Qirq kokil
Qirq kokil – mayda oʻrilgan soch. Bir oz sabr qilsang, qirq kokil qilib qoʻyardimki, orqangda tolbargakday hilpirardi. Oybek, „O“.v. shabadalar[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qadimdan momolarimiz sochga alohida munosabatda boʻlgan. Soch ayol tanasini tashqi olam bilan bogʻlab turuvchi quvvat manbai. Shu sababli, qiz bola esini tanigandan soʻng uning sochiga qaychi urilmagan. Ayollarda sochning uzun boʻlishi ular organizmiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniqlangan. Hatto uzun sochli ayollarda homiladorlikda yuz beradigan taksikoz holati kam kuzatilishi isbotlangan[2].
Soch oʻrimini qadimdan dunyo ahli bevosita ilohiy qarashlar bilan bogʻlagan. Momolarning aytishicha, soch uch tutam olib oʻrilishining sababi bor. Bu inson hayotida muhim rol oʻynovchi uch unsur: suv, havo va olov quvvatining ayol tanasiga singishini ifodalaydi. Bu ilohiy quvvat ayol qalbi va sogʻligʻini mustahkamlovchi muhim omilga aylanishi eʼtirof etiladi. Qizlarning sochi yoshligidan oʻrib qoʻyilishining ham sababi shunda. Oʻrilgan soch orqali butun borliqning ijobiy quvvati umurtqaga singib, qiz bola vujudini, qalbini va ruhini quvvat bilan boyitadi. Bu quvvat orqali uning kelajakda ona boʻlishi uchun ilohiy koʻmak olishi taʼminlanadi, deb ishonilgan[3].
Soch tashqi olamdan axborot va nozik quvvat manbaini tez oʻziga singdirib oladi. Shu boisdan ham momolar sochlarini begonalar nazaridan xoli tutish maqsadida ularni oʻrib, roʻmol yoxud doʻppi ostiga olishni maslahat bergan. Atrofda turli fikrga va quvvatga ega insonlar borligi hisobga olinib, sochlarni yoymaslik tavsiya etilgan. Ayol boshidan bir tola ham soch pastga tushmasligiga alohida ahamiyat qaratilgan. Soch oyoq ostida qolsa, qiz-u juvonlarning boshi ogʻrishi uqtirib kelingan.
Soch oʻrimidagi farqlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalqimizda oʻrilgan soch turmagiga alohida ahamiyat berilgan. Qizlar, oʻrta yosh ayollar hamda yoshi keksa kampirlarning soch oʻrishida juda katta farq boʻlgan. Qizlarning sochi turmushga chiqqunga qadar toʻrttadan qirqtagacha, hatto undan ham koʻp maydalab oʻrilib, uchiga jamalak taqilgan. Gunoh yoshigacha boʻlgan qizlarning sochiga esa maydalab oʻrilayotganda paxtadan „paxta pilik“ qoʻshib oʻrilgan. Turmushga chiqayotgan qizning sochi ikkita qilib oʻrilgan hamda turli tugma, munchoq va poshshoyi tanga (kumush tanga)lar bilan bezatilgan, jamalak (sochpopuk) taqilgan. Ayollarning kundalik turmushda oddiy qora rangga boʻyalgan ipakli chilvirdan iborat jamalaklar taqilgan.
Qadim momolarimiz mayda oʻrilgan sochi uchiga kalit yoki tumor kabi ehtiyot buyumlarni osib yurgan. Bu esa ularga kerakli buyumning zarur vaqtda xizmat qilishini taʼminlagan[4].
Qulayligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qiz-u juvonlar sochini qirq kokil qilib oʻrib yurishining bir qancha qulayliklari boʻlgan. Mayda kokillar bir haftagacha sochlarning chiroyli turmak boʻlib turishini taʼminlagan. Har kuni soch turmagi uchun ketadigan vaqt tejalgan. Jamalak sochlar kechasi uxlaganda ham qulay boʻlib, ayol koʻrinishi ham koʻrkam va orasta boʻladi. Sochning chigal boʻlib, ertalab tarashda qiyinchilik tugʻdirishining oldi olinadi.
Uy ishlarini bajarayotganda ham mayda kokillarni yigʻib, roʻmol ostiga olish oson boʻlgani uchun ham u yumushlarni bajarishga xalal bermagan.
Salomatlikka foydasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻrilgan mayda sochlar orasi zich boʻlgani sababli unga turli chang va gʻuborlar oʻrnashishi qiyin. Shuning uchun ham mayda qilib oʻrilgan sochlarning kirlanish jarayoni sekin kechadi. Mayda oʻrilgan sochlar koʻp toʻkilmaydi. Shu bois, xonadon va ayol orastaligida oʻrilgan sochlarning qadri boʻlakcha. Soch mayda oʻrilsa, tez sinuvchan boʻlib qoladi, degan gaplar yuradi. Bu oʻz isbotini topmagan.
Soch mayda oʻrilganda tez oʻsadi. Shu sababli, buvilar nabira qizlarining sochlarini qirq kokil qilib oʻrib qoʻyishgan. Ular oʻrish jarayonida nabiralarining sochlarini tortib-tortib qoʻyishgan. Soch uchlariga esa sochpopuk va jamalaklar taqilgan. Bu esa sochlar pastga tortilib, tezroq oʻsishiga yordam bergan[5].
Qirq kokil qilib uchiga jamalak taqilgan sochlar yurganda u yon bu yonga silkinib, bosh va soch ildizini tabiiy ravishda uqalagan. Bu esa bosh terisida qon aylanishini yaxshilab, sochlarning sogʻlom koʻrinishga ega boʻlishini taʼminlagan.
Sochlar qirq kokil qilib oʻrilganda ikki qatorga ajratilib turmaklangan. Pastki qator bilan ustki qatordan oʻrish uchun soch tutami zigzak shaklda olingan. Bu esa soch va bosh terisida havo aylanishini yaxshilab, bosh terisining erkin nafas olishini taʼminlagan.
Yosh qizaloqlar sochi mayda oʻrilib, oʻrim ostiga jamalak taqilgan. Bu ularning qomati raso boʻlib voyaga yetishiga ijobiy taʼsir oʻtkazgan. Yaʼni gavda bukik holatda yoki bosh egib yurilganda mayda jamalak sochlar ikki chakka orqali oldinga intilib, harakatga xalal bergan. Buning oldini olish uchun qizaloqlar boshini tik tutib, gavdasini rostlab yurgan. Gavdaning sarvqomat boʻlishi esa tanada qon aylanishini yaxshilab, yosh organizmning sogʻlom boʻlib rivojlanishiga koʻmak bergan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |
- ↑ https://uz.wiktionary.org/wiki/qirq, Qirq, Maʼnoviy xususiyatlari, 04.04.2021
- ↑ https://microbam.ru/blog/volosy-i-ih-vliyanie-na-energetiku-cheloveka (Wayback Machine saytida 2022-11-13 sanasida arxivlangan), Волосы и их влияние на энергетику человека, MicroBam.ru
- ↑ https://milliycha.uz/soch-orimi-tarixi-nimadan-boshlangan/, Soch o’rimi tarixi nimadan boshlangan? 13.10.2021
- ↑ 4,0 4,1 Adolat koʻzgusi gazetasi, №8 (1024), Qirq kokilning qirq siri, Munira Nazarova, 26.02.2015
- ↑ https://oz.sputniknews-uz.com/20160808/3495826.html, Jamalak taqish foydasi, 08.08.2016