Qobuliy Hoji Olim
Qobuliy Hoji Olim | |
---|---|
Tavalludi |
1895-yil |
Vafoti | Maʼlum emas |
Fuqaroligi | SSSR |
Faoliyat yillari | 1918—1938 |
Qobuliy Hoji Olim — O‘zbek yozuvchisi. Davriy nashrlarda hajviy sheʼrlari va maqolalari chop etilgan. Qatagʻonga uchragan oʻzbek maʼrifatparvarlaridan biri.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qobuliy Hoji Olim 1895-yilda Marg‘ilon shahrining Saytoq mahallasida tugʻilgan. Otasi Qobul Mahmudov o‘rtahol dehqonlardan hisoblangan. Qobuliy Hoji Olim 1900-yilda otasining vafotidan soʻng, onasining qaramog‘ida qoladi. Chorvoq mahallasi masjidida Sariq mullo nomli ustoz qo‘lida xat-savodini chiqargan. 1910-yilda onasi bilan Makkaga haj safariga boradi. Haj safaridan qaytib kelgach, bir qancha muddat Turkiya davlatida yashagan. 1914-yilda Marg‘ilon shahriga qaytib keladi. Bu yerda ham koʻp yashamasdan, O‘zgan shahriga ko‘chib ketgan. 1918-yilgacha onasining to‘n tikish kasbi orqali tirikchilik qiladi. O‘z ustida qatʼiy ishlashi tufayli 1922-yilda ayrim boshlang‘ich maktablarda muallim boʻlib ishlaydi. 1923-yilgacha Marg‘ilon inqilobiy qo‘mitasida ishlagan. 1924-yilda Toshkentga kelib uch oylik paxtachilik kursini tamomlagan. O‘qishni bitirgach, Fedchenkodagi 20-son paxta zavodida mudirning o‘rinbosari, 1925—1926-yillarda 27-son va 21-son paxta zavodlarida mudir lavozimida faoliyat koʻrsatgan. 1927-yil „Yangi Farg‘ona“ gazetasida bo‘lim mudiri sifatida ishga tayinlangan. Ushbu gazetada Hoji Olim hajviy ruhdagi „Chig‘iriq“ ruknini tashkil qiladi. Shu ruknni bir qancha vaqt o‘zi boshqargan. 1929-yil Samarqandga borib „Mushtum“ jurnalida mas’ul kotib vazifasida ishlagan. 1936-yilda „Marg‘ilon haqiqati“ gazetasida mas’ul kotib vazifasiga tayinlanadi[1].
Hoji Olim Qobuliy matbuotda bosilgan hajviy sheʼrlari va maqolalarini „O.Qobuliy“, „Hazilkash“, „O‘zganlik“, „O.Qobulov“ kabi taxalluslar bilan yozgan. Shoirning sheʼr va maqolalari „Mushtum“, „Yangi Farg‘ona“, „Kommuna“, „Marg‘ilon haqiqati“ kabi nashrlarda chop etib turilgan. Hoji Olim Qobuliyning satirasi nihoyat achchiq tilligi va talablarining keskinligi bilan ajralib turadi[2].
Qatagʻon qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1937-yil 20-sentyabrda NKVD tomonidan qamoqqa olinadi. Hoji Olimga millatlar o‘rtasiga nifoq solish, 1500 ta xatga javob bermaslik, Mirkomilboyni maqtash, mushtumzo‘r va dindorlar faoliyatini matbuotda yoritmaslik kabi ayblovlar qoʻyilgan hamda Fayzulla Xo‘jayevni maqtab yozgan degan ayblov qo‘yilgan. NKVD uchlik komissiyasi 1938-yilda o‘n yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qilgan. Taqdiri maʼlum emas.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sirojiddin Ahmad. Qizil mustamlaka: katta qirg‘in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Capital Books, 2022 — 460-461-bet. ISBN 9789943578937.
- ↑ „Qobulzoda Hoji Olim – Hazilkash“. JADIDLAR. 2023-yil 1-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-iyul 2023-yil.