Kontent qismiga oʻtish

Qoʻtir

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qoʻtir — invazion teri kasalligi; qoʻtir kanalar (qarang Qichima kanalar) qoʻzgʻatadi. Qoʻzgʻatuvchilar odamga, asosan, bemordan yoki uning buyumlari (mas, sochiq, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak) orqali oʻtadi. Kasallik yuqqanidan 7—10 kun keyin qo'tir alomatlari koʻzga tashlanadi. Qoʻtir kanalari, asosan, terining yupqa va nozik joylarini teshib kiradi. Qoʻl, oyoq barmoqlari orasidagi burmalar, qorin, bel va koʻkrak qafasining ikki yon tomon terisi kasallanadi; shu soha terisida mayda qizgʻish tugunchalar paydo boʻlib, usti qoramtir-qizil poʻst bilan qoplanadi yoki uchida pufakcha koʻrinib turadi; tugunchalar orasida teridan salgina boʻrtib chiqqan, bir necha mm uzunlikdagi toʻgʻri yoki egri chiziqcha — kana yoʻli hosil boʻladi. bemor qattiq qichinadi, bu holat, ayniqsa, kechasi kuchayadi (qoʻtir kanasi kechasi faollashadi). Qichinganda tirnalgan joylarga infeksiya tushishi natijasida Q.da koʻpincha terining yiringli kasalliklari rivojlanishi ham mumkin. Terining yupqa va nozik qismida qichishish alomatlari paydo boʻlishi bilan darhol vrachga murojaat etish lozim. Q.ni davolash uchun vrach tavsiya etgan dori surtiladi, shu vaqt ichida choʻmilish mumkin emas. 7-kuni choʻmilib, kiyimlar almashtiriladi. Bemor boshqalardan alohida yotishi va oʻziga alohida sochiq tutishi lozim. U ishlatgan choyshab, koʻrpa, yostiq jildi, ich kiyimlarini yaxshilab qaynatish yoki lizol eritmasiga 1 soat botirib qoʻyish kerak. Ustki kiyim-kechaklarni maxsus dezokamerada dezinfeksiya qilish, agar buning iloji boʻlmasa, 5 kungacha of-tobga yoyish, sovuq kunlarda esa kun boʻyi yoyib qoʻyish, issiq dazmol bilan dazmollash lozim. Bemor yotgan xona va jihozlarini nam latta bilan artib turish kerak. Q.ga oʻz vaqtida davo qilinsa, bemor tezda sogʻayib ketadi. Q.ning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish juda muhim[1].

  1. "Qoʻtir" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil