Kontent qismiga oʻtish

Qorasovuq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qorasovuq — havoning oʻrtacha sutkalik temperaturasi musbat boʻlgan holda, oʻsimlik qoplami va tuproq usti havo qatlamining 0° va undan ham pasayishi. Bu hodisa yuz berganda barglar sovuq taʼsirida qora tus oladi, shuning uchun bahor va erta kuzda boʻladitan bu sovuqni dehqonlar odatda, qora sovuq deb ataydilar. Q. xavfi uning boshlanish muddati va davomiyligi, shuningdek, oʻsimlik turi, uning navi, rivojlanish fazasi va agrotexnika sharoitlariga bogʻliq. Dala ekinlari Q.larga chidamliliga qarab bir necha ekologik guruhlarga boʻlinadi. Q. toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sovuq xavfi boʻlgan hududlarni belgilash, ekish muddatlarini aniqlash, issiqsevar oʻsimliklarni ratsional joylashtirish masalalarini hal qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish sharoitlarini agroiqlimiy baholash, sovuqning zarariga qarshi tadbirlarni ishlab chiqish va boshqalarda qoʻllanadi. Q. hosilning sifatiga va miqdoriga katta ziyon yetkazadi. Q.lar sovuq havo massalarining boshqa rayonlardan (koʻpincha Arktikadan) kelishi (advektiv Q.) yoki tuproq yuzasi va oʻsimlik qoplamining tungi radiatsion sovishi (radiatsion Q.) natijasida vujudga keladi. Dehqonchilik uchun kech bahorgi Q. (ayniqsa, tuproq yuzasida) juda xavflidir, chunki bu vaqtda vegetatsiya davri boshlangan boʻlib, bunday sovuqlar oʻsimlik maysalarining qattiq shikastlanishiga olib kelishi mumkin (nihollar 0,5 dan — 1,5°da shikastlanadi, barglar qorayib ketadi). Janubiy rayonlarda (40° shim. kenglik janubrogʻida) Q.lar oʻrtacha olganda mart oyining ikkinchi yarmida tugaydi, shimolga borgan sayin uning tugash muddati kechikadi. Bahorda tuproq yuzasidagi eng kechki Q, asosan, may oyining birinchi yarmida kuzatiladi (Ustyurt, 44° shim. kenglikdan shimolroq-da). Q.ning qaysi muddatlarda yuz berishiga joyning relyefi, tuproq yuzasining xususiyati va boshqa omillar katta taʼsir koʻrsatadi. Baland joylarda Q.lar, odatda, kechroq tugaydi. Tuproq yuzasidagi birinchi kuzgi Q. Oʻrta Osiyoning jan. tekislik qismida (40° shim. kenglikkacha) 15 oktabrga qadar kuzatiladi. Shimolga borgan sari Q.ning oʻrtacha yuz berish muddati oktabr oyining boshlariga, Ustyurt platosida esa sentabrning oxiriga suriladi. Havodagi Q., odatda, tuproq yuzasiga nisbatan bir necha kun kechroq kuzatiladi. Oxirgi bahorgi Q. bilan birinchi kuzgi Q. orasidagi davr sovuqsiz davr deb ataladi. Oʻzbekistonda sovuqsiz davrning oʻrtacha koʻp yillik davomiyligi chegaralari juda katta va janubisharqiy qismida eng uzoq davom etadi. Tekisliklarda sovuqsiz davr 150—250, togʻlarda 50—150 kungacha.

Q. boʻlganda ekin maydonlarini isitish uchun turli usullar (tutatish, ekinlarni qogʻoz, plyonka va boshqa materi-allar bilan yopish) qoʻllanadi. Sugorma dehqonchilik mintaqalarida ekinlarni kech bahorgi va erta kuzgi vaqtinchalik Q.dan saqlash uchun dalalar sugʻoriladi. Q. zararini bartaraf etishda sovuqsiz davr qisqa boʻlgan hududlarda ertapishar navlarni ekish, sovuqqa chidamli navlarni yaratish. shuningdek, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazish muhim ahamiyatga ega. Hamidulla Abdullayev.