Kontent qismiga oʻtish

Qoʻldosh Mamirov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qoʻldosh Mamirov
Tavalludi 23-mart 1941-yil
Vafoti 27-iyul 2021-yil(2021-07-27)
(80 yoshda)
Toshkent
Kasbi Professor, Pedagog, Kompozitor, Bastakor, Shoir, Sozanda, Xor dirijyor
Millati Oʻzbek

Qoʻldosh Mamirov – 1941-yil 23-martda Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumani Suvchi qishlogʻida tugʻilgan. Nizomiy nomidagi TDPU professori, Pedagogika fanlari nomzodi. Ota-onasi uning musiqaga qiziqishini sezib, tumandagi naychi Rahmatjon Abdurayimovga shogirdlikka berishgan.

1958-yili u Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtining xor dirijorligi boʻlimiga qabul qilingan. Soʻngra, 1962-yil Toshkent Davlat Konservatoriyasining Xor dirijorligi fakultetiga oʻqishga kirgan. 1964—1968-yillarda Qoʻldosh Mamirov „Toshkent harbiy garnizoni“ qoshidagi Ikromjon Boʻronov rahbarlik qilgan „Oʻzbek ashula va raqs ansambli“da naychi sifatida harbiy xizmatni ado etgan.

Ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bastakor va xor dirijori Qoʻldosh Mamirov mehnat faoliyatini talabalik davridan boshlab, umumtaʼlim maktablarida musiqadan dars bergan. 1964-yili Toshkent Oʻquvchilar saroyida „Oʻzbek xalq cholgʻu ansambli“ga, 1968—1970-yillarda A. Gagarin nomidagi Oʻquvchilar saroyidagi „Oʻzbek xalq cholgʻulari ansambli“ga rahbarlik qildi. 1970-yildan buyon „Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti“ning musiqa fakultetida xor dirijorligi kafedrasi mudiridan, dekan, professorlikkacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. 1987-yiIi Moskvada „Boshlangʻich sinf musiqa darslarida oʻquvchilarning axloqiy hislarini tarbiyalash“ mavzusida yozgan dissertatsiyasini yoqladi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boidi.

Qoʻldosh Mamirov Navoiy gʻazallari bilan kuylanadigan 40 ta ashulani notaga yozdi. 80 ta xalq qoʻshigʻi va maqom shu’balarini oʻz ichiga olgan „Oʻzbek xalq qoʻshiqchiligi majmuasi“ni tuzdi. Oʻz asarlaridan qoʻllanmalar tayyorladi. „Quyosh yurtim“, „Ohanglarda hayot nafasi“, „Ona allasi“ kabi toʻplamlarni chop etdi. Yakka xonanda va vokal ansambli bilan orkestr joʻrligida quyidagi asarlarni yaratdi: „Yoʻlim boshlar“, „Sevinch yoshlarim“, „Goʻzalim madhiyasi“, vokal-cholgʻu ansambli ijrosida „Bahor“, „Nigohimni uzolmayman“, „Qoʻshiqqa navbat“, „Ona yurt qoʻshigʻi“ asarlarini yaratdi. Ular asosida xor akapella (joʻrsiz xor) uchun „Lahza-lahza“, „Miltiraydi bir mitti yulduz“, „Oʻzbekiston – ona yurt“, „Oʻzbekiston taronasi“ asarlari koʻrik-tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni egalladi.

Xor va oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri uchun „Istiqlol“, „Yor qani“, „Goʻzal Toshkent qizlari“. „Dugona kehbdur“, yakka xonanda va orkestr uchun „Bahor sarvinoz“, „Anhor labida“ va boshqalar. Dramaturg N. Qurbonov bilan „O, meni qora koʻzlarim“ nomli musiqali drama va kinorejissor Zulfiqor Musoqov bilan hamkorlikda „Qaldirgʻoch“ kinofilmiga musiqa bastaladi. U 100 dan ortiq kattalar va bolalar uchun qoʻshiqlar yaratdi. Bulardan tashqari 6 ta sheʼriy poema, 200 ga yaqin sheʼrlar, toʻrtliklar, „Paygʻambarnoma“ nomli sheʼriy roman muailifi. Q.Mamirov talabalar va maktab oʻquvchilari nafosatini axloqiy jihatdan tarbiyalash muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. Ilmiy izlanishlar samarasi sifatida 20 ga yaqin maqola, dastur, tavsiya, qoʻllanmalar yaratishga erishgan. Shunigdek besh qismili „Xor dirijorligi“ xrestomatiyasini yozgan. Turli ilmiy-amaliy va ilmiy-uslubiy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashgan.