgorlik barpo etish ishlari olib borilgan.
2011-yilda qishloqning markaziy qismida navbatdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, asosan 1950-yillarda qurilgan eski turar-joy binolari buzib tashlangan va markaziy Alisher Navoiy koʻchasi boʻylab yangi turar-joy va noturar-joy binolari qurilgan.
Qishloqda futbol stadioni, 2 ta oʻrta maktab, mahalla fuqarolar yigʻini, masjid, bosmaxona, koʻplab savdo doʻkonlari, viloyat ahamiyatiga molik asosiy maʼmuriy binolar mavjud.
„Yangiobod“ mahallasi oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillarining boshlarida mahalliy aholiga yer maydonlarining ajratilishi natijasida tashkil topgan. U „Yakkachoʻp“ koʻchasi „Qorasuv“ kollektori ustidagi koʻprikning tarixiy nomi bilan atalgan[2][3].
1992-yilda toponimiya komissiyasi Orjonikidzevskiy tumani nomini oʻzgartirish masalasini oʻrganib chiqqan. Komissiya raisi J. Xonazarov Boʻzsuv tumani nomiga oʻzgartirish taklifini ilgari surgan. Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan soʻng Qibray qishlogʻi vakili B. Usmonov tashabbusi bilan Orjonikidzevskiy tumani Qibray tumani deb nomlangan[4].
Qibrayda sanoat, qurilish tashkilotlari, kichik, oʻrta biznes, yirik korxonalari va mikrofirmalar, qoʻshma korxonalar, Shreder nomidagi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining tokchilik va vinochilik filiallari, avtokorxona, MTP, dehqon bozori bor. Umumiy taʼlim, bolalar musiqa, sport maktablari, litseylar, kasbhunar kollejlari, tuman markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, Mustaqillik maydoni, oʻquv sport xonasi, stadion, suzish havzasi va boshqa koʻplab sport inshootlari mavjud. Shahar oʻrtasidagi maydonda Xotira monumenti oʻrnatilgan. Qibrayda tuman markaziy kasalxonasi, tibbiy tez yordam boʻlimi, poliklinika, markaziy dorixona, tugʻruqxona majmui va boshqalar tibbiy muassasalar faoliyat yuritadi. Shaharcha yaqinida bir qancha sanatoriy va dam olish uylari (shu jumladan, „Botanika“, „Boʻston“, „Umid gulshani“, „Qibray“, „Navbahor“, „Energetik“ va boshqalar) faoliyat koʻrsatadi. Qibraydan Toshkent shahrigacha avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent – Xoʻjakent elektr poyezdi Qibray yonidan oʻtadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „КИБРАЙ“. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.
- ↑ „Более 20 махаллей Кибрая планируется перевести в состав Ташкента“. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.
- ↑ „Стало известно, какие махалли Кибрайского района перейдут в состав Ташкента“. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.
- ↑ „Укроп — WomanWiki - женская энциклопедия“. womanwiki.ru. Qaraldi: 2023-yil 29-noyabr.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |