Qora-ola qoramol zoti
Qora-ola qoramol zoti – sut yoʻnalishidagi qoramol zoti. Rossiyada 18-asrda turli zonalarda urchitilgan mahalliy zotni ostfriz, shved qora-ola va boshqa shunga oʻxshash zotlar bilan chatishtirib chiqarilgan. Ushbu mintaqalarning aksariyatida oʻzining yuqori sifatliligi va raqobatbardoshliligi boʻyicha rayonlashtirilgan zotlar salmogʻida birinchi oʻrinni egallaydi. Jussasi yirik, tanasi uzunroq, terisi qayishqoq, yelini katta. Tusi qora-ola. Buqalarining vazni 850–1000 kg, sigirlariniki 500–650 kg, yangi tugʻilgan buzoqlari vazni 32– 40 kg. Sigirlarining sut sogʻimi 3500–4500 kg (sersut sigirlariniki 15—17 ming kg). Goʻsht mahsuldorligi yuqori (soʻyim chiqimi 54—58%). Nov-voslari 15—18 oyligida 480–550 kg gayetadi. Oʻzbekistonga 1882—85 yillarda olib kelingan. 1930—40 yillardan boshlab ular sof holda urchitilib, 1939-yildan ularni koʻpaytiradigan xoʻjaliklar tashkil etilgan. Mahalliy mollar bilan chatishtirishning dastlabki bosqichlarida "Toshkent atrofi qoraola" tusli mollarning mahsuldor podalari shakllantirilgan. Bu zotni takomillashtirish ijobiy natijalar berdi va Toshkent, Fargʻona, Samarqand va boshqa viloyat xoʻjaliklarida tez tarqaldi hamda rayonlashtirilgan zot deb qabul qilindi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |