Kontent qismiga oʻtish

Qurbonlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qurbonlik — xudoga yaqinlashish va uning rahm-shafqatiga sazovor boʻlish uchun xudo yoʻliga jonlik soʻyish. Qurbonlik odati qadimiy zamonlarda koʻp xalqlar va qabilalarda bor edi. Islomdan ilgarigi arablarda qullarni, oʻz farzandlarini qurbon qilish odati boʻlgan. Qurʼonning 108-Kavsar surasida Alloh jannatdagi Kavsar hovuzini ato etgani uchun jonlik soʻyib qurbonlik qilish haqida soʻz boradi. Siyrat Zamzam bulogʻi suvi kamayib turganda Muhammad (sav)ning bobosi Abdulmuttalib suvni koʻpaytirishni xudodan tilab oʻz oʻgʻillaridan birini qurbonlikka atagani haqida rivoyat saqlanib qolgan. Davrlar oʻtishi bilan inson oʻrniga hayvonni qurbon qilish odatga aylangan. Islom dinidagi hadislar rivoyatiga koʻra, Ibrohim alayhissalom (Av-raam) oʻzining chin eʼtiqodini isbotlash uchun oʻz oʻgʻlini qurbon qilishga qaror qilganda Alloh uni toʻxtatib, bolaning oʻrniga qoʻchqor soʻyishni buyurgan. Bu rivoyat Qurʼoni Karimda aytilgan. Ibrohim oʻz oʻgʻlini qurbon qilishga chogʻlanadi (37-sura, 102—107-oyatlar). Islom dinida qurbonlik haj marosimining qatʼiy va majburiy qismlaridan biriga aylangan. Hajda ishtirok etmagan musulmonlar qurbon hayiti kuni imkoniyatiga qarab qurbonlik qilishi lozim hisoblanadi. Qurbonlik uchun soʻyiladigan hayvon — qoʻy, mol, tuya. Bir qoʻyni 1 kishi, qora-mol, tuyani esa bir kishidan to 7 kishigacha bir boʻlib qurbonlik qilishi mumkinligi belgilangan.