Ochil Qodirov
Ochil Qodirov | |
---|---|
Tavalludi |
1940-yil Sebiston qishlogʻi, Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Vafoti |
13-mart 1945-yil Sebiston qishlogʻi, Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | SSSR |
Qoʻshin turlari | Piyoda askarlar |
Xizmatdagi yillari | 1941–1945 |
Unvoni | |
Harbiy qism | 1348-oʻqchi polki (399-oʻqchi diviziyasi) |
Lavozimi | pulemyotchi |
Jang/urush | Ikkinchi jahon urushi |
Mukofotlari |
Ochil Qodirov (1910-yil, Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR — 1945-yil 13-mart, Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR) — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi[1], oddiy askar, Sovet Ittifoqi Qahramoni (1945-yil 24-mart)[2].
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochil Qodirov 1910-yilda Qoʻshrabot tumanidagi Sebiston qishlogʻida dehqon[3] yoki choʻpon[4] oilasida tavallud topgan[1][2]. Ota-onasidan erta yetim qolgani tufayli akasi Toʻlak Qodirov qaramogʻida katta boʻlgan[4]. 1941-yilda Samarqand viloyati, Mitan tumani harbiy komissariati tomonidan harbiy xizmatga safarbar etilgan[4]. Janubiy, Markaziy, Belorus frontlaridagi janglarda ishtirok etgan. 1-Belorussiya fronti, 48-armiyaning 399-oʻqchi diviziyasi 1348-oʻqchi polki pulemyotchisi. 1944-yil 29-iyunda Mogilyov viloyati, Bobruysk shahri uchun boʻlgan jangda birinchilardan boʻlib, Berezina daryosini kechib oʻtib, askarlar guruhi bilan dushman transheyasiga hujum qilgan. Ushbu jangda shaxsan oʻzi 5 nafar gitlerchini yoʻq qilgan, koʻrsatgan jasorati uchun Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan. 1944-yil 19-iyulda Belostok (hozirgi Grodno) viloyati, Volkovisskiy tumanidagi Koltuvka qishlogʻi uchun boʻlgan jangda Ochil Qodirov yana birinchilardan boʻlib qishloqqa kirib borgan. Jangda oʻzining avtomati bilan 19 nafar fashist ofitser va askarlarini yoʻq qilib, qishloqni egallashda koʻrsatgan jasorati uchun ikkinchi marotaba Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan[3][4]. 1944-yil 26-avgustda Polshaning Belostok voyevodligi, Ostruv-Mazovetska uyezdidagi (hozirgi Mazovetska voyevodligi, Ostruv poviati) Stok qishlogʻi uchun boʻlgan jangda rotaning chap falangasida joylashgan Qodirov oʻzining pulemyotini orqali piyoda qoʻshinning hujumiga yordam koʻrsatdi. Jangda 15 nafar fashist ofitser va askarlarini yoʻq qilgani uchun " Jasurlik uchun" medali bilan taqdirlanadi. 1944-yil 3-sentyabrda Polshaning Ostruv-Mazovetska uyezdi hududida boʻlib oʻtgan janglarda tank desanti tarkibidagi Qodirov oʻz pulemyoti bilan oʻqchilar rotasining hujumiga yordam bergan[3]. Guri qishlogʻi uchun boʻlgan jangda dushman qarshi hujumga oʻtadi, Qodirov esa toshdan qurilgan omborxonada oʻz pulemyoti bilan 100-150 metr atrofida yaqinlashib kelayotgan oʻziyurar artilleriya moslamalariga qarshi oʻt ochdi. Natijada dushman chekinishga majbur boʻlgan[3][4]. 1944-yil 4-sentyabrda Polshani ozod etishda ishtirok etgan, yaʼni Drozdovo qishlogʻi (Rujan shahrining janubida) yaqinidagi Narev daryosini asosiy qoʻshin kechib oʻtishda Qodirov daryoning gʻarbiy qirgʻogʻida oʻz pulemyoti bilan qoʻshin muhofaza qilib, daryodan kechib oʻtishiga koʻmaklashgan. Qirgʻoqqa yetmasdanoq dushman transheyalariga qarata oʻq uzgan. Ushbu jangda Ochil Qodirov ogʻir jarohat oladi. Yarador boʻlganligi sababli armiya safidan boʻshatilib, oʻz yurtiga joʻnatib yuboriladi[1][3][4].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1945-yil 13-martda oʻz qishlogʻi Sebistonda vafot etgan[3][4].
Xotira
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzi tugʻilgan qishlogʻida byusti oʻrnatilgan va oʻrta maktabga nomi berilgan[3].
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ikki marotaba Qizil Yulduz ordeni (1944-yil 23-iyul, 1944-yil 27-iyul), „Jasurlik uchun“ medali (1944-yil 11-sentyabr), Lenin ordeni (1945-yil 24-mart), Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni[5] (1945-yil 24-mart) bilan taqdirlangan[2][3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 11-jild (Qizilqumit — Hoʻrmuz). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 608-bet.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Oʻzbek sovet ensiklopediyasi: 14-jild (Qavchin — Huquq). Toshkent: „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ Bosh redaksiyasi, 1980 — 648-bet.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 „Кадыров Очил“ (rus tilida). 2022-yil 21-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-sentyabr.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 Zinur Bozorov. „Qahramon oʻzbek oʻgloni“. Vatanparvar gazetasi, №9. 13-bet (4-mart 2022-yil). 2022-yil 7-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-sentyabr.
- ↑ „Кадыров Очил“ (rus tilida). 2017-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 1-sentyabr.
- Qoʻshrabot tumanida tugʻilganlar
- 13-martda vafot etganlar
- 1945-yilda vafot etganlar
- Qoʻshrabot tumanida vafot etganlar
- Sovet Ittifoqi Qahramonlari
- Qizil Yulduz ordeni sohiblari
- Jasurlik uchun medali bilan mukofotlanganlar
- Lenin ordeni sohiblari
- Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari
- 1910-yilda tugʻilganlar
- Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini olgan oʻzbeklar