Kontent qismiga oʻtish

Qobul Abdurashidov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Qobul Abdurashidov
Tavalludi 19-mart 1935-yil (1935-03-19) (89 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Toshkent arxitektura va qurilish instituti
Taʼlimi Toshkent temir yoʻllar transporti muhandislari instituti
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Qobul Sodiqovich Abdurashidov (1935-yil 19-mart, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbekistonlik olim, texnika fanlari doktori, professor. Xalqaro muhandislik akademiyasining aʼzosi.

Qobul Abdurashidov 1935-yil 19-mart Toshkent shahrida ishchi oilasida tugʻilgan[1]. 1955-yilda Toshkent temir yoʻllar transporti muhandislari institutiga oʻqishga kirib, 1960-yilda temir yoʻllar qurilish injeneri mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. Mehnat faoliyatini 1960—1961-yillarda qurilishda oddiy masterlikdan boshlagan. 1961—1964-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi“ instituti „Qurilish mexanikasi“ laboratoriyasida kichik ilmiy xodim, 1964-yildan katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. 1966—1982-yillarda esa „Inshootlarni sinash“ laboratoriyasi mudiri lavozimida ishladi. 1961—1982-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi“ institutida bino va inshootlarni seysmik mustahkamligini tekshirish, texnik holatini aniqlash masalalari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qiladi. 1966—1990-yillarda sobiq Ittifoq hududida sodir boʻlgan zilzilalar oqibatlarini oʻrganib, zilzila taʼsirida bino va inshootlarning shikastlanishi va ularning zilzilabardoshligini taʼminlash boʻyicha izlanishlar olib boradi. 1982-yildan 1991-yilgacha Toshkent Politexnika instituti, 1991-yildan 2010- yilgacha Toshkent arxitektura qurilish instituti „Qurilish mexanikasi va inshootlar zilzilabardoshligi“ kafedrasi mudiri lavozimida ishlaydi. 2010-yildan Toshkent arxitektura qurilish institutining „Qurilish mexanikasi va inshootlar seysmobardoshligi“ kafedrasi professori[1][2][3].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olim sanoat va turar joy binolari, energetik inshootlar va meʼmoriy obidalarning mustahkamligi, ustivorligi va zilzilabardoshligini taʼminlash yoʻnalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib boradai. Oʻzbekistonda birinchi boʻlib bino va inshootlarni natura holida zilzilaga sinash boʻyicha eksperimental tadqiqotlar olib borgan. 1965-yilda „Instrumentalniy metod otsenki deformirovannosti soorujeniy“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1965-yil texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan. 1981-yilda „Issledovanie seysmostoykost vsyakix zdaniy i prostranstvennix soorujeniy tipa struktur“ doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, texnika fanlari doktori ilmiy darajasi, olgan 1986-yilda esa professorlik ilmiy unvonga berilgan. 1998-yilda hammualliflikda tayyorlangan „Qurilish mexanikasi“ va 2011-yilda „Qurilishda metrologiya, standartlantirish va sifat nazorati“ darsliklari chop etilgan. 1993-yildan arxitektura yodgorliklarining texnik holatini aniqlash, instrumental-monitoring kuzatish va ularning umrboqiyligini taʼminlash uchun konstruktiv tadbirlar ishlab chiqish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Olib borgan tadqiqotlari asosida Oqsaroy arkining shikastlangan peshtogʻini mustahkamlash boʻyicha konstruktiv yechim ishlab chiqildi va 2002-yilda bu peshtoq taʼmirlandi. Shuningdek, Samarqanddagi Tillakori masjidining ogʻayotgan gʻarbiy devorini mustahkamlash uchun uch bosqichdan iborat reja ishlab chiqib va uni amaliyotda qoʻllashga tavsiya etgan. Arxitektura yodgorliklari muammolari boʻyicha Germaniyaning Veymar instituti mutaxassislari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida „Arxitektura yodgorliklari konstruksiyalarini mustahkamlash usuli“ nomli ixtirosiga patent olgan va „Injenernie problemi arxitekturnix pamyatnikov“ nomli monografiyasi chop etilgan. Qobul Abdurashidov sanoat va turar joy binolari va GRES tipidagi energetik inshootlar, struktura tipidagi fazoviy konstruksiyalarning hamda meʼmoriy obidalarning zilzilabardoshligiga bagʻishlangan 300 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan, 10 ta monografiya, 2 ta darslik, 10 ta oʻquv qoʻllanma va uslubiy koʻrsatmalar, 250 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir[1][3]. Xalqaro muhandislar akademiyasi muxbir aʼzosi[3].

  • Shuhrat medali sohibi (1995-yil 30-avgust);
  • „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni sohibi (2002-yil 26-avgust)[4];
  • „Oliy va oʻrta taʼlim fidoiysi“ nishoni sohibi (1999-yil)[1].

.