Kontent qismiga oʻtish

Radiatsion gigiyena

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Radiatsion gigiyena — radioaktiv moddalar va ionlovchi nurlarning inson organizmiga taʼsirini oʻrganadigan fan, gigiyenaning bir boʻlimi. Radioaktiv moddalar bilan ishlaydigan kishilar va umuman aholini nurlanishdan saqlash uchun sanitariyagigiyena qonunqoidalarini ishlab chiqadi.

R.g. mustaqil fan sifatida 1946-yil (AQShning Tinch okeanda oʻtkazgan yadro quroli sinovidan soʻng) yuzaga keldi. R.g., asosan, ionlovchi nur manbalari boʻlgan korxona yoki muassasalar binosi, hududi va hokazoning dozimetriyasi masalalari bilan shugʻullanadi, radioizotoplar, rentgen apparatlari, gamma nurlar bilan ishlaydigan ishchilarning individual dozimetriyasini nazorat qiladi, mehnat gigiyenasi muammolarini hal qilish va atom sanoati korxonalari, uran, toriy konlari, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik va boshqa sanoat korxonalari ishchilarining radiatsion xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini koʻradi. Shuningdek, tashqi muhit (havo, yer, suv va oʻsimliklar) ni radioaktiv moddalar bilan ifloslanish jarayonlari va bu muhitning aholi sogʻligʻiga, inson nasliga taʼsirini oʻrganadi. Radioaktiv moddalar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-ekspertiza qilish usullarini ishlab chiqadi va radioaktiv chiqindilarni yoʻqotish ustidan sanitariya nazorati olib boradi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil