Kontent qismiga oʻtish

Qonuniylik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qonuniylikqonunlar va ularga muvofiq chiqarilgan huquqiy hujjatlarga barcha davlat organlari, mansabdor va boshqa shaxslarning ogʻishmay amal qilishi. Qonuniylik demokratiya va huqukiy davlatnnng elementlaridan biri. Qonuniylikning quyidagi prinsiplari bor: Qonuniylikning birligi (mamlakat hududida qonun va qonunga asoslangan hujjatlar bir xilda tushunilishi va qoʻllanishi); konstitutsiya va qonunlarning ustunligi (barcha normativ va individual \uquqiy hujjatlar konstitutsiya va qonunlar asosida qabul qilinishi hamda ularga zid kelmasligi); inson va fuqaro huquq hamda erkinliklari, burchlarining kafolatlanganligi; Qonuniylikning madaniyat bilan bogʻliqligi (jamiyat aʼzolari yuqori darajada madaniyatli, jumladan, huquqiy madaniyatli boʻlgandagina Qonuniylikka erishish mumkin); Qonuniylikning maqsadga muvofiqligi (qonun va qonun osti) hujjatlari davlat va jamiyatning manfaat, maqsadlariga mos kelishi. Bunda maqsadga muvofiqlilik bilan Qonuniylik oʻrtasida ziddiyat kelib chiqmasligi zarur).

Qonun va qonunga asoslangan hujjatlarga toʻla rioya etishni taʼminlovchi vosita va sharoitlar Qonuniylikning kafolatlari hisoblanadi. Bunday kafolatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy, mafkuraviy, maxsus yuridik jihatlari bor. Jamiyatning iqtisodiy riuvojlanish darajasi, turli shakldagi mulkchilik. jamiyatdagi iqtisodiy erkinliklar Qonuniylikning ijtimoiy-iqtisodiy kafolati boʻladi. Siyosiy hurfikrlilik, koʻppartiyaviylik, davlat tuzumining demokratik tamoyillarga mosligi Qonuniylikning siyosiy kafolatini belgilaydi. Qonun va qonunga asoslangan hujjatlarni tatbiq etish va ularning nazoratini taʼminlovchi samarali mexanizmning mavjudligi Qonuniylikning tashkiliy kafolatidan darak beradi. Aholining huquqiy ongi darajasi, axloqiy tarbiyasi Qonuniylikka mafkuraviy kafolat beradi. Qonuniylikning taʼminlanishi uchun amaldagi qonunchilikda mavjud usul va vositalar maxsus yuridik kafolat vazifasini bajaradi.

Jamiyatda Qonuniylik amalda boʻlgan holdagina huquqiy tartibot oʻrnatiladi.

Olim Xusanooyev.